Livan parlamenti AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan armiya qo‘mondoni Jozef Aunni yangi prezident etib sayladi. Bu qaror Saudiya Arabistoni va AQSHning Aunni faol qo‘llab-quvvatlashi sharofati bilan amalga oshdi. Aun, Vashington va Ar-Riyod bilan yaqin aloqada bo‘lgan shaxs sifatida tanilgan.
Prezident sifatida e’lon qilingach, Aun armiya qo‘mondoni lavozimidan voz kechdi va parlamentga fuqarolik kiyimida kirib kelib, qasamyod qildi.
Aun o‘z nutqida Livan uchun "yangi davr" boshlanishini e’lon qilib, mamlakatni iqtisodiy va siyosiy inqirozdan chiqarishga intilishini ta’kidladi. U shuningdek, "qurol ishlatishni faqat davlat mandati ostida monopoliyalashga" va’da berdi, bu esa Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan shia jangarilari to‘dasi “Hizbulloh”ga qaratilgan aniq ishora bo‘ldi.
"Hizbulloh" Yaqin Sharqdagi eng qurollangan jangovar va tinchlikka rahna soluvchi buzg‘unchi guruh sifatida tanilgan bo‘lib, o‘tgan yilning kuzida Isroil bilan bo‘lgan og‘ir urush, keyinroq esa Suriyada sunniylar hokimiyatni qaytarib olganidan so‘ng uchta mamlakatda ham o‘z ta’sirini yo‘qotdi.
Isroil bilan bo‘lgan jangda berilgan og‘ir zarbalar va o‘tgan yil dekabr oyida Suriya prezidenti Bashar Asad qulashidan so‘ng, "Hizbulloh" o‘ta zaiflashdi va bu guruhni qurolsizlatirish bo‘yicha uzoqdan beri davom etayotgan ichki munozaralarni yangiladi.
AQSH tomonidan vositachilik qilingan sulh kelishuvi shartlariga ko‘ra, "Hizbulloh" Isroil bilan chegara hududidan chekinishi kerak, bu esa uning harbiy imkoniyatlarini yanada zaiflashtiradi. Isroil kuchlari esa yanvar oxirigacha Livan hududidan chiqib ketishi lozim.
Livan armiyasi Isroilga qarshi urushda ishtirok etmagan bo‘lsa-da, sulh kelishuvini amalga oshirishda asosiy rol o‘ynadi.
Yangi prezident Aun, Livanning Isroilga qarshi "mudofaa strategiyasini" "Hizbulloh"siz, muhokama qilishni boshlashga va’da berdi. Shu paytgacha esa Livanda "Hizbulloh"ga Isroilga qarshi jang uchun de fakto harbiy kuch sifatida qaralgan.
"Men boshqaradigan davr Livan davlatining Isroil istilosidan xalos bo‘lishi va uning tajovuzlariga qarshi o‘zi mustaqil javob qaytarish strategiyasi yaratiladigan davr bo‘ladi", degan Aun.
Livan 2022 yil oktyabrida sobiq prezident Mishel Aunning muddatining tugashi bois prezidentsiz qolgan edi. Sobiq prezident eronparast "Hizbulloh" jangarilari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Uning vorisi bo‘yicha uzoq davom etgan muzokaralar eronparast guruhlar aralashuvi bois doimo muvaffaqiyatsiz yakunlanib kelayotgan edi. Bu esa mamlakatdagi demokratik va eronparast lagerlar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarni yana kuchaytirdi.
So‘nggi ikki yil ichida parlamentda prezident saylash uchun 12 ta muvaffaqiyatsiz urinishlar bo‘lib o‘tdi. Nihoyat Aun ikkinchi turda 128 deputatdan 99 ovoz bilan g‘alaba qozondi.
Biroq "Hizbulloh" fraksiyasining a’zolari ham, tashkilot rahbarining aytishicha, ikkinchi turda "milliy birlikni" mustahkamlash maqsadida Aun uchun ovoz berishdi. Bu bilan ular Livan suverenitetni himoya qiluvchi kuch” ekanliklarini ko‘rsatmoqchi bo‘lishdi. Qolaversa shu tarzda o‘ziga xos xushomad qilib, Livanda jon saqlab qolishni rejalashtirishmoqda. Zero Yaqin Sharqdagi boshqa davlatlar Eron manfaatlariga xizmat qiluvchi “Hizbulloh” jangarilarini haydab chiqarmoqda. Ta’kidlash kerak, Livanda prezident lavozimiga odatga ko‘ra maroniy nasroniy saylanishi bo‘lishi lozim, mamlakatdagi konfessional kuchlari muvozanatini saqlash maqsadida shunga kelishib olingan.
Abdulloh Sayyid