Navoiy shahridagi 4-sonli davlat ixtisoslashtirilgan umumta`lim maktabining 10-sinf o`quvchisi Suhrob HAYDAROV bugun butun dunyoni tahlikaga solayotgan koronavirusni aniqlaydigan, uni yuqtirishning oldini olishga qaratilgan dastur ustida ishlayapti.
— Bu dasturimizni “Anti COVID — 19” deb nomladik, — deydi Suhrob o`z ixtirosi haqida. — Bu virusga qarshi degani. Hozir ayfon sistemasi prinsipida ishlaydi. Bunda telefonga o`rnatilgan “Antikoit-19” dasturi koronavirus bilan Sizni oraliqdagi masofani saqlashga SMS orqali ogohlantiradi. Bunda koronavirusga chalingan bemor yaqinlashganda, 5 kilometr masofada telefoningizga SMS kelib, siz orqaga qaytishingiz kerak. Buni hozir android telefonlarga ham tatbiq etish ustida ishlayapmiz.
Suhrob ingliz, rus va koreys tillarini biladi. IT PARK huzuridagi IT CENTERda mentor-spiker vazifasini bajarayotgan Suhrobning eng e`tirofga sazovor yutuqlari 2018 yildan boshlandi. Dastlab, 2018 yilda yosh olimlar klubi hamda yoshlarning innovasion g`oyalarini qo`llab–quvvatlaganligi uchun bir million so`mlik chekka ega bo`ldi. Shundan so`ng muntazam Respublika va xalqaro miqyosidagi turli festival va tanlovlarda yuzlab davlatlar orasida g`olib bo`lib, o`nlab yutuqlarni qo`lga kiritgan yosh ijodkor 2019 yilning 8-10 noyabr kunlari Vengriya davlatining Dor shahrida bo`lib o`tgan “WRO-2019” xalqaro texnik ishlanmalar olimpiadasida ishtirok etib, Osiyo mintaqasida I o`rinni egalladi va Vengriyadagi eng nufuzli universitetga o`qish imtiyozini qo`lga kiritdi.