AsosiyJamiyat

Sudya bahsga aralashdi: Transport vositalarini ushlab turish asoslari va tartibi qanday?

'Sudya bahsga aralashdi: Transport vositalarini ushlab turish asoslari va tartibi qanday?'ning rasmi

So`nggi kunlarda keng jamoatchilik tomonidan mamlakatimizda joriy etilgan karantin holatida O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 54-moddasida nazarda tutilgan ma`muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslarning transport vositalarini ushlab turilishi, karantin holati rasman bekor qilinguniga qadar jarima maydonlarida saqlanishi qonuniyligi yuzasidan qizg`in bahs-munozaralar davom etyapti. Xo`sh, mazkur munosabatlar qonun bilan tartibga solinganmi, transport vositalarini ushlab turish qanday asoslar mavjud bo`lganida va qaysi vakolatli organ tomonidan qo`llaniladi, ushlab turishning muddatlari va huquqiy oqibatlari qanday degan asosli savol yuzaga kelib chiqadi? Ushbu mavzuda Farg`ona viloyati Toshloq tuman ma`muriy sudining raisi Abrorxon Akramovning  fikr mulohazalari UzA  e`lon qilindi.

O`bekiston Respublikasida ma`muriy huquqbuzarliklar 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksi bilan tartibga solinadi. Mazkur kodeks qanday qilmish ma`muriy huquqbuzarlik ekanligini va uning qanday jazoga sazovorligini, shuningdek, javobgarlikka tortishning asoslari, mezonlari va o`ziga xos taraflarini belgilab beradi. 

Kodeksning 1-moddasiga ko`ra, ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi qonun hujjatlari ushbu Kodeks, O`zbekiston Respublikasi qonunlari, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, Qoraqalpog`iston Respublikasi qonunlari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesining va Vazirlar Kengashining qarorlari, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlaridan iboratdir. Bu nima degani? Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi qonun hujjatlarini tartibga solish yuqoridagi normativ hujjatlar bilan belgilanadi. Bu erda birinchi navbatda ustunlik kodeksning o`ziga berilgan. Kodeks bilan yaxlit tartibga solinmagan yoki huquqbuzarligi to`g`ridan-to`g`ri ko`rsatilmagan qilmish moddada nazarda tutilgan boshqa normativ hujjatlar bilan tartibga solinishi mumkin. Lekin bu erda o`ziga xos jihat mavjud bo`lib, bu ushbu qo`shimcha tartibga soluvchi normativ hujjatlarning eng avvalo Konstitutsiya va Kodeksga zid kelmasligi. Misol uchun, kodeksning 49-moddasi mehnat va mehnatni muhofaza qilish to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzish uchun javobgarlikni belgilaydi. Lekin, bu erda mehnat qonunchiligini aynan qanday tarzda buzilishi uchun javobgarlik qo`llanishi ko`rsatilmagan. Mana shu erda boshqa normativ huquqiy hujjatlardagi qonunchilikka murojaat qilinib, mehnat qonunchiligi tartibi buzilgan yoki buzilmaganiga baho beriladi. 

Ma`muriy huquqbuzarlik o`zi nima? Ma`muriy huquqbuzarlik deganda qonun hujjatlariga binoan ma`muriy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan, shaxsga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, mulkchilikka, davlat va jamoat tartibiga, tabiiy muhitga tajovuz qiluvchi g`ayrihuquqiy, aybli (qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida) sodir etilgan harakat yoki harakatsizlik tushuniladi. 

Kodeksga ko`ra, ma`muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan ma`muriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun jarima, ma`muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo`lgan ashyoni haqini to`lash sharti bilan olib qo`yish, ma`muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo`lgan ashyoni musodara qilish, muayyan shaxsni unga berilgan maxsus huquqdan (transport vositasini boshqarish huquqidan, ov qilish huquqidan) mahrum etish, ma`muriy qamoqqa olish va chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarni O`zbekiston Respublikasi hududidan ma`muriy tarzda chiqarib yuborish ma`muriy jazo choralari qo`llanilishi mumkin. Ushbu jazolar qonunchilikda belgilangan qat`iy jazolar hisoblanadi va bularni boshqacha tarzda yoki ko`rinishda tatbiq etib bo`lmaydi. O`zbekiston Respublikasi yuqoridagilardan boshqa ma`muriy jazo choralari (qonunda nazarda tutilgan tibbiy yo`sindagi majburlov chorasidan tashqari) mavjud emas.


 

Ma`muriy jazo ma`muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni qonunlarga rioya etish va ularni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, shuningdek ana shu huquqbuzarning o`zi tomonidan ham, boshqa shaxslar tomonidan ham yangi huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish maqsadida qo`llaniladi. Ya`ni, jazo bir vaqtning o`zida o`ziga xos profilaktika tadbiri ham hisoblanadi. 

O`zbekiston Respublikasining 2020 yil 26 martdagi “O`zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-prosessual kodekslariga hamda O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi O`RQ-613-sonli Qonuni bilan O`zbekiston Respublikasi MJtKning 54-moddasi yangi tahrirda bayon qilindi.

