25 mart kuni Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida “viloyat hokimi keladi”, deya bir guruh fermerlar yig`ilishga chaqirilgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqaldi.
Yuqoridagi holat yuzasidan viloyat hokimi Z.Mirzaev ham o`z fikrini bildirib o`tdi:
— Tumanda qariyb 4 soat yurib, bozorlardagi savdo sotiq, g`alla parvarishi, chigit ekishga tayyorgarlik ishlari bilan tanishdim. 4 joyda to`xtab fermerlar bilan ochiq havoda gaplashdim. Uchrashuv ishtirokchilari tibbiyot niqobida edi. Shu o`rinda, aytish joizki, maqolada joy yoki aloqa o`rnatish uchun aniq shaxs haqida ma`lumot berilmagan. Ya`ni, anonimlik usulida asossiz yozilgan maqolalar aslida ko`rib chiqilmasligi ham mumkin. Ammo, maqolada aytilayotgan holat qachon va qaerda bo`lganligi, hokim nomidan kim topshiriq bergan-bermaganligi holatlarini o`rganishni shaxsan o`zim nazorat qilmoqdaman.
Tumanlarga chiqib sohalarni o`rganish masalasiga keladigan bo`lsam, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta`sirini yumshatish bo`yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to`g`risida” 2020 yil 19 martdagi PF-5969-son Farmonini 26 bandida belgilangan (Hokimliklar koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish choralarining amalga oshirilishi, sanitariya-epidemiologik va tibbiyot muassasalarining uzluksiz faoliyatini ta`minlash ustidan shaxsiy nazorat o`rnatishi, tadbirkorlik sub`ektlari va aholining murojaatlarini tezkorlik bilan ko`rib chiqish, joylarda ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va bandlikni ta`minlash bo`yicha qo`shimcha zaxiralar aniqlanish) vazifalar ijrosini izchillik bilan yaqin fursatlarda ta`minlashdan iboratdir.
Shaxsan o`zim har kuni bitta tumanga chiqib bozordagi narxlar, karantinda saqlanayotgan fuqarolarning ahvoli, kommunal va qishloq xo`jaligidagi muammolar, tadbirkorlar faoliyati bilan bog`liq masalalar bilan yaqindan tanishmoqdaman.
Hozirgi vaziyat talabidan kelib chiqib, viloyat hokimligi, viloyat DXX, Milliy gvardiya, tibbiyot va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari uzluksiz ish rejimiga o`tib ishlamoqda. Maqsadimiz – xalqimiz boshiga tushgan sinovli kunlarni birdamlik bilan engib o`tish!
Yig`ilishlarni viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari bilan videokonferens aloqa va onlayn muloqot tizimi orqali o`tkazmoqdamiz. Fuqarolar va tadbirkorlik sub`ektlari murojaatlarini qabul qilish maqsadida 2 ta maxsus ishchi guruh faoliyati yo`lga qo`yildi.
Koronavirus munosabati bilan, barchaga barobar joriy etilgan cheklovlarni amalga oshirishda bizga ko`makdosh bo`layotgan savobtalab fuqarolarimiz, tadbirkorlar, OAV vakillari va blogerlarga minnatdorchilik bildiraman.