BBC xabariga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp Braziliyada ishlab chiqarilgan mahsulotlarga 50 foizlik import boji joriy etilishini ma’lum qildi. Avval bu boj 10 foiz bo‘lgan edi. Tramp bu qarorini ijtimoiy tarmoqda e’lon qilgan va Braziliyaga rasmiy maktub yuborgan.
Maktubda Tramp Braziliya hukumatini “AQSH texnologiya kompaniyalariga hujumlar”, “so‘z erkinligiga to‘sqinlik qilish” va “erkin saylovlarga bosim o‘tkazish”da ayblagan. U, shuningdek, braziliyalik rasmiylarni ijtimoiy tarmoqlarga senzura o‘rnatishda va Ilon Maskning X platformasini bloklaganlikda ayblagan.
Ma’lumot uchun, Braziliya hukumati 2022-yilgi prezidentlik saylovlarida noto‘g‘ri axborot tarqatayotgan hisoblarni o‘chirishga qarshilik ko‘rsatgani uchun X platformasini vaqtincha cheklagandi. Yaqinda esa Oliy sud tarmoqlarni foydalanuvchi kontentiga javobgar deb topdi.
Tramp, ayniqsa, sobiq Braziliya prezidenti Jair Bolsonaruga nisbatan davom etayotgan sud ishini “xalqaro sharmandalik” deb atab, sud jarayonini to‘xtatishni talab qilgan. U Bolsonaruni “juda hurmat qilishi”ni aytgan.
Lekin Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva Trampning bayonotlariga keskin munosabat bildirdi. “Hech kim qonundan ustun emas”, — dedi u. Lula, shuningdek, Trampning boj qaroriga javoban chora ko‘rilishini ham aytib o‘tdi.
Tramp bu hafta Yaponiya, Janubiy Koreya va Shri Lanka kabi davlatlarga ham yangi boj stavkalarini joriy etgan, ammo Braziliyaga yuborilgan maktub boshqalardan keskinroq bo‘lgan.
Ayni paytda Tramp va Lula o‘rtasidagi bu siyosiy tortishuv AQSH—Braziliya munosabatlarini keskinlashtirib yuborishi mumkin.