“Jahl chiqqanda aql ketadi”, deyishadi. Biroq har qanday holatga eng to`g`ri echim bu — qonuniy baho.Ammo shunga qaramay, yaqinlar yoki begonalarning shaxsiy hayotiga oid ma`lumotlarni qonunga xilof ravishda yig`ish va tarqatish avj olmoqda...
Voqea Marg`ilonda bo`lib o`tgan. 34 yoshli oila boshlig`i tungi 23:00da uyiga qaytganida, mehmonxonada
24 yoshli bo`ydoq yigitning yarim yalang`och holatda turganini ko`radi. Jahl otiga mingan er uni foto va videotasvirga olib, o`zining xotini hamda yigitning shaxsiy hayoti to`g`risidagi ma`lumotlarni boshqa shaxslarga tarqatadi.
29 yoshli ikki nafar farzandning onasi sudda qilmishiga iqror bo`lmay, u yigitni taksi haydovchisi sifatida tanishi, bir-ikki marotaba uning mashinasida yo`lovchi sifatida yurganini aytgan.
— Uyda farzandlarim bilan o`tirganimda eshik taqilladi. Ochsam, taksi haydovchisi. U uyga kirib, muqaddam menga gap otgani uchun uzr so`radi. Unga oilali ekanimni aytdim. Uydan chiqarib yubormoqchi bo`lganimda erim kelib qoldi. Qo`rqqanidan mehmonxona eshigi orqasiga berkinib oldi. Erim uni topib, ukasini chaqirib, birgalikda uning turli joylariga urishdi. Foto va videoga olishdi. U bilan o`rtamizda hech qanday munosabat yo`q. Erim go`yoki u bilan ishqiy munosabatda bo`lganim haqida asossiz ravishda turli bo`hton gaplarni tarqatib yurdi. Erim meni sharmanda qiluvchi asossiz ma`lumotlarni tarqatib kelgani sababli unga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`radim, — deya ma`lum qilgan u o`z ko`rsatmasida.
"ANChADAN BUYoN ShUBHALANIB KELARDIM"
Oila boshlig`i esa sudda qilmishiga to`liq iqror bo`lgan.
— Tadbirkorman, o`sha kuni yuk olib kelish uchun chiqib ketgandim. Ishim boshqa kunga qolgani sabab uyga qaytsam, mehmonxonada yarim yalang`och holda turgan yigitni ko`rdim. Xotinim uni tanimasligini aytdi. Foto va videoga olganim rost. Yigit xotinim bilan ikki marotaba aloqada bo`lganini aytdi. So`ng ota-onam, qaynotam va profilaktika inspektorini chaqirdim.
Ikkovining munosabatlari haqida voyaga etmagan o`g`lim ham bir necha marta gapirgan. Hatto u xotinimni “jonim” deb chaqirib, o`g`limga bir necha marotaba sovg`alar olib bergan ekan. Shu sabab, uning suratini “telegram”dagi qarindoshlarim bilan ochilgan “gruppa”ga joyladim. O`zim ishlaydigan bozordagilar va o`g`limning o`qituvchisiga ham aytib berganman. Xotinimdan anchadan buyon shubhalanib kelardim. Holatga qonuniy baho berilishini so`rayman.
Sud barcha manbalarga tayanib, mazkur holatga qonuniy baho berdi.
MA`LUMOT UChUN:
MJtKning 461-moddasiga ko`ra, shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to`g`risidagi ma`lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig`ish yoki tarqatish, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
Toshloq tuman ma`muriy sudi tomonidan e`lon qilingan sud qaroriga ko`ra, erga MJtKning 461-moddasi bilan MJtKning 33-moddasini qo`llab, eng kam ish haqining 7 baravari miqdorida 1.419.110 so`m jarima jazosi tayinlandi. Jarima davlat foydasiga undirilishi belgilandi.
O`ZBOShIMChA JAZOLAShGA URINMANG, AKS HOLDA...
Ushbu voqea tafsilotlariga ko`ra, er tomonidan ayoli o`zboshimcha jazolangan, go`yo “samosud” qilgan. So`nggi vaqtlarda bunday yondashuvlar tez-tez uchraydigan bo`lib qoldi: urish, kaltaklash kabi... Aslida bu holatlar bo`yicha qonunchilikda alohida jazo turlari bormi? Yoki shunchaki ma`muriy jazo qo`llanilishi bilan kifoyalanadimi?
Abror AKRAMOV, Toshloq tuman ma`muriy sudi raisi:
— Qonunchilikda aniq bunday harakat uchun javobgarlik tartibga solinmagan. Lekin “samosud” uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun normasini kiritish bo`yicha Oliy sudga taklif berilgan. “Samosud” bilan bog`liq harakatlarni malakalashda shaxsning xavfli qilmishi kimga qaratilgani, qanday vositalar bilan tan jarohati etkazishi, tan jarohatining og`irlik darajasi, jabrlanuvchining shaxsiga nisbatan munosabati, ya`ni ruhiy bosim, haqorat yoki tuhmat qilish kabi holatlarga baho berish orqali jinoiy yoki ma`muriy javobgarlik kelib chiqadi.
“Samosud” harakati davomida shaxs bir nechta jinoyat yoki ma`muriy qilmish sodir etgan bo`lishi mumkin. Masalan, qasddan engil tan jarohati etkazsa, MJtKning 52-moddasi 2-qismi bilan eng kam oylik ish haqining 2 baravaridan 5 baravarigacha jarima yoki o`rtacha og`irlikda jarohat etkazgan bo`lsa, JKning 105-moddasiga ko`ra 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki haqorat qilsa MJtK 41-moddasini qo`llagan holda eng kam oylik ish haqining 20 baravaridan 40 baravarigacha jarima jazo choralari tayinlanishi mumkin.
Xulosa o`rnida...
Aytish mumkinki, voqea “qahramon”i bo`lgan ayolning qilmishini ham oqlab bo`lmaydi. Negaki, erning ko`rsatmasiga ko`ra, voqeaning asl aybdori bo`lgan yigit o`z qilmishini tan olgan. Shunday ekan, qars ikki qo`ldan chiqqan. Er esa o`zining sha`ni uchun mazkur “samosud”ni sodir etgan. Ammo har qanday holatda ham jahlga erk bermay, masalani qonun yo`li bilan hal qilish maqsadga muvofiq. Aks holda go`yo aybsiz aybdorga aylanib qolasiz...
Sadoqat ALLABERGANOVA, jurnalist