AsosiyDunyo

Xitoyda koronavirus bilan bog`liq 10ta qilmish uchun jinoiy javobgarlik belgilandi

'Xitoyda koronavirus bilan bog`liq 10ta qilmish uchun jinoiy javobgarlik belgilandi'ning rasmi

Xitoyda Covid-19 virusini qasddan tarqatish va epidemiya vaqtida tibbiyot xodimlariga shikast etkazganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.

Endilikda yangi turdagi koronavirusni yuqtirib olgani tasdiqlangan shaxslarning karantinda saqlanishga qarshilik ko`rsatishi yoki belgilangan muddatdan oldin karantinni tark etib, jamoat joylariga borishi va jamoat transportidan foydalanishi – «xavfli usullar bilan jamoat xavfsizligiga tahdid solish» deb malakalanadi.

Bunday qilmish infeksiya yuqtirib olgani gumon qilinayotgan shaxslar tomonidan sodir etilsa va ularning bu harakatlari virus tarqalishiga olib kelsa, u holda ularga nisbatan ham xuddi shunday ayblov ilgari suriladi.

Bu haqda Xitoy Oliy Sudi, Bosh prokuraturasi, Jamoat xavfsizligi vazirligi va Adliya vazirligining qo`shma bayonotida aytilgan. Bu haqda Kun.uz xabar berdi.

Ma`lum qilinishicha, XXR Jinoyat kodeksiga asosan, yuqoridagi holatlarda aybdor deb topilgan shaxslarning qilmishi jiddiy oqibatlarga olib kelmasa, 3 yildan 10 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinadi.

Agar qonunbuzarlarning xatti-harakatlari jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarsa, ular 10 yildan ortiqroq muddatga yoki butun umrga qamalishi yoxud o`lim jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Huquq idoralarining qo`shma qarori 10ta qonunbuzarlikka oid bo`lib, epidemiya tarqalishining oldini olish va shu yo`nalishda olib borilayotgan sa`y-harakatlarni nazorat qilish ishlariga xalal berish, virusning qasddan tarqatilishi, tibbiyot xodimlariga ziyon keltirish va qalbaki mahsulotlar savdosi kabilar shular jumlasidandir.

«Bundan ko`zlangan maqsad – yuridik tuzilmalarga qonunlarni to`g`ri qo`llash orqali jinoyatlarga qarshi kurashda yordam berishdir», – deb tushuntirgan XXR Oliy sudi vise-prezidenti Yang Vanming.

Ta`kidlanishicha, so`nggi vaqtlarda Xitoyda bemorlar yoki ularning qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga zarar etkazilgan holatlar uchrab turibdi. Yangi qarorda belgilanishicha, epidemiya davrida tibbiyot xodimlarining niqobini yirtgan yoki ularga qarata tuflagan shaxslarga – agar buning natijasida tibbiyot xodimiga infeksiya yuqadigan bo`lsa – qasddan birovga shikast etkazish ayblovi qo`yiladi.

Shuningdek, virus tarqalishini nazoratga olish bilan shug`ullanayotgan hukumat rasmiylarini qo`rqitish yoki zo`ravonlik ishlatish yo`li bilan ularning xizmat vazifalarini bajarishlariga to`sqinlik qilish davlat xizmatiga to`sqinlik qilish deb baholanadi.

«Epidemiyaga qarshi kurashga jiddiy to`sqinlik qilganlarga qattiq jazo belgilanadi. Ammo qasddan qilinmagan va jiddiy oqibatlarga olib kelmagan xatti-harakatni sodir etgan shaxslar bilan avvalo tushuntirish ishlari olib boriladi», – deya ta`kidlangan bayonotda.

Boshqa yangiliklar