Rossiya tashqi ishlar vazirligi vakilasi Mariya Zaxarova tomonidan O`zbekistonda davlat tilida ish yuritishni ta`minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilovchi qonun loyihasi bo`yicha bayon etilgan g`irt yolg`ondan iborat munosabatni kimki tasodif deb o`ylayotgan bo`lsa, katta xato qiladi.
Bu - shu yilning 24 aprel kuni O`zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga “O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 42-moddasiga qo`shimcha kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasining muhokamaga qo`yilganidan keyin Rossiya ommaviy axborot vositalarida qasddan boshlangan ay-hannosning davomi.
Emishki, “ushbu qonun loyihasi tarafdorlari hozircha yaqqol ozchilikni tashkil etadi. Bildirilayotgan fikrlarning aksariyati rus tilining rasmiy muloqotda saqlanib qolishini istaydi”.
Savol tug`iladi: bu ma`lumotlar va ma`lomatlarning asosi qani? Nimaga, qaysi manbalarga tayanib aytilmoqda bu idoalar?
Men O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan taklif etilgan ushbu qonun loyihasining umumxalq muhokamasini diqqat bilan kuzatib bordim. Jarayon ishtirokchilarining mutlaq ko`pchiligi loyihani astoydil qo`llab-quvvatladi. Ta`kidlayman, mutlaq ko`pchiligi! Qo`llab-quvvatlaganlar orasida ko`plab millatlar va elatlar vakillari, jumladan, ruslar ham kam emas. Ularning fikricha, davlat tilida ish yuritishni ta`minlamagani uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilovchi bu normani aslida allaqachon – “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan 1989 yildayoq joriy etish kerak edi.
Aslini olganda, qaysi tilni davlat tili deb qonunan qabul qilish va unda rasman ish yuritish - mustaqil davlatning ichki ishi. Mustaqil O`zbekiston Respublikasining ichki ishlariga aralashish umume`tirof etgan xalqaro huquq normalarini qo`pol ravishda buzish, mamlakatlarimiz o`rtasida imzolangan shartnomalaru bayonotlarda o`zini “O`zbekistonning strategik hamkoriman, do`stiman” deb tan olib, amalda teskarisini qilishdan, mamlakatimizga tazyiq o`tkazishdan boshqa narsa emas.
Qolaversa, rus tili bir bahona. Zulmga asoslangan mustamlakachilik siyosatining xalqaro hamjamiyatga otning qashqasidek tanish bo`lib qolgan bir tahdid vositasi.
Bunday siyosat ne bir imperiyalarning parchalanib, yo`qlikka yuz tutishiga sabab bo`lganini bu ko`hna dunyo ko`p ko`rgan.
Qulman OChIL,
O`zbekiston Respublikasida
xizmat ko`rsatgan jurnalist.






