Xabaringiz bor, O`zbekistonda karantin tartibi joriy etilganidan so`ng, markaziy shaharlarda faqat maxsus ruxsatnoma asosida, ya`ni stikeri bor mashinalargagina harakatlanish uchun ruxsat berildi. Stikersiz avtomobillar aniqlanganda esa jarima qo`llana boshlandi. Ushbu holatga nisbatan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qodir Jo`raev o`z munosabatini bildirdi:
"Ayni karantin payti ayrim yurtdoshlarimizdan bir masalada ketma-ket murojaatlar tushyapti: maxsus ruxsatnoma (stiker)ga ega bo`lmagan avtomobillar Ichki ishlar xodimlari tomonidan jarima maydonchalariga olib borib qamab qo`yilayotgani qanchalik qonuniy asosga ega degan savol bugun (ya`ni 17.04.2020) kun davomida fuqarolarimiz tomoindan bir necha bor ko`tarildi.
Hozirgi kunda biz Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ushbu masalani chuqur o`rganishga kirishdik. Ko`pchilik deputatlarning dastlabki fikri quyidagicha:
Birinchidan, O`zR Ma`muriy javobgarlik kodeksi 54-moddasiga muvofiq huquqbuzarga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirib, jarima qilish va uyiga qaytishga majburlash kifoya qiladi. Stikersiz avtomobilni jarima maydonchasiga olib borib qamab qo`yish qonunchiligimizda ko`zda tutilmagan.
Ikkinchidan, sodir etilgan har bir huquqbuzarlik uchun milliy qonunchiligimizda bitta javobgarlik belgilangan bo`lib, fuqaroni ikki marta jazoga tortish ana shu adolatli prinsipga to`g`ri kelmaydi.
Uchinchidan, karantin davrida yurtdoshlarimiz ishsiz, daromadsiz qolgan bir paytda ularning turmushini yanada murakkablashtirish qanchalik to`g`ri? Biz gaykani haddan tashqari burab qo`ymayapmizmi? Shundog` ham karantindan qiynalayotgan fuqarolarimizga bu juda og`irlik qilmaydimi?!
Albatta, karantin sharoitida kasallik ommaviy tarqalmasligi uchun biz albatta qattiqqo`l bo`lishimiz kerak, lekin me`yorni (ham huquqiy va ham insoniy ma`nodagi me`yorni) unutmagan holda!" — deya xulosa qilgan deputat.
Eslatib o`tamiz, Respublika maxsus komissiyasining yangi qarori e`lon qilindi. Unga ko`ra, O`zbekistonda karantin muddati 10 mayga qadar uzaytirildi.