1

Firibgarlik va o`g`irlik bir maqsadga qaratilgan ikki jinoyat

Jamiyat 10.03.2020, 17:53
Firibgarlik va o`g`irlik bir maqsadga qaratilgan ikki jinoyat

Mulk va mulkka bo`lgan huquqni jinoiy tajovuzlardan himoya qilishni ta`minlash, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudning asosiy vazifalaridan biri bo`lib hisoblanadi. Shu o`rinda, mulk va mulkka bo`lgan huquqni jinoiy tajovuzdan muxofaza qilishning o`ziga xos xususiyatlarini aniqlash, mazkur turdagi qilmishlar uchun javobgarlik belgilangan qonun normalarini takomillashtirish, mulkni talon-toroj qilish uchun javobgarlik nazarda tutilgan milliy qonunlarga ilg`or xorijiy davlatlar tajribasi va xalqaro standartlar implementasiyasini kuchaytirish, mazkur turdagi jinoyatlar residivining oldini olishning profilaktik choralari va yanada samaraliroq mexanizmini ishlab chiqish, bu boradagi huquqni qo`llash amaliyotini yaxshilash yo`nalish va istiqbollarini tadqiq etish muhim ahamiyat kasb etmoqda...

So`nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiy negizning huquqiy asoslarini mustahkamlashda mulkning muhofazasini kuchaytirishga alohida e`tibor qaratilib, qator maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirildi, mazkur soha ancha takomillashtirildi, o`g`rilik, talonchilik, bosqinchilik, firibgarlikning profilaktikasi samaradorligini oshirish, viktimologik profilaktikani yaxshilash bo`yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Olib borilayotgan targ`ibot tashviqot ishlari natijasida bugungi kunda jinoyatchilik sezilarli darajada kamaygan bo`lsa-da, 2019 yil davomida Mirzo Ulug`bek tumani miqiyosida sodir etilgan jinoyatlarning asosiy qismini firibgarlik va o`g`irlik jinoyatlari tashkil etgan.

Statistik ma`lumotlarga qaraganda, Jinoyat ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tuman sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi firibgarlik, ya`ni aldash yoki ishonchni suiiste`mol qilish yo`li bilan o`zganing mulkini yoki o`zganing mulkiga bo`lgan huquqni qo`lga kiritish jinoyatini sodir etib, sudlangan shaxslar soni 75 tani, Jinoyat kodeksining 169-moddasi, o`g`rilik, ya`ni o`zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish jinoyatini sodir etganligi uchun sudlangan shaxslar soni 90 tani tashkil qilgan.

Bu raqamlar eng ko`p uchrayotgan jinoyat turlari firibgarlik va o`g`irlikni tashkil etayotganligidan darak beradi. Hozirgi kunda bozor munosabatlari sharoitida mulkka tajovuz jinoyatlari ichida firibgarlik va o`g`irlik jinoyatlarining o`sish tendensiyasi kuchayib bormoqda. Xo`sh, firibgar kim, u o`zini qanday ko`rinishlarda namoyon etadi va o`g`irlik jinoyatini sodir etishga qanday shart-sharoitlar sabab bo`lmoqda?

Biz bir-biriga ishonadigan, suyanadigan, ko`mak so`rab kelganga elka tutadigan xalqmiz. Firibgarlar esa xalqimizning ana shu ishonchlarini suiste`mol qilishmoqda. Oqibatda esa fuqarolar boshqalardan firibgarlarni ajratolmay, ularning aldovlariga uchib qolishmoqda.

