AsosiyShou-biznes

Nabi Rahimov: buyuk aktyor, mehribon ota, bag`rikeng inson

Nabi Rahimov. Bu san`atkorni bilmagan, tanimagan uning ijrosidan zaqlanmagan san`at muxlisini topish mushkul bo`lsa kerak. O`zining ijodiy faoliyati davomida turfa xil obrazlarni maromiga etkazib ijro etish barobarida har bir rolga o`z “muhri”ni bosa olgan bu san`atkorning ma`naviy merosi o`zbek san`atida zalvorli o`rin tutadi.

O`zbek kino, teatr va televidenie san`atining rivojiga o`zining munosib hissasini qo`shgan Nabi Rahimov 1911 yilda Qo`qonda tug`ilgan. Ijodiy faoliyatini ham aynan Qo`qon teatri sahnasida boshlagan. 1926 – 1929 yillarda aktyor vodiyda faoliyat yurtigan bo`lsa,  1930 yildan boshlab to umrining oxiriga qadar O`zbek Milliy akademik drama teatrida mehnat qilgan. O`zbekiston xalq artisti, qator mukofotlar sohibi Nabi Rahimov 1994 yilda Toshkent shahrida vafot etgan.

“San`atning eshigi doim ochiq”

San`at shunday maydon, u hech kimga eshik yopmaydi, lekin hech kimning boshini shunchaki silab ko`kka ko`tarmaydi. Sahnada, ekranda mehnat va iste`dod bilan birga fidoyilik bilangina kutilgan marrani zabt etish mumkin. Masalaning yana bir muhim  tomoni shundaki, san`atkor tomoshabin mehrini samimiyat bilan qabul qilishi va unga xuddi o`zi kabi mehr bilan javob bera olishidir. Nabi Rahimov ana shunday ulug` va e`zozga munosib ijod yo`lini bosib o`tgan. Respublikamizning qaysi bir hududiga bormang, bu insonni bilgan, u bilan bir zum bo`lsa-da, suhbatlashganlar yaxshi so`zlar bilan yodga oladi.

Nabi Rahimov oltmish yildan ziyod ijodiy faoliyati davrida juda ko`p spektakllarda bosh rollarni o`ynab, to`laqonli, betakror obrazlar yaratdi va o`zbek teatr san`atining ulkan arboblari qatoridan munosib o`rin egalladi. Jahon klassikasi durdona asarlaridan  "Otello”da Yago, "Revizor"dagi Xlestakov kabi obrazlarini tomoshabinlar hamon eslashadi. Shuningdek, A.Qahhorning "Shohi so`zana"dagi Qo`ziev, Shayhzodaning “Mirzo Ulug`bek” fojiasidagi  Bobo Kayfiy, O`lmas Umarbekovning “Komissiya”sidagi Said Karimovich kabi turfa xil rollari o`zbek teatrida o`ziga xos maktab vazifasini o`tadi.

“Iste`dodli odam har tomonlama iste`dodli”

Nabi Rahimov kinoda ham samarali ijod qildi. Uning birgina “Maftuningman” musiqali filmidagi obrazini o`zi aktyorlik borasidagi tajribasi, mahorat maktabidan munosib darak beradi. Aktyor "O`zbekfilm" va Markaziy Osiyo respublikalari kinostudiyalarida suratga olingan qirqdan ortiq badiiy filmlarda suratga tushgan. U yaratgan "Stadionda uchrashamiz"dagi Aliev, "Ulug`bek yulduzi"dagi Bobo Kayfiy, "O`tkan kunlar"dagi usta Olim, "Qutlug` qon"dagi Shoqosim, "41-yil olmalari"dagi choyxonachi chol, "Tutqunlikdan qochish"dagi Safar, "Odamlar orasida yakka"dagi Najmiddin, "Abu Rayxon Beruniy"dagi Xo`jandiy, "Kelinlar qo`zg`aloni"digi usta Boqi, "Qon va ter"dagi Seu (Qozoqfilm), "Jo`ra"dagi Jodugar og`a (Qirg`izfilm), "Qutlug` qon"dagi Yormat kabi rollari fikrimizga isbot bo`ladi.

Nabi Raximov nafaqat ekranda, balki kadr orti – dublyajda ham esda qolarli obrazlarni “yaratgan”. Aktyor taniqli rus aktyorlari S.Filippov, V.Basov, A.Papanov ijro etgan rollarga mohirona ovoz berdi.

N.Rahimov "Tabassum" radiojurnalining boshlovchisi va tashkilotchilaridan biri edi. "Tabassum"ni avval u O`zbekiston xalq artisti Amin Turdiev bilan birga olib borgan. Uni minglab radiotinglovchilar maroq bilan tinglab, beqiyos zavq olganlar. U radiospektakllarda xam rollar ijro etar, ba`zi radiopostanovkalarga o`zi rejissyorlik qilardi. S.Axmadning "Turnalar" xikoyasi asosida yaratilgan radiopostanovka uning radiodagi rejissyorlik faoliyatining mahsulidir.

Nabi Raximov komik va dramatik rollarni xam yuksak darajada ijro etadigan noyob ist`dod sohibi edi. Uning hozirgi O`zbek Milliy akademik drama teatri saxnasida o`ynagan rollarini, tomoshabin xamisha olqishlar bilan kutib olgan. Uning ijrosidagi samimiyat, o`ziga xos ovoz tomoshabin qalbini rom etgan. Bu xoll uning kino, televidenie va radiospektakllarda yaratgan obrazlariga ham xos xususiyatdir.

Ustoz san`atkor yillar davomida erishgan muvafaqqiyatlari, tajribasini san`atga kirib kelayotgan yoshlar bilan ham munosib baham ko`rgan. Bir vaqtning o`zida san`atda ham pedagogika sohasida ham salmoqli faoliyat yuritgan. Nabi Raximov 1945-1955 yillarda Toshkent davlat san`at institutida aktyorlik mahorati fanidan dars berib, O`zbekiston xalq artistlari Obid Yunusov, Ergash Karimov kabi iste`dodli san`atkorlarning kamolotida muhim o`rin tutgan.

Ustozni xotirlab

“San`at va hayot saboqlarini bergan ustoz”

San`at Devonov, O`zbekiston xalq artisti:

— Shunday san`atkorlar bor ular bilan yonma – yon ishlash baxti hammaga ham nasib etavermaydi. Nabi Rahimov ana shunday aktyor, havas qilgulik barcha fazilatlarning egasi edi. Biz bu inson bilan bir necha  s`yomkalarda birga bo`lganmiz. O`zbekistonning bir qator hududlarida, Moskva, Hindiston safarlarida hamroh bo`lganmiz. To`g`risi, bu inson men uchun otadek qadrli. Boisi men ulardan nafaqat san`at sirlarini balki hayotiy saboqlarni ham olganman. Ishga nisbatan cheksiz muhabbat barobarida Nabi akada ma`suliyat, hurmat hamisha bo`lgan. Bir filmning  s`yomkasi Samarqandda bo`lgandi. Tushlikka ijodiy guruh oshga birga borishardi. Ikki-uch kun pulim qolmagani uchun tushlikka ular bilan bormadim.  Shunda Nabi aka safda mening yo`qligimni sezgan. Uchinchi kun xonamga kirib keldi. “Nimaga oshga chiqmayapsan”, deb so`radi, men indamadim. Shunda “Puling yo`qligini aytsang bo`ladi-ku”, deb mehr bilan koyib 50 so`m bergan edi... ijodiy guruh katta edi, ammo Nabi akagina mening oshga bormayotganimni sezgan. Bag`rikeng, saxiy inson edi. Rafiqasi ham ustozni benihoya hurmat qilardi, ardoqlardi. S`yomka paytlarda bir necha bor bunga guvoh bo`lganman. Lekin farzandlari Nabi akaning izidan bormadi.

“Ham komediya, ham drama ustasi”

Shuhrat Rizaev, adabiyotshunos:

— Nabi Rahimovning kino va teatr san`atida katta o`rni bor. O`z davrida eng ko`p filmlarda ishtirok etgan aktyorlardan. Komik aktyor sifatida o`ziga xos xususiyatlarini alohida ta`kidlamaslikning iloji yo`q. Bu ijodkor dramatik obrazlarni ham maromiga etkazib ijro etgan. Shu bilan birga har bir obrazni mantiqan ijro davomida izohlashni ham bilardi. “G`ariblar” spektaklida Nabi Rahimov va Sora Eshonto`raeva yaratgan juftlik  teatr san`atidagi yorqin ijrolardan. Nabi aka ijro davomida kulguga moyil xatti-harakatlari bilan cholning dardlarini mahorat bilan ochib bergan. Farzandlaridan ro`shnolik ko`rmay, qariganda ayrilgan chol - kampirlarning bir-biriga intilish sahnalarida aktyor obrazning fojiasini tabassumga hamohang tarzda ochib beradi. Bu ham Nabi Rahimovning katta aktyor ekanligidan dalolat beradi. 1987 yillarda  bir spektaklining muhokamasida ishtirok etganimda Nabi Rahimov bilan muloqot qilganman. Spektakl taqdimotidan keyin muhokamada asarning mantiqan buzilgan joylari borligini, rejissyor  aktyorlarga vazifani etarlicha tushuntirib bera olmaganini asarning avvalgi postanovkasi mukammalroq chiqanini aytganimda Nabi Rahimov mening fikrlarimni alohida tilga olgandi. Keyin ham bir necha marta ular bilan samimiy davralarda uchrashdik. Hozirjavob, samimiy va xushfe`l inson edi.

Sevdo Niyozova tayyorladi

    Boshqa yangiliklar