2019 yilning dekabr oyida ilk bor Xitoyning Uxan shahrida qayd etilgan koronavirus qisqa fursatda dunyoni zabt eta boshladi. Ming afsuslar bo`lsinki, 2020 yil 15 mart kuni O`zbekistonda ham ilk bor ushbu xastalik bemori aniqlandi.
Hozirga qadar koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarilmagan, maxsus profilaktikasi ham yo`q. Koronavirus infeksiyasining yangi turiga antibiotiklar umuman ta`sir qilmaydi, deya ta`kidlamoqda mutaxassislar.
Kasallikni oldini olish uchun faqat muntazam ravishda umumiy gigiena qoidalariga qat`iy rioya qilish talab etiladi. Ayniqsa har bir muloqatdan so`ng qo`lni sovunlab yuvish tavsiya qilinadi, yuvmasdan qo`l bilan yuz, og`iz va burunni ushlash man etiladi. Ushbu profilaktikalarning eng avvalida esa bugun butun dunyo qo`llayotgan tajriba bu — uyda qolishdir.
Ayni paytda talab qilib turilgan ushbu tartib biz uchun cheklov emas aslida, bu bizga berilgan ENG KATTA IMKONIYaT! Biz va bu jamiyat oila davrasi, farzandlar qiziqishi va yaqinlar mehrini unuta boshlagan edik. Bugun bizda ana shular uchun vaqt berildi. Oilaningiz va farzandlaringiz ko`zlariga qarang, ular sizning uyda qolganingiz va ular bilan birga ekanligingizdan qanchalar xursand.
Biz — "Darakchi" jamoasi ham ayni paytda uydamiz va Siz uchun uydan turib ishlayapmiz. Bundan esa avvalo, farzandlarimiz xursand.
"Oyijonim men va siz uchun uyda qolib ishlayapti, siz ham bolalaringiz uchun uyda qoling". Ushbu jumlalar har bir ota-onalarga farzandlar tomonidan aytilayotgan iltimos so`zlaridir, bugun.
Sizchi? Siz qaerdasiz? Ko`chaga chiqib, oilangiz va yaqinlaringiz hayotini xavfga qo`ymayapsizmi?
Agar uyda bo`lsangiz, Siz bugun qahramonsiz, agar ko`chada bo`lsangiz, hozirdan boshlab dunyoni qutqarayotganlar safiga qo`shiling! Siz uyda aslo zerikmaysiz, Biz Sizning zerikishingizga yo`l qo`ymaymiz. "darakchi.uz"ni oching, dunyo va O`zbekiston haqida eng so`nggi ma`lumotlarni bilib boring!
#Siz hozir faqat uyda — oilangiz va albatta DARAKCHI.UZ bilan birga bo’ling!
#BizBirgamiz,BirgalikdaG'olibBo’lamiz.
Farida Egamberdieva, jurnalist.