Moddaning birinchi qismiga ko`ra, karantinli va inson uchun xavfli bo`lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo`lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joyida niqobsiz bo`lganlik uchun ma`muriy javobgarlik belgilanib, ushbu qilmish uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda jarima solish jazosini qo`llanishi nazarda tutildi. 

Moddaning ikkinchi qismiga ko`ra, karantinli va inson uchun xavfli bo`lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo`lishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish, shu jumladan karantinli va inson uchun xavfli bo`lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo`lishi hamda tarqalishi sharoitida shifoxonadagi ichki tartibga rioya etmaslik, davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan o`tish va davolanish, karantinni o`tash uchun belgilangan joylarga etib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqish xavfi mavjud bo`lgan davrda muloqotda bo`lingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi ma`lumotlarni oshkor qilish to`g`risidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik uchun javobgarlik belgilanib, bu qilmish uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o`ttiz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o`ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solish mumkin bo`ladi. Mazkur moddaning har ikki qismida ham boshqacha tarzdagi jazo nazarda tutilmagan. Tranpsort vositalarini belgilangan hududlarda stikersiz boshqarilishi mumkin emasligi karantinli va inson uchun xavfli bo`lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo`lishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalar sirasiga kiradi. Bu maxsus komissiya tomonidan belgilab berilgan. Mana shu holatni maxsus komissiyaning qarorida belgilanishi yuqorida tushuntirish berilgan Kodeksning 1-moddasi doirasida qabul qilingan. Ya`ni, kodeksda to`g`ridan-to`g`ri stikersiz avtomashina boshqarganlik uchun javobgarlik ko`rsatilmagan bo`lib, bu holat maxsus komissiya qarori bilan tartibga solingan.

Kodeksning 242-moddasida, “Ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi ishlarni:

1) tuman (shahar) ma`muriy sudlari, iqtisodiy sudlar, fuqarolik ishlari bo`yicha sudlar;

3) voyaga etmaganlar ishlari bo`yicha tuman (shahar) idoralararo komissiyalari;

4) ichki ishlar organlari (mansabdor shaxslari), davlat inspeksiyasi organlari (mansabdor shaxslari) va ushbu Kodeks bilan vakolat berilgan boshqa organlar (mansabdor shaxslar) ko`rib chiqadilar” deb belgilab qo`yilgan. Bu vakolatli organlar tasnifi kodeksda alohida, bittama-batta ajratib berilgan bo`lib, boshqa organlar degan tushunchani keng anglash lozim bo`ladi. Shu organlar ichida Davlat sanitariya nazorati organlari ham mavjudligiga e`tiboringizni qaratishingiz lozim bo`ladi.

O`RQ-613-sonli Qonun bilan MJtKning 257-moddasiga o`zgartirish kiritilib, MJtKning 54-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etilganida Davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan ko`rib chiqilishi va jazo qo`llanishi mumkinligi belgilab qo`yildi. Ya`ni, agarda har qanday shaxs MJtKning 54-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etsa Davlat sanitariya nazorati organlari nomidan ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi ishlarni ko`rib chiqish va jarima solish tariqasida ma`muriy jazo chorasi qo`llashga quyidagilar haqlidirlar:

O`zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya inspektori va uning o`rinbosari;

Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarma boshliqlari va ularning o`rinbosarlari;

davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmalari tuman (shahar) filiallarining mudirlari.

Yuqoridagi qonunga kiritilgan o`zgarishdan shuni tushunish mumkinki, deylik shaxs transport vositasini maxsus stikersiz belgilangan ma`muriy hududda boshqarib ketayotgani holati aniqlansa, unga nisbatan biroz avval sanab o`tilgan uch toifadagi mansabdor shaxslar tomonidan ma`muriy ish yuritilishi yoki jazo qo`llanishi masalasi ko`rib chiqilishi mumkin. Masalaning o`ziga xos tarafi nimada? Mazkur huquqbuzarlik uchun qonunda boshqa jazo yoki ta`sir chorasi nazarda tutilmagan. Xuddi shuningdek, yuqorida ko`rsatib o`tilgan mansabdor shasxlardan boshqa hech kim bu holatda ma`muriy bayonnoma rasmiylashtira olmaydi yoki jazo tayinlay olmaydi (ma`muriy sudlar alohida holatlarda ko`rib chiqishi mumkin). Haqli savol tug`iladi, Davlat sanitariya nazorati organlari ko`chada harakatlanib ketayotgan transport vositalarini to`xtata olmaydi, unda masala qanday hal qilinadi? Mana shu erda qonunga ko`ra, yo`llarda transport vositalari harakatlanishini tartibga solish majburiyati yuklatilgan Yo`l harakati xavfsizligi xodimlari Davlat sanitariya nazorati organlari xodimlari bilan hamkorlikda ishlashi va transport vositalarini to`xtatib berish masalasini hal qilishda ishtirok etib berishi lozim bo`ladi. 

