Toshkent xalqaro aeroportiga xorijdan uchib kelgan fuqaro K.A.ning xatti-harakatlari bojxonachilar e`tiborini tortdi. Ushbu shaxs belgilangan tartibda bojxona ko`rigidan o`tkazildi. Bu haqda Davlat bojxona qo`mitasi axborot xizmati xabar bermoqda
Natijada, ushbu shaxsning yuklari orasida jismoniy shaxslar uchun belgilangan bojxona to`lovlarisiz olib kirish me`yoridan ortiqcha bo`lgan umumiy qiymati 105 million so`mlik, og`irligi 30 kilogrammdan ortiq sabzi urug`lari borligi aniqlangan. Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o`tamiz:
Vazirlar Maxkamasining “O`zbekiston Respublikasi hududini o`simliklar karantinidagi zararli organizmlardan himoya qilish va O`simliklar karantini sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o`tish tartibi to`g`risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi 65-sonli qaroriga asosan o`simliklar karantini nazoratidagi mahsulotlarni olib kirish O`simliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi.