Har qanday demokratik jamiyatda qonun ustuvorligini ta`minlashda asosiy vazifasi boshqa shaxslarning huquqlarini professional tarzda himoya qilish bo`lgan advokatlar muhim o`rin egallaydi.
O`z navbatida advokatlar erkin faoliyat yuritishlari uchun davlat zarur sharoitlarni yaratib berishi, kerak bo`lganda tegishli huquqiy mexanizmlar bilan advokatlar faoliyatini turli tazyiqlardan kafolatlashi lozim hisoblanadi.
Oxirgi yillarda yuritimizda sud-huquq sohasida olib borilgan islohotlar advokatura institutini mustahkamlashga, advokatlarning rolini oshirishga hamda himoya va ayblov taraflari o`rtasida balansni ta`minlashga erishishga yordam berdi.
Kuni kecha Oliy Majlis Senati tomonidan tasdiqlangan qonunda nazarda tutilgan o`zgartirishlar mohiyatan advokatlar dahlsizligini ta`minlashga qaratilgan bo`lsada, ko`pchilik buni teskarisi sifatida qabul qilmoqda. Keling, shu masalani batafsil mulohaza qilib ko`raylik va xulosa qilaylik.
Amaldagi Jinoyat prosessual kodeksida tezkor-qidiruv, surishtiruv, tergovoldi tekshiruv, dastlabki tergov va sud jarayonida barcha ishtirokchilar tomonidan rioya etilishi lozim bo`lgan qoidalarni belgilab beradi. Albatta Jinoyat prosessual kodeksidan tashqari bunday masalalarga oid ayrim qoidalar maxsus qonunlar – “Prokuratura to`g`risida”gi, “Sudlar to`g`risida”gi, “Ichki ishlar organlari to`g`risida”gi, “Davlat xavfsizlik xizmati to`g`risida”gi, “Davlat bojxona xizmati to`g`risida”gi, “Tezkor qidiruv faoliyati to`g`risidagi” qonunlarda ham tegishli tartibda belgilab qo`yilgan.
Xuddi shunday jinoyat prosessiga taalluqli ayrim masalalar “Advokatura to`g`risida”gi va “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to`g`risida”gi qonunlarda ham belgilab qo`yilgan. Mazkur qonunlarda asosan jinoyat prosessining muhim ishtirokchisi hisoblanadigan advokatning faoliyatiga taalluqli qoidalar o`rnatilgan bo`lib, ayrim qoidalar to`g`ridan to`g`ri jinoyat prosessining predmeti, ya`ni mavzusi hisoblanadi.
Shunday mavzulardan biri advokatlik faoliyati bilan shug`ullanuvchi shaxsning jinoyat prosessida gumonlanuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi tarzida ishtirok etishi bilan bog`liq masala hisoblanadi. Albatta, advokatlar orasida ham jinoyat sodir etish holatlari, afsuski, uchrab turadi.
Advokat tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarni fosh etish, bunday holatlar bo`yicha surishtiruv, tezkor qidiruv, tergovoldi tekshiruv va tergov harakatlari amalga oshirish jarayonida huquqni muhofaza kiluvchi organlar rioya etishi lozim bo`lgan alohida qoidalar jinoyat prosessual qonunchilikda o`rnatilgan.
Shu o`rinda savol tug`iladi, nega boshqa oddiy shaxslardan farqli ravishda advokat jinoyat sodir etishi bilan holatlar uchun alohida, maxsus qoidalar o`rnatilgan? Bunga sabab advokat doimiy ravishda ayblov tarafiga, yani huquqni muhofaza qiluv organlar pozisiyasiga teskari pozisiyani bildiradi va shu orqali o`zi himoyasida shaxs huquqlarini ta`minlaydi.
Albatta, bunday sharoitda ayblov tarafida turadigan surishtiruv, tergov, prokuratura idoralari va advokat o`rtasida kelishmovchilik kelib chiqishi ehtimoli yuqori hamda shunday holatlarda advokatlar daxlsizligini alohida choralar bilan ta`minlash zarurati tug`iladi. Aks holda, adolat tamoyili buzilishi mumkin.
Shu maqsadda, qonunlarimizda advokatlar dahlsizligiga oid alohida qoidalar o`rnatilgan.
Endi muhokamaga sabab bo`lgan qonunga to`xtaladigan bo`lsak, “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to`g`risida”gi qonun 1998 yil 25 dekabrda qabul qilingan bo`lib, o`sha paytdayoq advokat daxlsizligini himoya qiladigan qoidalar mazkur qonunning 6-moddasida o`rnatilgan.
