AQShning Nyu-York shtatida uyda boqilayotgan ikki mushukda koronavirus qayd etildi. Bu — AQShda uy hayvonlarida koronavirus borligi tasdiqlangan birinchi holat.
Associated Press xabariga tayanib, "Daryo" yozishicha, mushuklarga virus odamdan yuqqan bo`lishi mumkin. Mushuklarda nafas olish kasalligining engil belgilari kuzatilmoqda.
AQSh Qishloq xo`jaligi vazirligi va Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi (CDC) vakili Keysi Bartonning ta`kidlashicha, hozircha hayvonlar odamlarga virus yuqtirishi mumkinligi haqida dalillar yo`q. "Biz odamlar vahima qilishlarini xohlamaymiz. Ular uy hayvonlaridan qo`rqishini istamaymiz", — degan u. Shu bilan birga, mutaxassislar pandemiya paytida o`z itlari va mushuklarini boshqa uy hayvonlariga, shuningdek, begona odamlarga yaqinlashtirmaslikni tavsiya qilgan.
Avvalroq koronavirus epidemiyasi sabab Xitoy hukumati Shenchjen shahrida it va mushuklar go`shtini iste`mol qilishni taqiqlagandi. Taqiq 2020 yil 1 maydan kuchga kiradi.






