Janubiy Koreyada Yaqin Sharq respirator sindromi koronavirusini yuqtirganlar soni 108 kishiga etdi, qurbonlar soni 9 kishini tashkil etmoqda, deya xabar beradi Ryonxap agentligi.
Avvalroq 95 nafar bemor va etti nafar qurbon haqida xabar berilgan edi.
Karantinda saqlanayotganlar orasida 13 ta yangi holat qayd etildi. Ulardan o`n nafari kasallikni Seul tibbiyot markaziga tashrif buyurgan vaqtda yuqtirgan.
Hozirgacha aniqlangan barcha bemorlar kasallikni o`z vaqtida izolyasiya qilish choralari ko`rilmaganligi oqibatida yuqtirgan. Hozirda MERS virusini yuqtirib olgan bemorlar bo`lgan 29 ta kasalxona ro`yhati e`lon qilindi.
Janubiy Koreyada kasallik tarqalishi oqibatida 2,2 mingta maktab va bog`chalarning ish faoliyati to`xtatilgan. 2,89 ming nafardan ortiq kishi xavf guruhidagi odamlar bilan muloqotda bo`lganliklari uchun uyda yoki tibbiyot muassasida karantinda saqlanmoqda.
Butunjahon sog`liqni saqlash tashkilotining ma`lumot berishicha, 6 iyun holatiga ko`ra MERS virusini yuqtirganlar soni 1,19 ming kishini halok bo`lganlar soni 444 nafarni tashkil qilgan.
Hozirda virusga qarshi vaksina yo`q. Koronavirusni yuqtirib olishdan qo`rqib, 20 mingga yaqin sayyoh Janubiy Koreyaga safarni bekor qilgan. Ulardan aksariyati Xitoy va Janubi Sharqiy osiyoliklardir.