Firibgarlar bilib turib haqiqatga to`g`ri kelmaydigan ma`lumotlarni boshqa birovga tegishli bo`lgan moddiy qimmatliklarni qo`lga kiritish uchun to`qib chiqarishadi. Mulkning egasiga ma`lum qilinishi lozim bo`lgan haqiqiy faktlarni yashirib, yanglishtirishga qaratilgan harakatlar amalga oshirishadi. Firibgar o`zganing mulkini yoki mulkka bo`lgan huquqini aldash yoki ishonchini suiste`mol qilish yo`li bilan qo`lga kiritadi. Bunda mulkdor o`z mulkini yoki mulkka bo`lgan huquqini aldanishi oqibatida firibgarga berib qo`yadi. Yoki unga ushbu mulkni egallashga imkoniyat yaratib beradi. Firibgarlikda ishonchni suiste`mol qilish deganda esa, aybdorning mulkning boshqa egasi yoki mulkning uchinichi shaxslarga berib yuborish to`g`risida qaror qabul qilishga vakolatli boshqa shaxslar bilan ishonchli munosabatlardan g`arazli maqsadlarda foydalanishi tushunilishi lozim. Bunday holatga turli xil holatlar, aybdorning xizmat mavqeyi yoki jabrlanuvchi bilan shaxsiy yoki qarindosh urug`lik munosabatlari sabab bo`lishi ham mumkin. Firibgarlik uchun javobgarlik jinoyat kodeksining 168-moddasida ko`zda tutilgan. Bu jinoyat sodir etilganida jabrlanuvchining arizalariga asosan surishtiruv boshlanib, dastlabki tergov organlari tomonidan jinoyat ishi qo`zg`atilishiga asos bo`ladi. Bunda qancha miqdorda molk mulkini qo`lga kiritishi ahamiyat kasb etmaydi. Chunki barcha ko`rinishlarda javobgarlik belgilangan. Lekin miqdordan kelib chiqib Jinoyat kodeksining 168-moddasiga asosan jazo tayinlanadi. Bu moddaning 1-qismida miqdor ahamiyatga ega emas. Qancha bo`lishidan qatiy nazar javobgarlik belgilangan. 2-qismida o`zganing ancha miqdordagi mol-mulkini ya`ni eng kam ish haqiring 100 baravaridan 300 baravarigacha, 3-qismida esa 300 baravaridan 500 baravarigacha, 4-qismida 500 baravar va undan ortiq miqdorda qo`lga kiritilish hollarida yuzaga kelishi nazarda tutib o`tilgan. Jazo shundan kelib chiqib tayinlanadi.

Firibgarlikning qurboni bo`lib qolishga avvalombor, huquqqiy ong va huquqiy madaniyatning etishmasligi sabab bo`ladi. Keyingi paytlarda farzandlarini pora evaziga o`qishga joylab qo`yishni istagan ota-onalar firibgarlar domiga tushib qolishmoqda. Bunda o`zaro bog`lanib keluvchi jinoyat sodir etilishi kuzatiladi. Chunki avvalombor, pora berishning o`zi jinoyat, pora oluvchi va o`rtadagi vositachi ham jinoyat qilayotgan shaxsga kiradi. 

Jinoyat kodeksining 211-moddasida pora bergani uchun jinoiy jazo belgilangan. Agar pora beruvchi shaxs o`zining qilmishini noto`g`riligi anglab pora bergan kunidan 30 kun ichida huquqni himoya qilish organlariga ariza bilan murojaat qilsa u jinoiy javobgarlikdan ozod qilinadi. Biroq amaliyotda kuzatish mumkinki, firibgar shaxslar shu holatlardan ham uddaburonlik bilan chiqib ketishmoqda. Chunki pora bersayu, huquqni himoya qilish organlariga murojaat qilmasdan oradan 30 kun o`tsa pora beruvchining o`zi ham javobgar hisoblanadi. Pora predmeti aybdordan undirilgandan keyin davlat hisobiga o`tkaziladi. Tajribamda o`qishga kirolmay, firibgar bilan avtobusda tanishib qolib, uning gapiga uchgan, o`qishga kiritib qo`yishi uchun 6 ming AQSh dollari pora bergan yigitning ishini ko`rganman. Tabiiyki, yigitning ota-onasi qarz-havola qilib shu pulni ularni ishontirgan eng qizig`i hayotda birinchi marta ko`rib turgan odamga bergan. Natijada esa, firibgardan undirilgan pul davlat hisobiga o`tkazildi. Chunki pora beruvchi vaqtida huquqni himoya qiluvchi organlarga murojaat etmagan. 

