AsosiyJamiyat

“QIZ UZATGANGA QIRQ YIL TEGMA” MAQOLI ESKIRDIMI?

To`y – yillar davomida yaxshi niyatlar, ezgu orzu-havaslar bilan orqizib kutiladigan, qarindoshlar, yor-u, birodarlar jam bo`lib, yangi oilani qutlaydigan kun. Azal-azaldan bu kunni bayram qilib, elga dasturxon yozish, to`yni ma`lum qilish dinimizda ham  go`zal amallardan biri bo`lib kelgan. Biroq, buning tag mohiyatiga etmay, to`yni kimo`zar deb bilayotganlar, ikki yoshning boshini qovushtirish bahona atrofdagilarga o`zining mol-u davlatini ko`z-ko`z qilmoqchi bo`layotganlar ham yo`q emas. Tahririyatimizga to`y va oilaviy marosimlardagi xarajatlar kundan-kunga ortib borayotgani, yangidan-yangi “urf”lar paydo bo`layotgani haqida juda ko`p qo`ng`iroqlar bo`lyapti, xatlar kelyapti. Shularni inobatga olgan holda biz ham mavzuga atroflicha yondashishga harakat qildik. Demak, bu gal qiz uzatishdagi yangicha udumlar-u, tobora urchib borayotgan eski odatlarga e`tibor qaratishni lozim topdik.

“Kelinni kelganda ko`r...”

“Oltidan yig`sang ortadi, ettidan yig`sang etadi” degan naql bor xalqimizda. Bir xonadonda qiz farzand dunyoga kelgan zahoti onalarimiz unga sep yig`ishni boshlashadi. Ba`zi oilalarda qiz bolaning sepiga bo`lgan e`tibor, uning ilm olishi va salomatligiga bo`lgan e`tibordan ancha ustunroq. “Ha-da, “Kelinni kelganda ko`r, sepini yoyganda ko`r” deb bekorga aytishadimi. Sandiq bejirim liboslar-u, xorijning matolari bilan to`lib turganda kelinning ilmi bilan birov qiziqarmidi”, degan fikrda ko`plar. Xullas, surishtiruvlarimiz natijasiga ko`ra bir qizning sepi uchun eng kamida 5 mln. so`mdan 50 mln. so`mgacha pul sarflanar ekan. Latta-puttaning o`zi shuncha bo`lsa-ya?!

“Nechta qo`y oldingiz?..”

Fotiha marosimining o`ziga ketadigan xarajat bir to`ydan farq qilmay qo`ydi. 5-6 yil avval to`y oldi-berdisi ancha yo`qolib, fotihaga jo`natiladigan narsalar o`rniga “qurug`i”ni olish urfga kirgandi. “Qo`ldan berganga qush to`ymas” deganlaridek, bu qudaning berganiga narigisi qanoat qilmadi chog`i yana “fotiha to`yi” jo`natish ommalashib ketdi. Avvalgidek sipo, bitta qo`y, o`nta patir, 8 ta tog`ora bilan qaytgan bo`lsa, xo`p derdik. Hozir tog`oraning soni ham, sifati ham ortgan. Tog`ora o`rnida falon so`mlik maxsus idish, ovqatlarga qo`shimcha bir savat meva-cheva... Ha, to`yga keladigan qo`y ham avvalgidek emas. Hozir qo`ylarni ham xuddi kelinlarday ko`ziga surma, labiga bo`yoq surib, boshiga fata o`rash moda bo`libdi-ku. Qo`y bechora o`zini oynada bir ko`rganda edi, qassobning qo`liga bormay, jon berarmidi?..

“Qizning moligami yoki holiga...”

Non sindirilib, to`y kuni aniq bo`ldi, deguncha kelinning ota-onasini mebel do`konidan topishingiz aniq. Bugun yotoq mebeli va mehmonxona jihozining yoniga yumshoq mebel qo`shib olib borish ham urf bo`lganmish. Nahot, kuyovlarimizning oriyati bunga yo`l qo`ysa? Ba`zan kuyov tarafdan bo`layotgan buyurtmalarni eshitib yoqa ushlaysan kishi. Mebellarning narxini ko`zdan kechirish chog`ida o`zimimizda ishlab chiqarilgan mehmonxona mebellarining o`rtacha narxi 2 mln. so`mdan 10 mln. so`mligini, yotoq mebellari ham deyarli shu narx atrofida ekanini aniqladik. Ming afsuski, “Kelinlar qo`zg`aloni”da aytilganidek “Xo`rozqand chet elniki desa, yotib olib yalaydi”ganlar talaygina. Shoshib o`zimizda ishlab chiqarilgan mebelni olib qo`ysangiz bormi? Qaynona bo`lmishning qovog`idan qor yog`ib, qizingizga bir umr kun bermaydi. Qiziq, o`zi yotadigan mebelni turmush o`rtog`i olib kelishiga kuyovlarning nafsoniyati qanday chidarkin? Albatta, xalqimizda tanti, ziyoli qaynona va qaynotalar, mard yigitlar ham bor. Lekin bo`lajak qudalar qizning moliga emas, holiga qarab ish tutadigan bo`lsa, xo`p-xo`p aksi bo`lsa, o`zingizni bozordan topasiz.

“Osh berish ham to`ydan qolishmaydi”

Yuqorida ta`kidlaganimizdek to`yni ma`lum qilib, qiz chiqayotgan xonadon elga osh berishi azaliy urflardan. Biroq, bu odatni ham evropacha dabdaba bilan qorishtirib, osh marosimini to`yga aylantirayotganlar yo`q emas. Osh dasturxoniga tortilgan noz-ne`matlar: qazi-qarta deysizmi yoki tandir go`sht, qovurilgan chuchvaradan tortib, shirinliklar bilan butun mahallani bir hafta boqsa bo`ladi. Erta sahar yo`l bosib kelgan mehmon oshdan boshqa narsaga qo`l uzatmaydi. Unda shuncha isrofgarchilikning nima keragi bor? Aslida odmiroq bir “osh”ni o`tkazishga eng kamida 4 mln. so`m ketib turgandan keyin, biz aytgan hashamatga kamida 30 mln. sarflanayotgandir-a?