Shuningdek, ushbu masalani echimi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 maydagi “Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini to`xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash tartibini takomillashtirish to`g`risida”gi №149-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom bilan ham tartibga solingan. Nizomning 2-bandida “Davlat organining transport vositalarini ushlash huquqiga ega bo`lgan, ushlangan transport vositasini to`xtash joyiga joylashtirish to`g`risida qaror qabul qilgan vakolatli xodimi bu haqda tegishli davlat organining navbatchilik qismiga xabar beradi.

Davlat organining xabarni qabul qilgan navbatchilik qismi xodimi ushbu xabarni qayd etadi va ichki ishlar organining hududiy bo`linmasi navbatchilik qismiga va Yo`l harakati xavfsizligi hududiy boshqarmasining Markaziy dispetcherlik xizmatiga ma`lum qiladi” deb belgilangan. Transport vositasini ushlab turishga vakolati bor bo`lgan organ yoki uning mansabdor shaxsi qonunda belgilangan tartibda, agarda qonunda to`g`ridan-to`g`ri ko`rsatgan va ushlab turish vakolati bo`lganida bu holatni qonuniy rasmiylashtiradi va ijro uchun ichki ishlar organiga xabar beradi. 

Bundan tashqari, Kodeks bilan transport vositalarini ushlab turish va ko`rikdan o`tkazish asoslari va tartibi belgilab berilgan bo`lib, MJtKning 291-moddasi mazmuniga ko`ra, transport vositalarini ushlab turish va ko`rikdan o`tkazish qonun hujjatlari bilan vakolat berilgan organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan ushlab turish sababi bartaraf etilgunga va ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ish ko`rilgunga qadar amalga oshirilishi mumkinligi bayon qilingan. 

Xususan, mazkur moddada, transport vositalarini ushlab turishga ichki ishlar organlari, harbiy avtomobil inspeksiyasining mansabdor shaxslari, O`zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi organlarining mansabdor shaxslari, harbiylashtirilgan soqchilikning mansabdor shaxslari va O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kichik hajmli kemalar inspeksiyasining mansabdor shaxslariga vakolat berilgan hamda ularga aynan qaysi moddada nazarda tutilgan huquqbuzarlik uchun ushlab turish mumkinligi ham ko`rsatib berilgan. Mazkur davlat organlari yoki mansabdor shaxslar orasida Davlat sanitariya nazorati organlari yoxud ularning mansabdor shasxlar ko`rsatilmagan. Xuddi shuningdek, MJtKning 54-moddasi ham qayd etilmagan.

MJtKning 291-moddasiga ko`ra, transport vositalarini ushlab turish muddati o`ziga xos tarzda bayon qilingan. Ya`ni, vakolat berilgan organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan transport vositasi ushlab turish sababi bartaraf etilgunga va ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ish ko`rilgunga qadar ushlab turish mumkinligi ko`rsatib o`tilgan. Bu erda ushlab turish sababi bartaraf etish deganda nima nazarda tutilgan? Deylik, haydovchi transport vositasini yonida tegishli hujjatlarni olib yurmagan holda boshqarsa, uni avtomashinasi jarima maydoniga vaqtincha saqlash uchun olib kiriladi. Shaxs tomonidan zarur hujjatlar ichki ishlar organiga taqdim qilingan va tayinlangan jarima to`liq to`langandan so`ng avtomashinani olib chiqilishiga ruxsat beriladi. Bu bilan shaxs amalda ushlab turish sababini bartaraf etadi va uni avtomashinasini ushlab turish zarurati qolmaydi. 

Shuningdek, transport vositalari ma`muriy ish ko`rib yakuniga etguniga qadar ushlab turilishi mumkin. Albatta bu ta`sir chorasi ishni yakuni bo`yicha transport vositasini kelgusidagi taqdirini belgilash zarurati bo`lganda qo`llaniladi. Bu tartib ko`proq sudlar tomonidan ko`rib chiqilayotgan ishlar bilan bog`liq hollarda qo`llanadi. 

Albatta, tahlil qilingan masalalarni to`g`ri hal qilishda O`zbekiston Respublikasining 2012 yil 24 dekabrdagi “Normativ-huquqiy hujjatlar to`g`risida”gi Qonuni talablariga e`tibor qaratish maqsadga muvofiq bo`ladi. 

Qonunning 7-moddasida, “O`zbekiston Respublikasida O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va qonunlarining ustuvorligi so`zsiz tan olinadi” deb belgilangan.
 

Qonuning 8-moddasida esa “O`zbekiston Respublikasining qonunlari eng muhim va barqaror ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi hamda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan yoki referendum o`tkazish yo`li bilan qabul qilinadi.

Kodekslar O`zbekiston Respublikasining qonunlari bilan tasdiqlanadi” deb ko`rsatilgan. Mazkur Qonun mazmunidan kelib chiqib, kodekslar Qonun bilan tasdiqlanishi va Konstitutsiya bilan bir qatorda boshqa barcha normativ huquqiy hujjatlardan ustunlikka ega ekanligini ko`rish mumkin.

Yuqorida tahlili qilib o`tilgan masalalardan xulosa chiqarish o`zingizga havola. Zero, qonuniylikni hamda qonun ustivorligini ta`minlash orqaligina haqiqiy demokratik jamiyat barpo etishimiz mumkin. 


 

 

    Boshqa yangiliklar