Ma`lumki, Prezident tomonidan propiska tizimini soddalashtirish bo`yicha Farmon imzolagan edi.
Ushbu farmon tizimni soddalashtirishga qaratilgan bo`lsada, propiska bo`yicha deyarli hech qanday engilliklar berilmaydigan qaror loyihasi ishlab chiqilgan va tanqidlarga uchragani uchun qabul qilinmagan edi.
Bugun propiskaga oid yangi loyiha e`lon qilindi.
Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiev bu loyihada oldingisiga qaraganda xalq uchun yaxshi takliflar berilayotganligini aytmoqda.
Xo`sh, loyiha kuchga kirsa nimalar o`zgarishi mumkin?
- «propiska» tushunchasi bekor bo`lib, o`rniga «ro`yxatdan o`tkazish» tushunchasi kiritilmoqda;
- Toshkentdan uy sotib olayotganda propiskasiz shaxslarga davlat bojining o`ta qimmat stavkasini to`lash haqidagi talablar bekor qilinmoqda;
- birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarni nafaqat o`zi doimiy ro`yxatda bo`lgan manzilga, balki egaligidagi boshqa uy-joyga ham doimiy ro`yxatga qo`yish huquqi nazarda tutilmoqda;
- er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti va bir yil ichida nikoh bekor qilinganda propiska yo`qotilishi haqidagi qoidalar chiqarib tashlanmoqda;
- ilgari Toshkent shahri va viloyatida doimiy ro`yxatga ega bo`lgan fuqarolar qaytib kelganda, ular ushbu hududlarda hech qanday qo`shimcha shartlarsiz qayta doimiy ro`yxatga olinishi mumkin bo`ladi;
- oilaga tarbiyaga olingan (patronat) shaxslar ularning tutingan ota-onasining doimiy yashash joyi bo`yicha ro`yxatga turish imkoniyatiga ega bo`ladi;
Eng muhimi vaqtincha turgan joyi bo`yicha ro`yxatga olish muddati uy-joy egasining roziligi asosida 1 yildan 5 yilgacha uzaytirilmoqda.
- fuqarolarni Toshkent shahri va viloyatida doimiy va vaqtincha ro`yxatdan o`tmasdan yashash muddati 10 kundan 15 kunga o`zgartirilmoqda;
- doimiy yoki vaqtincha ro`yxatdan o`tish fuqaroning xohishiga ko`ra ichki ishlar organlari (1), davlat xizmatlari markazlari (2) yoki Yagona portal (3) orqali amalga oshiriladi hamda uning muddati 3 kundan 1 kunga qisqartiriladi.
- doimiy ro`yxatni rasmiylashtirishda pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga shtamp bosish amaliyotidan voz kechish va buni raqamlashtirish ko`zda tutilmoqda;
- doimiy ro`yxatga olishni rasmiylashtirishda avvalgi yashash joyidan mustaqil ro`yxatdan chiqish tartibi hamda harbiy xizmatga majburlarning doimiy ro`yxatga turishdan oldin va keyin harbiy hisob uchun mudofaa bo`limlariga borish tartibi bekor qilinmoqda.
Muhokama joriy yil 11 aprelga qadar davom etadi.
Ushbu takliflar loyiha, rasman kuchga ega emas. Qonun hamda Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingandan keyingina yuridik kuchga ega bo`ladi.