Xususan, qonunning 1998 yilgi holatida 6-moddasida belgilanishicha, advokatning mulki yoki shaxsiga nisbatan tergov surishtiruv harakatlari (ya`ni, uy-joyi yoki xizmat xonasiga, shaxsiy yoki foydalanishidagi transportiga kirish, ularni ko`zdan kechirish, tintuv o`tkazish yoki olib qo`yish, uning telefon va boshqa so`zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so`zlashuvlarini eshitib turish, advokatni ko`zdan kechirish va shaxsiy tintuvdan o`tkazish, xuddi shuningdek uning pochta-telegraf jo`natmalarini, unga tegishli ashyolar va hujjatlarni ko`zdan kechirish yoki olib qo`yish, advokatni majburiy keltirish, ushlab turish yoki qamoqqa olish) O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, viloyat prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning sanksiyasi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Keyinchalik, qamoqqa olishga sanksiya berish sudlar vakolatiga o`tkazilgach, mazkur qonunga 2008 yil 31 dekabrdagi qonun bilan o`zgartirish kiritilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi advokatga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, viloyat prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning iltimosnomasiga ko`ra jinoyat ishlari bo`yicha tuman (shahar) sudi tomonidan qo`llanilishi mumkinligi belgilandi.
Keyinchalik prosessual qonunlarga uy qamog`i ehtiyot chorasi turi kiritilgach, xuddi shu mazmundagi o`zgartirish 2016 yil 23 sentyabrdagi qonun bilan yuqoridagi qonunga ham kiritildi.
Kuni kecha Oliy Majlis Senati tomonidan tasdiqlangan qonun bilan advokatlar erkinligini cheklaydigan emas, balki hozirgi kun talabidan kelib chiqib “telefon va boshqa so`zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so`zlashuvlar” tushunchalariga aniqlashtiruvchi o`zgartirish kiritilmoqda. Ya`ni yangi qonun talabiga ko`ra, advokatning har qanday telekommunikasiya vositasi orqali so`zlashuvlari, xabarlarini nazorat qilish Bosh prokuror, viloyat prokurori (unga tenglashtirilgan prokuror) roziligini olish lozim bo`ladi. Bunday holatda, bir tomondan surishtiruv-tergov organlarining prokuror oldidagi, ikkinchi tomondan prokurorning yuqori turuvi prokuror hamda sud oldidagi mas`uliyati oshadi. Chunki, agar prokuror roziligini olgan holda advokat so`zlashuvlarini eshitish jarayonida qonun buzilishiga yo`l qo`yilsa, sud majlisida bu holat aniqlanadi va o`z o`zidan prokuror va surishtiruv tergov organi xodimiga nisbatan chora ko`rilishi olib keladi.
Ko`pchilik internet foydalanuvchilarda bundan buyog`iga yangi qonunga ko`ra huquqni muhofaza qiluvchi organlar advokatlar so`zlashuvini eshitishi mumkin bo`ladi degan noto`g`ri tushuncha tug`ilmoqda. Albatta, bunday holat amaldagi qonun va kiritilgan o`zgartirishni to`liq o`qimaslikning oqibatida va turli shaxslarning noto`g`ri, chalg`ituvchi fikrlari oqibatiga kelib chiqmoqda.
Ta`kidlash joizki, xorijiy mamlakatlar qonunchiligida ham, O`zbekistonda ham jinoyat sodir etgan advokatlarga nisbatan qonunlarda belgilangan choralar qo`llaniladi.
Kiritilayotgan o`zgartirish esa, mana shunday choralarni qo`llash mexanizmini aniqlashtirmoqda, ya`ni bunday hollarda advokat daxlsizligini ta`minlash uchun Bosh prokuror, viloyat prokurori (unga tenglashtirilgan prokuror) sanksiyasini olish talab qilinmoqda. Tasavvur qilaylik, agar yuqoridagi qonunga aniqlashtiruvchi norma kiritilmasa, advokatga nisbatan qanday tezkor qidiruv, tergov choralari qo`llanilishi mumkin bo`lardi.
Xususan, “Tezkor-qidiruv faoliyati to`g`risida”gi qonunga asosan mavzumizga oid uch xil tadbir mavjud:
1) pochta, kurerlik jo`natmalarini, telegraf xabarlarini va boshqa xabarlarni nazorat qilish — tezkor-qidiruv faoliyatining vazifalarini hal etish uchun ahamiyatga ega bo`lgan axborotni olish maqsadida pochta, kurerlik jo`natmalari, telegraf, telefaks, telefonogramma xat-xabarlari va boshqa xabarlarni nooshkora tanlab olish va o`rganishdan iborat bo`lgan tadbir;
2) telefonlar va boshqa so`zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so`zlashuvlarni eshitish — telefon va boshqa aloqa liniyalari orqali olib boriladigan so`zlashuvlarni maxsus texnik vositalardan foydalangan holda nooshkora eshitish, shuningdek qayd etishdan iborat bo`lgan tadbir;
3) aloqaning texnik kanallaridan axborot olish — tezkor-qidiruv faoliyatining vazifalarini hal etish uchun ahamiyatga ega bo`lgan aloqa texnik kanallari orqali uzatilayotgan matnli, grafik axborotni va boshqa axborotni maxsus texnik vositalardan foydalangan holda nooshkora tutib qolish va qayd etishdan iborat bo`lgan tadbir.
