“Agrar va oziq-ovqat sohalarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida” Prezident qarori (PQ–4643-son, 18.03.2020 y.) qabul qilindi. Qarorga muvofiq, Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo`yicha o`rinbosarining asosiy vazifalari belgilandi.
Bosh vazir o`rinbosari, jumladan, qishloq xo`jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo`ljallangan strategiyasida belgilangan islohotlarni samarali amalga oshirishni ta`minlaydi.
Qarorga ko`ra, Bosh prokuratura tuzilmasida qishloq xo`jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi va ularning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishga mas`ul bo`lgan:
• Bosh prokuror o`rinbosari;
• Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlar prokurorlarining o`rinbosarlari;
• Transport prokurorining katta yordamchisi lavozimlari kiritildi.
Shuningdek, ekin maydonlarini o`zboshimchalik bilan egallanishining oldini olish, qishloq xo`jaligi texnikalari holatini nazorat qilish kabi bir qator vazifalarga mas`ul bo`lgan ichki ishlar vaziri o`rinbosari lavozimi joriy etildi.
Bosh prokuraturaning Qishloq xo`jaligi sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi deb qayta nomlandi.
Qaror bilan Ichki ishlar vazirligi Moliya va moddiy-texnika ta`minoti bosh boshqarmasi vazirlik Moliya va moddiy-texnika ta`minoti departamenti etib qayta tashkil etildi.
Qarorga ko`ra, tuman va shahar hokimlari o`z hududidagi qishloq xo`jaligi ekin maydonlarida haqiqiy ahvolni o`rganish uchun Davergeodezkadastr yoki uning hududiy boshqarmalariga uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish bo`yicha buyurtma berish vakolatiga ega bo`ldi.