"...Amr etdimki, kimki biron sahroni obod qilsa, birinchi yili undan hech nima olmasinlar". Yoxud Amir Temurning odilona siyosatiga yana bir nazar

Mutolaa 09.04.2020, 20:55
"...Amr etdimki, kimki biron sahroni obod qilsa, birinchi yili undan hech nima olmasinlar". Yoxud Amir Temurning odilona siyosatiga yana bir nazar

«Buyuk sohibqiron Amir Temur bobomizning: «Adolat har bir ishda hamrohimiz va dasturimiz bo`lsin!» degan chuqur ma`noli so`zlari har birimiz uchun hayotiy e`tiqodga aylanishi zarur»

Shavkat Mirziyoev.

 

Mamlakatimizda milliy davlatchilikni shakllantirish, farzandlarimiz uchun hech kimdan kam bo`lmagan hayot barpo etish, yoshlarni jismonan, aqlan va ma`nan yuksaltirish borasidagi barcha islohotlar Amir Temur bobomizning dunyoqarashi va tutumlariga mohiyatan uyg`un. Zotan, davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek, Amir Temurni anglash – o`zligimizni anglash demakdir. Amir Temurni ulug`lash – tarix qa`riga chuqur ildiz otgan tomirlarimizga, madaniyatimizga, qudratimizga asoslanib, buyuk kelajagimizni, ishonchimizni mustahkamlash demakdir. 

Ulug` ajdodimiz o`z tuzuklarida «...amr etdimki, kimki biron sahroni obod qilsa yoki koriz qursa, yo biron bog` ko`kartirsa, yoxud biron xarob bo`lib yotgan erni obod qilsa, birinchi yili undan hech nima olmasinlar, ikkinchi yili raiyat o`z roziligi bilan berganini olsinlar, uchinchi yili (oliq-soliq) qonun-qoidasiga muvofiq xiroj yig`sinlar», deb yozadi. Bugun mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilib, tadbirkorlarga keng imtiyozlar berilayotgani Sohibqiron tutumi avlodlari tomonidan hayotga joriy etilayotganining yorqin ifodasidir. 

Zero, buyuk bobokalonimiz Amir Temurning bunyodkorlik sohasidagi tarixiy xizmatlarini, muhtasham imoratu inshootlar qurdirgani, shaharlarni tiklagani, saltanat poytaxti Samarqandni har tomonlama ravnaq toptirgani, saroylar, masjidlar, madrasalar, maqbaralar qurdirgani, shahar tashqarisida bog`-rog`lar va bo`stonlar barpo ettirgani, fan, madaniyat va san`at ahlini o`z homiyligiga olib, ularga izzat-ikrom ko`rsatgani, xalqlarning o`zaro savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalarini yo`lga qo`yishga sharoit yaratgani necha asrlardan buyon avlodlarga buyuk ma`rifatparvarlik namunasi bo`lib kelayotgan bo`lsa, Prezidentimizning bu boradagi ezgu sa`y-harakatlari nafaqat xalqimiz, balki butun dunyoda yuksak e`tirofga sazovor bo`lmoqda.

Sohibqiron Amir Temur buyuk sarkarda sifatida, eng avvalo, o`z armiyasining intizomiga nihoyatda e`tibor bergan. Zero, intizomsiz qo`shinning g`alabasiga ishonib bo`lmasligi, tartib-intizom, jangovar ruhiyatning ahamiyati nechog`li muhimligini to`g`ri anglagan. Uning boy merosi bo`lgan «Temur tuzuklari»da o`qiymiz:

«...men bilan ittifoqi buzilgan toifadagi boshqa amirlarni ham birma-bir holi joyga chorlab, har qaysisi bilan alohida gaplashdim. Bulardan mol-dunyoga hirs qo`ygan ochko`z va ta`magirlariga mol-ashyo va`da qildim, mansab-martabaga, mamlakatlarni boshqarishga ko`z tikkan amalparastlarga qo`lga kiritgan mamlakatlar, viloyatlardan birining hokimligini berdim». 

Bundan tashqari, sipohiylarni ham oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan ta`minlab, shirin so`z, ochiq yuz bilan ularning ishonchini qozonganini, bir xizmatini o`n barobar qilib taqdirlab, dillarini xushnud aylaganini ta`kidlaydi. Zotan, lashkarlardan ko`ngli tinchigan Temur har qanday jangga ildam va ishonch bilan kirisha olgan. «Temur tuzuklari»ni jangu jadal, urush maydoniga kirish va chiqish, qo`shinni saflash, g`anim lashkarlarini sindirish tuzuklari sifatida o`ziga xos harbiy nizom deb qarash joizdir.

Amir Temur lashkarlarining kam yoki ko`pligiga qarab, uning tuzilmasini doim takomillashtirib, jang san`atining yangi tamoyillarini ishlab chiqishni hech qachon kechiktirmaslikni yodda tutgan va buni barcha janglarining muvaffaqiyati deb bilgan. Jang san`atining markazida lashkarlarning intizomi, ruhiy tetikligi, qurol-aslahani ishlatish mahorati va qiyin vaziyatlarda o`ta tezlik bilan tadbirlarni qo`llay olish, lashkarboshilarga nisbatan ishonch hamda mustaqil qarorlar qabul qilishga izn berish taktikasini ham keng qo`llagan.

Sohibqiron lashkarlarning ko`pligi yoki qurol-aslahasining mukammalligi, yordam kuchlarining hozirligi bilan bir vaqtda, janggohning geografik muhiti, relefi va iqlimiga ham katta e`tibor bergan. Temurning jang san`ati doimo o`zgaruvchan va mukammal bo`lganligidan g`animning bir to`xtamga kela olmasligi, uning taktikasini tezda ilg`ab ololmasligi ham dushmanning mag`lubiyatiga sabab bo`lgan.

– Buyuk sarkarda bobokalonimizning hayoti, harbiy-siyosiy faoliyati, jangovar san`ati, vatanparvarlik, xalqparvarlik, mardlik va jasorat fazilatlari biz avlodlarda doim havas va hayrat uyg`otadi, – deydi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi 3-bosqich kursanti Jamshid Po`latov. – Biz Sohibqiron Amir Temur bobomizga munosib avlod bo`lishga, mard, yurtni chin dildan suyadigan inson bo`lishga intilamiz.

Muxtasar qilib aytganda, Amir Temur – xalqimiz tarixidagi butun jahon tamadduniga beqiyos hissa qo`shgan buyuk shaxsdir. Buyuk davlat arbobi va sarkarda sohibqiron Amir Temurning Vatanga sadoqat, el-yurtni ardoqlash, mardlik, fidoyilik va adolatparvarlik kabi yuksak fazilatlari yosh avlod uchun o`rnak bo`lib xizmat qilishini inobatga olgan holda, respublikaning barcha harbiy akademik liseylariga «Temurbeklar maktabi» nomi berilishi ham bejiz emas.

 

 

Farhodjon Xojaev,

O`zbekiston Respublikasi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Akademiyasi o`qituvchisi, kapitan.

Kozimjon Ne`matjonov,

3-bosqich kursanti.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1