AsosiyJamiyat

Bugun koronavirusdan tuzalganlar soni 96 nafarga etdi, jami 357 kishi to`liq sog`aydi

'Bugun koronavirusdan tuzalganlar soni 96 nafarga etdi, jami 357 kishi to`liq sog`aydi'ning rasmi

Avval ham aytganimizdek, darddan forig` bo`layotgan insonlar quvonchi koronavirus pandemiyasi bilan kurashayotgan shifokorlarga kuch-g`ayrat bag`ishlamoqda. Bu kabi xushxabarlar esa dunyoni tahlikaga solayotgan koronavirus infeksiyasi bilan samarali kurashish mumkinligi, hatto, g`olib bo`lish imkoni borligini ko`rsatmoqda. Qahramon shifokorlarimiz esa ushbu vazifani sharaf bilan bajarishayotganiga guvoh bo`lib turibmiz.

Poytaxtimizdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlardan yana 13 nafari butkul sog`aydi. Ular Sog`liqni saqlash vazirligi mas`ullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitasiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Sog`aygan bemorlarning 3 nafari erkak, 10 nafari ayollardir. Ulardan 11 nafari poytaxtimizdan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridan 1 nafardan. Bemorlardan 1 nafari charter reysda Turkiyadan Toshkentga kelgan. Qolgan 12 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo`lib, infeksiya yuqtirib olgan. Ular orasida eng yoshi kattasi 71 yoshda bo`lsa, eng yoshi kichigi esa 2019 yilda tug`ilgan. Samarali davolash muolajalaridan keyin, so`nggi tekshiruvlar ularda infeksiya yo`qligini ko`rsatdi.

Ilk koronavirus infeksiyasiga chalinganlarni qabul qilgan mazkur klinika jamoasi birdamligi, mahorati va tajribasi bemorlarning sog`ayishida hal qiluvchi rol o`ynaganini alohida ta`kidlash lozim.

Quvonarli jihati, bugun mamlakatimizda ayni paytga qadar koronavirus infeksiyasiga chalinganlar soniga nisbatan ushbu kasallikdan sog`ayganlar ko`rsatkichi keskin oshib, 96 nafarga etdi.

Shunday qilib, ayni paytga qadar mamlakatimiz bo`ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog`aygan bemorlar bugun, avvalgi kunlarga nisbatan eng yuqori ko`rsatkichni qayd etgan holda, ularning soni shu kungacha 357 nafarni tashkil etmoqda.

    Boshqa yangiliklar