Turkiyada koronavirus haqida yolg`on ma`lumot tarqatgan 24 kishi hibsga olindi. Bu haqda RIA Novostiga tayanib Qalampir xabar qildi.
Ma`lumotlarga ko`ra, ijtimoiy tarmoqlarda virus haqida noto`g`ri va provokasion xabarlarni yuborgan 137 kishi aniqlangan. Ulardan 24 nafari hibsga olingan. Boshqa gumondorlarni qidirish davom etmoqda.
Voqealar yuzasidan Anqara prokuraturasi "Rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish" va "Aholini qo`rqitish va vahima qo`zg`ash tahdidi" moddalari bo`yicha tergov boshladi. Ayni paytda Turkiyada koronavirus infeksiyasining 98 holati qayd etilgan, bir kishi bu virus sabab vafot etgan.
O`zbekistonda esa koronavirus bilan bog`liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan. Ayni vaqtda bemorlar soni 15 nafarni tashkil etmoqda.
O`zbekistonda ham ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari agar koronavisru haqda yolg`on xabarlar tarqatishsa ularga nisbatan chora ko`rilishi aytilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligidan ma`lum qilishlaricha, mamlakatdagi haqiqiy vaziyatni noto`g`ri talqin qilayotgan, aholi orasida vahima keltirib chiqarishga qaratilgan, fuqarolar totuvligini buzish va vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatgan ijtimoiy tarmoqlardagi 33 ta akkaunt aniqlangan. Ulardan 25 tasi xorijiy mamlakatlardagi foydalanuvchilarga, 8 tasi esa O`zbekiston Respublikasi fuqarolariga tegishli ekani ma`lum bo`ldi. Hozirda mazkur fuqarolarning shaxsi aniqlanib, tegishli surishtiruv ishlari olib borilmoqda.