O`zbekistonda eng uzoq davom etgan, ko`lami keng bo`lgan “Ahmadboy ishi”ga nihoyat, nuqta qo`yildi, deya yozdi O`zA.
Bu ishda nafaqat aybdorlar, balki jabrlanuvchilar, guvohlarning ham ro`yxati ancha uzun. Odamlarga etkazilgan zarar miqdori esa barchasidan katta.
“Ahmadboy ishi”ning “bosh qahramoni” barchamizga ma`lum bo`lib ulgurgan chinozlik Ahmadjon Tursunboev.
A.Tursunoboev va uning sheriklarining avvalgi sudida Ahmadboy “Men odamlarga pul bering, deb yalinmaganman va majburlamaganman, ularning o`zlari mablag`i, mulkini menga ixtiyoriy ravishda topshirgan. Menda ayb yo`q”, deb aytgan edi.
Bir qarashda shunday. Odamlarning oson pul topish, boyib ketishga bo`lgan hirsi Ahmadjon Tursunboevni boy qilib yubordi. Biroq, tanganing boshqa tomonida “Birovning haqi” bor edi. Bu haqni unutish ham insofdan emas.
Shu nuqtada ikki tomonning hirsu havasi to`qnash kelib, jinoyatga yo`l ochildi.
Eslatib o`tamiz, “Ahmadboy ishi” bo`yicha ilk sud jarayoni 2018 yil fevral oyida bo`lib o`tgan. Shundan so`ng yana ikki marta – 2019 yil 20 may, 2019 yil 28 oktyabrda A.Tursunboev va uning sheriklariga nisbatan sud hukmlari o`qilgan.
Ish doirasi kengligi, jabrlanuvchilarning shikoyatlari ko`pligi sabab ham bu ish bo`yicha bir necha sud jarayoni bo`lib o`tgan.Navbatdagi to`rtinchi sud 2020 yil 12 fevral kuni, Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyat sudi tomonidan jinoyat ishlari bo`yicha Quyichirchiq tuman sudi binosida bo`lib o`tdi.
Ochiq sud majlisiga Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyati sudining sudyasi Xayriddin Shermuhamedov raislik qildi.
— Sud hukmiga ko`ra, A.Tursunboev Jinoyat kodeksining 68-moddasi 3-qismi “a, v” bandlari bilan aybli deb topildi va unga ushbu modda bilan 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi, — dedi Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov. — Shuningdek, A.Tursunbaevga Jinoyat kodeksining 59-moddasi 8-qismi va 61-moddalari tartibida, tayinlangan jazoga qisman jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyati sudining 2019 yil 28 oktyabrdagi hukmi bilan tayinlangan jazosini qo`shib, uzil-kesil o`tash uchun 1 yil muddatga tadbirkorlik bilan shug`ullanish huquqidan mahrum qilingan holda 14 yil 4 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Ahmadjon Tursunbaevga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining o`talmagan muddati Oliy Majlis Senatining 2016 yil 12 oktyabrdagi “O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining yigirma to`rt yilligi munosabati bilan amnistiya to`g`risida”gi qarorining 6-bandi “b” kichik bandiga asosan to`rtdan bir qismiga qisqartirildi.
Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o`tash belgilandi. Jazoni o`tash muddati 2016 yil 16 iyundan boshlab hisoblanadi. A.Tursunbaevga qo`llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi o`zgarishsiz qoldirildi.
Sudlanuvchilar Tursunboev Ahmadjan Xamitovich, Kuchkarov Olmos Ismailovich, Ibragimov Izatilla Ahmadjonovich, Tursunbaev Murodjon Yuldashevich, Tursunbaev Oybek Bahrom o`g`li, Turdiev Azizjon Izzatillaevich, Shernazarov Hasan Eshmirzaevich, Dushanov Sherzod Shukurjon o`g`li, Soliev Laziz Abdullaevich, Irmatov Shakirbek Salimbekovich, Mamutov Enver Ibragimovich, Toshmatov Ergash Xakimovich, Isoqov Oybek Yusufbekovich, Islamova Nargiza Axmatjonovna, Dadaev Nurutdin Zomonovich va Jo`raev Yunusali Meylievichdan solidar tartibda jabrlanuvchilarga etkazilgan zararlar undirilishi belgilandi.
Sudda manfaatdor taraflarga, mazkur ish yuzasidan kelib chiqadigan har qanday moddiy va ma`naviy zararlarni undirish masalasi bo`yicha fuqarolik sudiga da`vo arizasi bilan murojaat qilish huquqi tushuntirildi.
Shu tariqa “Ahmadboy ishi”ga yakun yasaldi.