AsosiyJamiyat

Propiska tizimida qator o`zgarishlar bo`lishi ko`zda tutilmoqda. Prezident farmon imzoladi

'Propiska tizimida qator o`zgarishlar bo`lishi ko`zda tutilmoqda. Prezident farmon imzoladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 21 aprel kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiska qilish tizimini takomillashtirish bo`yicha Farmon imzolandi. Bu haqda "Kun.uz" nashri xabar bermoqda.

Farmonga ko`ra, «propiska» tushunchasi bekor bo`lib, o`rniga «ro`yxatdan o`tkazish» tushunchasi kiritilmoqda.

Hujjatda bir hafta ichida Vazirlar Mahkamasiga tegishli qonun loyihasini Oliy Majlisga taqdim qilish vazifasi yuklatilgan. Qonun loyihasida propiska tizimida bir qator o`zgarishlar ko`zda tutilmoqda. Jumladan:

                      Toshkentdan uy olish uchun propiska so`ralmaydi, ishdan bo`shagan xodimning                                                                                    propiskasi «kuymaydi» 

Toshkentdan uy sotib olish uchun propiska talab qilinmaydi. Boshqa viloyatda yashovchi shaxslardan Toshkent shahridan uy olganda undiriladigan oshirilgan qiymatdagi davlat boji bekor qilinmoqda. 

Ilgari fuqaro davlat organidagi faoliyati davrida propiskaga kirgan, ishdan bo`shatilganda yoki shartnomada belgilangan muddati yakuniga etganda propiskadan chiqarib yuborilgan bo`lsa, endi bunday bo`lmaydi. Uning propiskasi saqlab qolinadi.

Bundan tashqari, shu paytgacha er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashashi talab etilgan va bir yil ichida nikoh bekor qilinganda propiska yo`qotilgan bo`lsa, qonunchilikka ushbu talabni bekor qiluvchi o`zgartirish kiritilishi kutilmoqda.

Shuningdek, muqaddam Toshkent shahri va viloyatida doimiy ro`yxatda turgan fuqarolar ma`lum muddat boshqa hududda yashab, o`zlari yashagan joyga qaytib kelganda, ular hech qanday qo`shimcha shartlarsiz qayta doimiy ro`yxatga olinishi ko`zda tutilmoqda. 

Toshkent shahri va viloyatidagi davlat tashkilotlarida 5 yil uzluksiz ishlagan mutaxassislar mazkur hududlarda doimiy yashash joyi bo`yicha ro`yxatga olinadi.

                                    5 yil uzluksiz ishlagan xodimlarga propiska beriladi

Farmonda Toshkent shahri va viloyatidagi davlat tashkilotlarida 5 yil uzluksiz ishlagan mutaxassislar mazkur hududlarda doimiy yashash joyi bo`yicha ro`yxatga olinishi belgilangan. 

Ya`ni fuqaro poytaxtda yoki Toshkent viloyatidagi umumta`lim maktabida o`qituvchilik qilsa, maktab direktorining; poliklinikada ishlasa, poliklinika mudirining ma`lumotnomasi bilan propiskaga kirishi mumkin. Bunda asosiy shart shuki, fuqaro bitta tashkilotda ishlagan davri 5 yildan kam bo`lmasligi kerak.

                   Toshkent shahri va viloyatida 15 kungacha ro`yxatdan o`tmasdan yashash mumkin bo`ladi          Toshkent shahri va viloyatida doimiy va vaqtincha ro`yxatdan o`tmasdan yashash muddati 10 kundan 15 kunga o`zgartirilmoqda

Endilikda doimiy va vaqtincha turgan joyi bo`yicha ro`yxatga olish fuqaroning xohishiga ko`ra ichki ishlar organlari, Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi hamda uning muddati 3 kundan 1 kunga qisqartiriladi.

Doimiy ro`yxatni rasmiylashtirishda pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga shtamp bosish amaliyotidan voz kechish va mazkur jarayonlarni raqamlashtirish ko`zda tutilmoqda.

Doimiy ro`yxatga olishni rasmiylashtirishda avvalgi yashash joyidan mustaqil ro`yxatdan chiqish tartibi hamda harbiy xizmatga majburlarning doimiy ro`yxatga turishdan oldin va keyin harbiy hisob uchun mudofaa bo`limlariga borish tartibi bekor qilinib, ushbu jarayonlar idoralararo elektron dastur orqali amalga oshiriladi.

  • Eslatib o`tamiz, ushbu o`zgarishlar avvalroq muhokamaga qo`yilgan propiska tizimini isloh qilishga doir O`zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi hamda Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida ham nazarda tutilgandi. 

Boshqa yangiliklar