Bugungi kunda yurtimizda keng qamrovli qurilish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu esa, o`z navbatida qurilish kompaniyalari zimmasiga ham katta mas`uliyat yuklaydi. Bunday firma va kompanilar yurt obodligiga munosib hissa qo`shish barobarida o`z moliyaviy barqarorligini ham mustahkamlab borayotir.
Biroq, guruch kurmaksiz bo`lmaganidek, ushbu sohada ham o`z nafsini jilovlay olmaydiganlar uchrab turadi.
Qurilish biznesida “aylanadigan” katta miqdordagi pul ayrim nopok kimsalarning paytavasiga qurt tushirishi ehtimoldan xoli emas. Ayniqsa, davlat tomonidan moliyalashtiriladigan ob`ektlar xususida gap ketganda. Quyida ana shu xususda so`z yuritamiz.
Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudida ikki nafar “uchar ishbilarmon” – «Shark temir» mas`uliyati cheklangan jamiyati direktori Aleksandr Mironov hamda shahar hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi etakchi mutaxassisi Abbos Orifxonovning jinoiy xatti-harakatlari ustidan ochilgan ish ko`rib chiqildi.
“O`zarxiv” agentligi binosidagi qo`shimcha qurilish ishlarini nazorati ostiga olgan Abbos Orifxonovni nafs yo`ldan urdimi, pudratchi - «Nekbaxt Jaxon Qurilish Servis» qurilish kompaniyasi mutasaddilari bilan jinoiy til biriktirib, turli nayranglarni qo`llab, 120 million so`m mablag`ni o`zlashtirdi. Biroq, qurilish ishlari lozim darajada va oxiriga qadar amalga oshirilmadi.
120 million so`m! Bu mablag` 120 nafar oddiy ishchi-xodimning o`rtacha oylik maoshiga teng.
Ushbu hodisaning yana bir “qahramoni” Aleksandr Mironovni ham 2014 yilning avgust oyida bolalar sport maktabi qurilishidagi qing`ir ishlari uchun sud qilishgandi. Aynan uning noqonuniy qilmishlari sababli bolalar uzoq muddat sport mashg`ulotlaridan bebahra qolishgan. O`shanda mamlakatimiz mustaqilligining 22 yilligi munosabati bilan e`lon qilingan Amnistiya to`g`risidagi qaror Mironovning joniga oro kirgan va jazodan qutulib qolgandi. Afsuski, bu insonparvarlik unga saboq bo`lolmadi.
O`zbekiston Milliy axborot agentligi jamoasi uning navbatdagi “qurboni”ga aylanishdi. Axborot agentligining fasadini ta`mirlash maqsadida 2010 yildayoq tegishli mablag` – 5,5 milliard so`m ajratilgan. Mironov va uning kompaniyasi bu ishni arang ikki yilda – 2014 yilning martida “uddalashdi” xolos. Fasadni rekonstruksiya qilish mobaynida derazalarni almashtirish ham ko`zda tutilgan edi. “Baraka topkur” quruvchilar derazalarni almashtirish uchun aynan qish paytini tanlashganiga nima deysiz?
Natijada esa, O`zA xodimlari chidab bo`lmaydigan sharoitlarda ishlashga majbur bo`lishdi. Tasavvur qiling-a, tashqarida nol darajadan past harorat hukmron. Derazasi qo`porib olingan, izg`irin shamol esa, ichkariga, xodimlar ishlab o`tirgan xonalarga qor-yomg`ir bilan yopirilib kirsa...
Biroq Moliya vazirligi Nazorat taftish boshqarmasining maxsus tekshirishlari mobaynida binoni ta`mirlash ishlari to`la-to`kis, mukammal, vijdonan bajarilmagani aniqlandi. Keyingi qishda binoning yangi fasadidan ichkariga yana kuchli izg`irin sizib kirishi ma`lum bo`ldi. Nainki binoning fasadida, balki moliyaviy ishlarda ham “tirqishlar” mavjudligi yuzaga chiqdi. Janob Mironov ta`mirlash paytida binodan ajratib olingan granit plitalari, deraza romlari va vitrajlar – naq 97 million so`mlik qurilish materiallarini “tuya” qilgan ekan. Albatta, bu o`rinda uning yonida turgan Orifxonovni ham quruq qo`ymagan, uning “ulushi” 37 million so`mdan ko`proqni tashkil qilgan.
Sud o`z ishini yakunladi. Aybdorlar qilmishiga yarashasini oldi. Ularning ustidan chiqarilgan hukm o`z kirdikorlari bilan kun sayin yangilanib, chiroy ochib borayotgan poytaxtimizning betakror qiyofasiga soya tashlamoqchi bo`lgan kimsalarga ibrat bo`lar, degan umiddamiz.
Manba: uz24.uz