2020 yil 02 may kuni fuqaro 60 yoshli B.A., Jomboy tuman IIBga ariza bilan murojaat qildi. U o`z arizasida 2020 yil 27 aprel kunidan 28 aprel kuniga o`tar kechasi noma`lum shaxs Jomboy tumani Beruniy ko`chasida joylashgan oshxonasida hech kim yo`qligi hamda oshxonaning akfa derazasi ochiqligidan foydalanib ichkariga kirib, oshxonada turgan temir seyf eshigini buzgani bayon etilgan. Shuningdek, xona ichidagi 2.830.000 so`m va 1 AQSh dollari kupyurasidagi jami 65 AQSh dollari miqdoridagi naqd pullari hamda umumiy bahosi 24.170.000 so`mlik har xil turdagi ayollar tilla taqinchoqlarini o`g`irlab ketgan. Aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko`rish va talon-toroj qilingan narsalarini topishda amaliy yordam berishni so`ragan.
Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Jomboy tumanida yashovchi 25 yoshli J.O`., sodir etganligi aniqlanib, undan bir dona ayollar tilla zanjiri, 1.570.000 so`m, bir dona 20 AQSh dollari, ikki dona 2 AQSh dollari, olti dona 1 AQSh dollari miqdoridagi pullar xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirilib olingan.
Holat yuzasidan Jomboy tuman IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “g” bandi (o`g`irlik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
O`zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti