Bu boradagi ko`pchilikni qiziqtirgan savollarga Byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi ijro etuvchi apparat bo`lim boshlig`i Shuhrat UTAGANOV to`liq ma`lumot berdi...
— Prezidentimizning 2009 yil 30 dekabrdagi “Fuqarolarning pensiya ta`minoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida” PF-4161-son Farmoni 4-bandiga asosan O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi zimmasiga fuqarolarning pensiya ta`minoti sohasida davlat siyosatining asosiy yo`nalishlarini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.
“Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida” O`zbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasiga asosan, yoshga doir pensiya olish huquqiga erkaklar 60 yoshga to`lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo`lgan taqdirda hamda ayollar 55 yoshga to`lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo`lgan taqdirda ega bo`ladilar.
“Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida” Qonunining 2011 yil 1 yanvarga qadar amalda bo`lgan 37-moddasi “j” bandiga asosan onaning (o`gay onaning) bolalarini (o`gay o`g`illarini, o`gay qizlarini) go`daklik yoshida parvarishlagan vaqti, lekin ko`pi bilan har bir bola 3 yoshga to`lguncha, hammasini jamlaganda 6 yil doirasida qo`shib hisoblanishi belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 11 maydagi 249-son qarori bilan tasdiqlangan va 2009 yil 11 martga qadar amalda bo`lgan “Sug`urta badallari qo`shilmaydigan va pensiyani hisoblab chiqishda hisobga olinmaydigan ish haqi va boshqa to`lov turlari Ro`yxati”ning 16-bandiga davlat ijtimoiy sug`urtasi bo`yicha nafaqalar, ishsizlik nafaqalari, ijtimoiy nafaqalar va pensiyalar kiritilgan.
O`zbekiston Respublikasi “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida” Qonunining 37-moddasi “a” bandiga asosan:
- 2019 yil 1 yanvarga qadar bo`lgan davr uchun faoliyat turi, mulk va xo`jalik yuritish shakllaridan qat`i nazar, xodim davlat tomonidan ijtimoiy sug`urtalangan holda bajargan har qanday ish, agar u Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasiga sug`urta badallari to`lagan bo`lsa;
- 2019 yil 1 yanvardan keyingi davr uchun xodim tomonidan bajarilgan har qanday ish, agar mehnatga haq to`lash tarzidagi daromadlar hisoblangan bo`lsa ish stajiga qo`shib hisoblanadi.
Mehnat kodeksining 149-moddasiga asosan xodimlar quyidagi ijtimoiy ta`tillar olish huquqidan foydalanadilar:
- homiladorlik va tug`ish ta`tillari (233-modda);
- bolalarni parvarishlash ta`tillari (232, 234, 235-moddalar);
- o`qish bilan bog`liq ta`tillar (252, 254 va 256-moddalar) va ijodiy ta`tillar.
Mehnat kodeksining 234-moddasi 1-qismiga asosan homiladorlik va tug`ish ta`tili tugaganidan keyin ayolning xohishiga ko`ra, unga bolasi ikki yoshga to`lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ta`til berilib, bu davrda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nafaqa to`lanadi.
Shu o`rinda ta`kidlash joizki, Mehnat kodeksining 233 va 234-moddalariga asosan homiladorlik sababli ayollarga 2 turdagi ta`til beriladi:
1) homiladorlik va tug`ish ta`tili;
2) bola parvarishlash ta`tili.
Biroq, “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 37-moddasi birinchi qismi “j” bandi va O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 233 va 234-moddalariga asosan ish stajiga faqat bola parvarishlash ta`tilida bo`lgan davr kiritilishi ko`rsatilgan. Shu sababli ish stajini hisoblashda farzandlar bo`yicha homiladorlik va tug`ish ta`tili hisobdan chiqarib tashlanadi.
Ma`lumot uchun:
2020 yilning 1 yanvariga qadar amalda bo`lgan Soliq kodeksining 306-moddasiga asosan ushbu Kodeksning 172-moddasida ko`rsatilgan ish haqi tarzidagi daromadlar sug`urta badallarining soliq solish ob`ekti hisoblangan.
Soliq kodeksining 178-moddasi 1-bandiga asosan pensiyalar va qonun hujjatlarida belgilangan nafaqalar jismoniy shaxslarning boshqa daromadlari toifasiga kiritilib, sug`urta badallarining soliq solish ob`ekti hisoblanmagan.
Mehnat kodeksining 234-moddasiga asosan homiladorlik va tug`ish ta`tili tugaganidan keyin ayolning xohishiga ko`ra, unga bolasi ikki yoshga to`lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ta`til berilib, bu davrda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nafaqa to`lanadi.
O`zbekiston Respublikasi “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida” Qonunining 2011 yil 1 yanvarga qadar amalda bo`lgan 37-moddasi “j” bandiga asosan onaning (o`gay onaning) bolalarini (o`gay o`g`illarini, o`gay qizlarini) go`daklik yoshida parvarishlagan vaqti, lekin ko`pi bilan har bir bola 3 yoshga to`lguncha, hammasini jamlaganda 6 yil doirasida qo`shib hisoblangan.
Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 sentyabrdagi 252-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat pensiyalarini tayinlash va to`lash tartibi to`g`risidagi Nizomning 35-bandi “j” kichik bandiga asosan bola 3 yoshga to`lguncha bolani parvarishlash ta`tillarida bo`lish vaqti, lekin hammasini jamlaganda ko`pi bilan 3 yil ish stajiga qo`shib hisoblanadi.
Nizomning 66-bandiga asosan bolani parvarishlash ta`tilida bo`lish davrini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo`lmaganda, bolani parvarishlash ta`tilida bo`lish davri quyidagi davrlarni tashkil etadi:
- 1 yil - 1971 yil 1 yanvardan 1983 yil 1 noyabrgacha tug`ilgan bola uchun;
- 1,5 yil - 1983 yil 1 noyabrdan 1990 yil 1 iyulgacha tug`ilgan bola uchun;
- 3 yil - 1990 yil 1 iyuldan keyin tug`ilgan bola uchun.
Ko`rsatib o`tilgan hollarda bolani parvarishlash ta`tili boshlangan sana sifatida homiladorlik va tug`ish ta`tili tugagan sana qabul qilinadi.
Yuqoridagi Nizomning 2-bandi 12-xatboshiga asosan maxsus ish staji bu xalq xo`jaligining muayyan tarmoqlarida, kasblar va lavozimlarda qonun hujjatlariga muvofiq imtiyozli pensiya ta`minoti huquqini beradigan mehnat faoliyatining davomiyligidir.
Bolani parvarishlash ta`tilida bo`lish (shu jumladan, puli to`lanadigan ta`tilda bo`lish) davri yoshga doir imtiyozli pensiya olish huquqini beradigan maxsus ish stajiga qo`shilmaydi.
Shu bilan birga, “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida” Qonunida mutaxassislik bo`yicha ish staji to`g`risida normalar qo`llanilmagan holda, boshqa qonun hujjatlarida ham mutaxassislik bo`yicha ish staji tushunchasiga ta`rif keltirilmagan.
Shu o`rinda e`tiboringizni yana bir jihatga qaratmoqchimiz. “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 121-moddasiga asosan ushbu Qonun 37-moddasining “a”, “b”, “v” va “g” bandlarida nazarda tutilgan kamida yigirma yillik ish staji bo`lgan ayollar ellik to`rt yoshga to`lganda pensiya olish huquqiga ega bo`ladilar.
Mazkur imtiyoz nafaqat MDH mamlakatlari, balki dunyoning hech bir davlatida nazarda tutilmagan.
Qo`shimcha qilib shuni ma`lum qilamizki, bugungi kunda dunyoning barcha mamlakatlarida erkak va ayollarning pensiyaga chiqish yoshlari uzaytirilib, ayol va erkaklarning pensiya chiqish yoshlari tenglashtirilgan holda o`rtacha 63 yoshni tashkil etmoqda.
Misol uchun, Latviyada erkaklar va ayollar uchun pensiya yoshi bir xilda 63 yosh 9 oyni tashkil etsa, Estoniyada bu ko`rsatkich 63,5 yoshni tashkil etadi. Boshqa MDH mamlakatlari ayollarining pensiyaga chiqish yoshi O`zbekistonda belgilangan yoshdan bir qancha balanddir. Shuningdek, dunyoning bir qator davlatlarida ushbu ko`rsatkich bundan ham yuqoriligini ko`rishimiz mumkin. Masalan, Italiyada va Gresiyada 67/67, Portugaliyada 66,5/66,5, AQShda 66/66, Germaniyada 65,7/65,7, Ispaniyada 65,5/65,5, Daniya va Lyuksemburgda 65/65, Fransiyada 62/62 ni tashkil etadi.
Bugungi kunda O`zbekiston Respublikasida belgilangan pensiyaga chiqish yoshi nafaqat dunyoning barcha davlatlari orasida, balki MDH mamlakatlari va xattoki Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng kam hisoblanadi.
Ma`lumot uchun:
Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi tuman (shahar) bo`limlari tomonidan 2019 yilda 337,7 ming nafar fuqarolarga pensiyalar tayinlangan bo`lsa, shundan 166,3 ming (49,2%) nafari ayollarni tashkil etadi.
2019 yil davomida ayollarga tayinlangan pensiyalarning 37,3 ming nafari muddatidan oldin imtiyozli ravishda ya`ni 54 yoshdan tayinlanganligini alohida ta`kidlab o`tish lozim.
Pensiya jamg`armasining tuman (shahar) bo`limlari tomonidan yangi tayinlanayotgan pensiyalarda ayollarning bola parvarishi ta`tilida bo`lgan davrlari amaldagi qonunchilik talablariga rioya qilgan holda ish stajini hisoblashda to`liq inobatga olinmoqda.