Bugungi kunda shuningdek, boshqa davlatlarda mehnat qilish ko`paygan. Bu holatlarda ham firibgarlarning domiga tushib qolish kuzatilyapti. Ayniqsa, boshqa davlatlarga olib borib ishlatish va mehnat haqini bermasdan aldab ketish natijasida, odam savdosi va majburiy mehnatga jalb etish jinoyatlari yuz bermoqda. Bu holatlarda ham ayrim fuqarolar qaerga murojaat etishni, qay tartibda ish ko`rishni bilishmaydi. Agar fuqarolar shunday holatga duch kelgan bo`lsa, o`z xududidagi huquqni himoya qilish organlariga ya`ni ichki ishlar boshqarmasi yoki prokuroturaga bu haqda ariza bilan murojaat etiladi. Ariza asosida Jinoyat kodeksining 135-moddasida ko`rsatilgan odam savdosi yoki majburiy mehnatga jalb etishga oid jinoyati uchun jinoiy ish qo`zg`atiladi. Natijasi bo`yicha sudda ish ko`rib chiqiladi.

Endi shu o`rinda qisqacha o`g`irlik jinoyatini sodir etish sabablari va shart-sharoitlari hamda huquqiy oqibatlariga to`xtalib o`tsak.

Amaldagi Jinoyat kodeksining 169-moddasi birinchi qismida o`g`irlik, ya`ni o`zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilganlik uchun — eng kam oylik ish ha­qining ellik baravarigacha miqdorda jarima yo uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolash nazarda tutilgan. Ushbu moddaning ikkinchi qismida kissavurlik uchun jazolar ko`zda tutilgan. Xususan, ancha miqdorda, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, uy-joy, omborxona yoki boshqa xonaga g`ayriqonuniy ravishda kirib, o`g`irlik jinoyati sodir etgani uchun — eng kam oylik ish haqining uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yo ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Shu moddaning 169-moddasi uchinchi qismida esa, takroran yoki xavfli residivist tomonidan, kompyuter tizimiga ruxsatsiz kirib, ko`p miqdorda, neft quvurlarida, gaz quvurlarida, neft va gaz mahsulotlari quvurlarida o`g`irlik jinoyati sodir etganlik uchun besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi mustahkamlangan.

Milliy qonunchiligimizda bunday qat`iy jazo choralari belgilangani bejiz emas, albatta. Zero, o`g`irlik jinoyatining og`irligi, shu bilan birga, sudlanuvchining jamiyat uchun ijtimoiy xavflilik darajasi alohida inobatga olinishi shuni taqozo etadi.

Xo`sh, o`g`irlik jinoyatlarini sodir etilishiga nima sabab bo`lmoqda? O`g`rilik jinoyatining sabab va shart-sharoitlari tahlil qilinganda, ularning sodir etilishiga quyidagilarni, ya`ni fuqarolar uchun etarli ish o`rinlari mavjud emasligi, oylik ish haqining etarli darajada emasligi, aholining huquqiy ongi va madaniyati darajasining pastligi, ayniqsa yoshlarda engil yo`llar bilan pul topish istagining yuqoriligi, alkogolizm va boshqa salbiy illatlarning tarqalganligi, mulkning qarovsiz qoldirilishi, oilada, mahallada o`zaro ta`sir ko`rsatishning etarli emasligi sabab bo`layotganligini kuzatish mumkin.

Jinoyatlar tahlili yana shuni ko`rsatadiki, o`g`irlik jinoyatlari asosan muqaddam sudlanib, o`ziga tegilshi xulosalar chiqarmagan shaxslar tomonidan, bir guruh bo`lib oldindan til biriktirib, uy-joy, omborxona yoki boshqa xonaga g`ayriqonuniy ravishda kirib, takroran sodir etilmoqda.

Xulosa o`rnida shuni aytish lozimki, firibgarlik natijasida ham, o`g`irlik tufayli ham u yoki bu shaxs, fuqaro jabr ko`radi. Qonun himoyachilarining sa`y-harakatlari bilangina o`sha shaxslarning buzilgan huquqi tiklanadi. Sizu biz yanada hushyor va ogoh bo`lsak, bunday manfur qilmishlarning payi qirqiladi. Eng muhimi, birovning haqi hech qachon boshqa birovga buyurmasligini unutmaslik kerak.

Farrux TURAXODJAEV, jinoyat ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tuman sudi sudyasi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1