2019-2020 o`quv yili rasman yakunlandi.
O`quv yilida mamlakatimizda 9942 ta umumta`lim maktablarida 6,12 mln. o`quvchi tahsil oldi.
Qisqa vaqt davomida uchta telekanalda videodarslar tashkil etildi. Unda 200 nafardan ortiq pedagoglar O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasi xodimlari bilan hamkorlikda 3900 dan ziyod darslar tayyorlab, efirga uzatdi.
Xalq ta`limi vazirligi hozirgi vaziyatdan kelib chiqqan holda bosqichli nazorat va yakuniy davlat imtihonlarini o`tkazmaslik bo`yicha qaror qabul qildi.
Maktablarga o`quvchilarning yillik baholarini istisno tariqasida joriy o`quv yilining 3 ta chorak baholari asosida chiqarish tavsiya etildi. Shu bilan birgalikda kundalik.com tizimi joriy etilgan maktablarda karantin vaqtida tirishqoqlik bilan o`qigan o`quvchilarga rag`batlantirish sifatida 4-chorakdagi faqat ijobiy baholarini yillik baholarini hisoblashda inobatga olish tavsiya etildi.
Hududlardan olingan buyurtmalarga asosan, jami 6901 nafar o`quvchi oltin va kumush medal sovrindorligiga da`vogar bo`lmoqda. Ulardan 4682 nafari oltin medal va 2219 o`quvchi esa kumush medal sohibi bo`lishi kutilmoqda.
Tayyorlangan attestat (shahodatnoma)lar, oltin va kumush medallar hududda epidemiologik vaziyat yaxshilanib, o`quvchilarga topshirilgunga qadar barcha xavfsizlik choralarini ko`rgan holda umumiy o`rta ta`lim muassasasida saqlab turiladi.