Demak, mazkur qonunga ko`ra har qanday xabarlar, turli vositalar orqali olib boriladigan so`zlashuvlar (bular doirasiga qonun mazmuniga ko`ra har qanday qurilmalar orqali amalga oshirilgan xabarlar va so`zlashuvlar kiradi) tezkor qidiruv tadbiri predmeti bo`la oladi va bunday tadbirlar qonun belgilangan doirada advokatlik faoliyati bilan shug`ullanadigan shaxslarga nisbatan ham qo`llanilishi mumkin.
Shu bilan birga, mazkur qonun talabiga ko`ra bunday tadbirlarni amalga oshirish uchun prokuror, ya`ni tuman prokurori (uning o`rinbosari) sanksiya berishi etarli hisoblanadi.
Hozirgi kunda, hammaga ma`lumki telekommunikasiyasi sohasi, ayniq internet juda rivojlanib ketdi, va ko`pchilik oddiy telefon so`zlashuvi o`rniga internet orqali video so`zlashuvlar, ovozli so`zlashuvlardan foydalanmoqda, ovozli va video yozuvli xabarlar bilan almashmoqda. Shunday internet vositalaridan foydalangan holda jinoyat, ayniqsa kiberjinoyat sodir etish holatlari ko`plab uchramoqda. Albatta bunday jinoyatlarni fosh etishda huquqni muhofaza organlari internet orqali turli telekommunikasiya vositalari (smartfon, planshet, kompyuter) orqali qilingan muloqotlarni tekshirishi kerak bo`lsa jinoyatchilarning bunday aloqalarini nazorat qilishi lozim. Agar xorijiy tajribaga qaraydigan bo`lsak, AQSh va G`arbiy Evropa davlatlarida, rivojlan Osiyo mamlakatlarida ham kiberjinoyatchilikni oldini olish va fosh etish uchun telekommunikasiya tarmoqlarini nazorat qilish choralaridan foydalanilmoqda.
Bunday sharoitda, Senat tasdiqlagan qonun advokat daxlsizligiga xech qanday ta`sir o`tkazmaydi, aksincha amaldagi qonunlarni o`zaro muvofiqlashtirish, tushunchalarni aniqlashtirish hamda advokatlik bilan shug`ullanuvchi shaxsga nisbatan tezkor qidiruv tadbiriga sanksiya berishda bitta pog`ona yuqori turuvchi prokuror roziligini olishni o`rnatmoqda.
Fikrimizcha, bu o`z navbatida Bosh prokuror, viloyat va unga tenglashtirilgan prokuror sanksiyasini olish tartibini o`rnatish orqali tezkor qidiruv, surishtiruv, tergov jarayonida qonuniylikni ta`minlash vositasi bo`lib xizmat qiladi.
Yana bir masala, yuqoridagi qonun loyihasini tayyorlash jarayonida Advokatlar palatasi bilan kelishi masalasi. Ma`lumki, Bosh prokuror Konstitusiyaga muvofiq qonunchilik tashabbusi huquqiga ega hamda mazkur huquqni amalga oshirish tartibi “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to`g`risida”gi qonunda batafsil bayon etilgan.
Shu bilan birga, Bosh prokuror qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalayotganda mazkur qonunning 26-moddasiga muvofiq qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritish to`g`risidagi qaror O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan yakka tartibda qabul qilinadi. Ya`ni, boshqa idoralarning fikrlarini inobatga olish talabi belgilanmagan.
Mazkur qonunda, shuningdek “Normativ huquqiy hujjatlar to`g`risida”gi qonunda ham qonun loyihasini Advokatlar palatasi bilan majburiy kelishish lozimligi belgilanmagan, hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga loyiha kiritilganda bunday belgilanmagan. Shu bilan birga, “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to`g`risida”gi qonun 12-moddasida advokatura manfaatlariga daxldor masalalar davlat organlari tomonidan O`zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi ishtirokida hal etilishi belgilangan, ammo yuqoridagi qonundagi masalani bevosita advokatura manfaatlariga daxl qiladi deb aytish qiyin. Ya`ni, masala advokatura manfaatiga bevosita daxl qilmay, balki qonun normasini aniqlashtiruvchi holat hisoblanadi. Balki shu bois, loyiha tashabbuskorlari Advokatlar palatasining fikrini olish shartmas degan xulosa kelishgandir. Lekin fikrimizcha, umuman olganda loyiha tashabbuskori loyiha yuzasidan Advokatlar palatasini fikrini olganda, balki advokatlar masalaga oid boshqa muammolarni ko`tarish imkoniyatiga ega bo`lishardi.
Yuqoridagilardan kelib, Oliy Majlis Senat qabul qilgan qonun bilan kiritilayotgan o`zgartirishni advokatlik erkinligiga cheklovchi qoida deb qarash mutlaqo asossiz hisoblanadi.
N. Jo`raev, huquqshunos