AsosiyJamiyat

“Karantin qo`l qovushtirib o`tirish uchun sabab emas. O`zbekistonda “onlayn turizm” rivojlantiriladi — Aziz Abduhakimov

'“Karantin qo`l qovushtirib o`tirish uchun sabab emas. O`zbekistonda “onlayn turizm” rivojlantiriladi — Aziz Abduhakimov'ning rasmi

Bugungi kunda koronavirus bilan bog`liq sokinlik davrida turizm sohasida qanday ishlar olib borilmoqda? Ushbu sohalarni rivojlantirishda qanday yangicha yondashuvlar qo`llanmoqda? Qanday yangi loyihalar rejalashtirilmoqda? Shu va boshqa savollarga O`zbekiston Respublikasi Bosh vazir o`rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi Aziz Abduhakimov javob berdi.

Aziz Abduhakimovning so`zlariga ko`ra, ayni damda yurtimizda karantin va o`z-o`zini izolyasiya qilish rejimi hukmron bo`lsa-da, lekin bu davrda qo`l qovushtirib o`tirish kerak emas, aksincha, ushbu sokinlik davridan unumli foydalanib, sohalarni rivojlantirishda yangidan-yangi usullar va jihozlarni qo`llash lozim. Masalan, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi bugungi kunda "onlayn turizm"ni rivojlantirishni, tadbirkorlar va startaperlarni qo`llab-quvvatlashga oid ishlarni amalga oshirishni boshlab yuborgan. 

Onlayn turizm qanday bo`ladi?

Bu savolga javob berar ekan, Aziz Abduhakimov ayni damda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi va uning huzuridagi Milliy PR markazi O`zbekistonda turizm bo`yicha virtual sayohatlarni amalga oshirish imkonini beruvchi online-tourism.uz saytini yo`lga qo`yish ustida ishlayotganini, bu O`zbekiston bo`ylab virtual sayohat qilish imkonini taqdim etuvchi birinchi platforma bo`lishini ta`kidlagan.

“O`zbekistonda koronavius bilan bog`liq karantin davri tugaganidan keyin turizm sohasidagi startap loyihalar, jumladan innovasion biznes g`oyalar, ayniqsa, yoshlar va ularning sayyohlarga qulaylik yaratishga yo`naltirilgan dasturlarini subsidiyalashtirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, “O`z diyoringni o`zing kashf et” loyihasi doirasida mahalliy aholini audio, foto va video material to`plash jarayoniga jalb etib, shu asosda “Turizm qishlog`i”, “Turizm mahallasi”, “Turizm ovuli” maqomiga ega aholi punktlari reestrini kengaytirish ko`zlanyapti. Shuningdek, “Sayohatingni rejalashtir” aksiyasi o`tkaziladi hamda turizm sohasi sub`ektlari bilan hamkorlikda aholi orasida pandemiyadan keyin O`zbekiston bo`ylab sayohat qilishga oid taklif va onlayn arizalarni qabul qilishni keng targ`ib qilish bo`yicha elektron tizimni rag`batlantirishga doir chora-tadbirlar amalga oshirilishi  rejalashtirilgan”, - deydi A.Abduhakimov.

Boshqa yangiliklar