Bugun, 15 mart kuni Vazirlar Mahkamasida O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligida o`tgan yig`ilishda COVID-19 koronavirus kasalligining ilk holati aniqlangani sababli 2020 yilning 16 martidan e`tiboran O`zbekistonda barcha xorijiy davlatlar bilan avia-avto-qatnovlar to`xtatilishi va barcha ommaviy tadbirlar bekor qilinishi ma`lum qilindi. Shu munosabat bilan O`zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi rasmiy ma`lumot berdi.
Ma`lumotlarga ko`ra temir yo`l orqali yo`lovchi tashishga uch kun davomida ruxsat beriladi. Ushbu qaror ayni vaqtda Rossiya va boshqa davlatlarda bo`lib turgan O`zbekiston poezdlarining qaytib kelishi bilan bog`liq.
"Shu munosabat bilan ayni damda O`zbekiston Respublikasi hududida bo`lib turgan xorijiy sayyohlar tartib bilan, maxsus reyslar orqali o`z yurtlariga qaytarilishini ma`lum qilamiz. O`z o`rnida, hozirda chet davlatlarida bo`lgan O`zbekiston fuqarolari ham maxsus reyslar bilan mamlakatimizga qaytariladi. Ularning barchasi ma`lum muddat karantin rejimida bo`ladi. Turizm sohasida faoliyat yurituvchi biznes vakillaridan bunday vaziyatda vahimaga tushmaslikni so`rab, barcha masalalar O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan birga hamjihatlikda hal qilinishini ma`lum qilamiz", deyiladi xabarda.
#vahimasizkarantin #karantinbezpaniki