Andijon va Surxondaryo viloyatlarida Soliq boshqarmalarining bosh inspektorlari korrupsiyaviy jinoyatlar bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati Darakchi.uz’ga ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Andijon viloyati Soliq boshqarmasining Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash – xizmat ko‘rsatish bo‘limi bosh inspektori Oltinko‘l tumanida faoliyat yurituvchi radio va teleapparaturalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJdan soliq tekshiruvini o‘tkazmaslik evaziga 3000 AQSH dollari talab qilgan.
U avvalroq MCHJ rahbaridan 500 dollar olgan, qolgan 2500 dollarni olgan paytda esa DXX va IJQKD xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Surxondaryo viloyatidagi holat ham shunga o‘xshash. Viloyat Soliq boshqarmasining Soliq organlari faoliyati ustidan nazorat qilish bo‘limi bosh inspektori Jarqo‘rg‘on tumanidagi mototsikl va ehtiyot qismlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJga tekshiruv qo‘yish bilan qo‘rqitib, u tekshiruvni o‘tkazmaslik uchun 2500 dollar talab qilgan va uni olgan vaqtda DXX va Prokuratura organlari tomonidan ushlangan.
Har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.