Ma`lumki bugungi kunda Respublikamizda belgilangan tartibda “sariq” va “yashil” hududlarda karantin qoidalari bosqichma-bosqich yumshatib kelinmoqda. Biroq barcha toifadagi hududlarda himoya niqobini taqib yurish majburiy ekanligi haqidagi Respublika maxsus komissiyasining qarori amalda bo`lishiga qaramasdan, ayrim fuqarolar tomonidan jamoat joyida niqobsiz yurgan holda huquqbuzarliklar sodir qilinayotganligi aniqlanmoqda.
Quvasoy shahar ma`muriy sudining raisi Maxkamjon Abdubannabovning "Darakchi"ga ma`lum qilishicha, shu yilning 11 may kuni soat 07:00 larda jamoat joyi hisoblangan Quvasoy shahar, Pakana MFY, Gullola ko`chasidagi 347-sonli ko`p qavatli uy oldida huquqbuzar X.Jamolova niqobsiz holda, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, jamoat tartibi va fuqarolarning osoyishtaligini buzib, Quvasoy shahar IIB profilaktika inspektori Sh.Mamadaliev va shu erdagi fuqarolarga uyatli so`zlar bilan so`kinib, baqir-chaqir qilib, mayda bezorilik sodir qilgan.
Shuningdek, X.Jamolova shu kuni Quvasoy shahar IIB profilaktika inspektori Sh.Mamadalievning huquqbuzarlikni to`xtatish, jamoat tartibiga roiya qilish haqidagi qonuniy talablariga bo`ysunmasdan, unga faol qarshilik ko`rsatgan.
Mazkur ish Quvasoy shahar ma`muriy sudi tomonidan ko`rib chiqilib, sudning qaroriga asosan X.Jamolovaga O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 54-moddasi 1-qismi (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish), 183-moddasi (mayda bezorilik) hamda 194-moddasi 1-qismida (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, ushbu kodeksning 34-moddasi tartibida uzil-kesil 12 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlandi va huquqbuzardan ma`muriy qamoq xarajatlari uchun 401.400 so`m undirilishi belgilandi.