TIV Qozog`istonda bo`lib turgan yoki ushbu mamlakatga tashrif buyurmoqchi bo`lgan O`zbekiston fuqarolariga ogohlantirish bilan chiqdi.
Mamlakatimizning Qozog`istondagi Elchixonasi ma`lumotiga ko`ra, “COVID-19” koronavirusining pandemiyasi munosabati bilan 2020-yil 16-mart soat 8.00 dan 15 aprel soat 7.00 gacha Qozog`iston prezidentining farmoni bilan mamlakatda favqulodda holat joriy etildi.
Xususan, farmonda barcha transport vositalari orqali Qozog`iston Respublikasi hududiga kirish, shuningdek, uning hududidan chiqishga cheklovlar belgilangan, Tashqi ishlar vazirligi taklifiga binoan Qozog`iston Respublikasiga tashrif buyurayotgan Qozog`iston Respublikasi va xorijiy davlatlar diplomatik xizmati xodimlari, xalqaro tashkilotlar delegasiyalari a`zolari bundan mustasno.
Hujjatga ko`ra yirik savdo ob`ektlari faoliyati cheklanadi, savdo-ko`ngilochar markazlar, kinoteatrlar, teatrlar, ko`rgazmalar va boshqa omaviy to`planish obyektlari vaqtincha to`xtatiladi, tomosha, sport va boshqa ommaviy tadbirlarni, shuningdek oilaviy va xotira tadbirlarini o`tkazish taqiqlanadi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Tashqi ishlar vazirligi vatandoshlarga vaqtincha, shu jumladan tranzit orqali Qozog`istonga bormaslikni tavsiya qiladi va Qozog`istonda bo`lib turgan O`zbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatimizning Nur-Sulton shahridagi Elchixonasiga (Nur-Sulton shahri, Aqmo`la, Shimoliy Qozog`iston, Pavlodar, Qostanay va Qarag`anda viloyatlari, tel.: +7-717-295-45-87, +7-777-218-20-10 (Telegram, Whasapp, Imo); Aqtau shahridagi Bosh konsulxonaga (Aqto`be, Atirau, G`arbiy Qozog`iston va Mangistau viloyatlari, tel.: +7-29-277-71-17, +7-777-599-00-50, +7-777-599-00-51); Olmaota shahridagi Bosh konsulxonaga (Olmaota shahri, Chimkent shahri, Olmaota viloyati, Sharqiy Qozog`iston, Turkiston, Jambil va Qizil-O`rda viloyatlari, tel.: +7-727-299-20-70, +7-727-390-26-16) murojaat qilishlari mumkinligini eslatadi.