“Ko`z yosh qilmay, charlarining tadorigini ko`ring”

Ko`p otalar qiz uzatar chog`i ko`ziga yosh oladi. Bu qizga bo`lgan mehrdanmikan yo bo`layotgan sarf harajatning alamidanmi? Ha, kuyunmang nima bo`lsa ham yaxshilikka sarf qilyapsiz-ku. Joningiz sog` bo`lsa, qarzlarni ham amallab to`larsiz. Ko`p ko`z yosh qilavermasdan yaxshisi ertangi charlari marosimiga tayyorgarlik ko`rsangiz-chi. Hali quda tomondan tumonat odam yig`ilib keladi. Erkak qudangizga palto yoki kastyum-shim, sazalari o`lmasin deb kuyovingizga ham arzirli biror sovg`a, qaynona bo`lmishning jag`i tinsin deb bosh-oyoq sarpo qilishingiz kerak. Bularga eng kamida 2 mln. so`mni hozirlayvering. Bundan tashqari ko`pchilikning ko`z o`ngida to`ydan keyin uyingizga endigina kelayotgan qizingizga tilla taqinchoq sovg`a qilishni ham unutmang...

To`y-tantanalar va oilaviy marosimlarni ixchamlashtirish, ortiqcha dabdabadan holi o`tkazish to`g`risida qancha bong urmaylik, o`zim — xon, ko`lankam — maydon, qabilida ish tutayotganlar afsuski uchrab turibdi. Bundan bir necha yil avval, kelinsalom va charlari kabi marosimlar ancha kamaygan edi.

Puldor, o`zining kimligini ko`rsatishga, qavmi-qarindosh va tanishlar oldida yasama obro` topishga urinayotganlar hamon uchrab turibdi. Bu ham etmagandek ayollar bilan o`tadigan bu tadbirda bugun erkaklar ham faol. Kuyov va erkak quda ham o`zining mehmonlarini boshlab kelishiga nima deysiz? Sarpo kiyib charchamadingizmi kuyovto`ralar?! Darvoqe, charlarini o`tkazishga ketadigan o`rtacha sarf xarajat 7-8 mln. so`mni tashkil etyapti.

“Haftalikka yo changyutgich, yo muzlatgich”

“Qiz uzatganga qirq yil tegma.” Bu maqolni unuting. Hali oldinda haftalik turibdi. Turmush o`rtog`ingiz va farzandlaringiz bilan birinchi bor qizingizni yo`qlab borasiz. Hozir haftalikda changyutgich yoki kir yuvadigan mashina olib borish urfga kirgan. Faqat 500 ming so`mlik changyutgich bilan qutilaman deb xomtama bo`lmang. Irimchi xotiningiz toq bo`lmasin deb yoniga muzlatgichmi xullas o`z orzusidagi biror matohni qo`shtiradi. Bitta 2 mln.lik muzlatgich bilan davlatingiz kamayib qolarmidi? Odamlar haftalikka borishda kuyoviga mashina olib boryapti-ku. Aytgancha, tog`oralarga ketadigan harajatni hisoblamabmiz-ku. Ular ham toq bo`lmasligi kerak emish. Nechta olib borish har kimning o`ziga havola. Xavotir olmang, u yog`ini xotiningiz do`ndiradi, hech kimnikidan kam qilmaydi. Haftalik o`tgandan keyin ham chuqurroq nafas olishga shoshilmang. Buyog`i hayit, tug`ilgan kunlar degandek. Qudangizning mushigi tug`sa ham yo`qlayverasiz endi.

Darvoqe…

 To`y-hashamlarni tartibga solish, ortiqcha dabdabaga berilmaslik yuzasidan O`zbekiston Respublikasi prezidentining 1998 yil 28 oktyabrda “To`y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bag`ishlangan tadbirlarni o`tkazishni tartibga solish to`g`risida”gi PF-2100 sonli Farmoni qabul qilingan edi. 2012 yilning 18 aprelida esa Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining shu ma`nodagi qarori e`lon qilindi.

P/S.: To`yni qanday qilish, yillar davomida to`plagan davlatini qay yo`sinda sarflash albatta har kimning o`z ishi. Biroq, o`zimni ko`rsataman deb boshqalarning nafsoniyatiga tegib, qo`li kaltalik qilayotgan odamlarni qiynab qo`yayotganimizni, mol-u, davlatni deb yosh oilalarning buzilib ketishiga sababchi bo`lib qolayotganimizni unutmaylik. Evropaga taqlid qilib kelinlarga elkasi ochiq kiyim kiydirishni o`rgandik, gul otish marosimini ham huddi o`zimiznikidek qabul qildig-u, lekin, ular kabi kam harajat 50-100 kishi bilan, ortiqcha isrofsiz to`y qilishni hech o`rganolmayapmiz-da. Axir baxt mol davlat yoki dabdabada emas-ku. Ajrashish arafasida jar yoqasida turgan oilani boylik, tog`ora-yu, mebellar, sandiq to`la sarpolar saqlab qololganda edi... Gazetamizning kelgusi sonlarida mavzuga albatta qaytib, o`g`il uylanshtirishdagi ortiqcha harjlarni tahlil etamiz. Fikr va mulohazalaringizni esa kutib qolamiz.

Qamariddin ShAYXOV

 

 

 

 

 

    Boshqa yangiliklar