Karantinga olinganlarning telefonlari olib qo`yilayotgani to`g`risidagi xabarlar qanchalik asosli?
Ushbu savolga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig`i, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Otabekov javob berdi.
– Birortamiz har qancha o`qimishli bo`lmaylik, biror kitobni telefonchalik ko`p qo`limizga olmaymiz. Zamonamizning bu qurilmasi tanamiz a`zosiga aylanib ketdi go`yo. Lekin telefon orqali kasallik yuqish xavfi juda yuqori va uni ko`pchilik qo`lma-qo`l qilishga o`rganib qolgan. Shu bois bu chora asosli. Ammo shunday qilingan taqdirda ham karantindagilarning tashqi olam bilan muloqot qilishlari cheklab qo`yilmagan, ular uchun maxsus videotelefonlar taqdim etilgan.