1

Qanday holatlarda sud qarorlarini o`zgartirish yoki bekor qilish mumkin?

Jamiyat 03.06.2020, 16:38
Qanday holatlarda sud qarorlarini o`zgartirish yoki bekor qilish mumkin?

Har qanday davlatning obro`-e`tibori va nufuzi shu mamlakatda inson huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari qay darajada ta`minlangani bilan baholanadi. Fuqarolarning qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish esa sud organlari bilan bog`liq. Mamlakatimizda bosqichma-bosqich olib borilayotgan sud-huquq islohotlarining tub mohiyati, avvalo, sud hokimiyatining mustaqilligini ta`minlashga, uning jamiyatdagi nufuzi va mavqeini oshirishga, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish hamda qonuniylikni ta`minlashga qaratilganligi bilan g`oyatda qimmatli...

Tabiiyki, fuqaro sud dargohiga adolat topish ilinjida keladi. Insonparvarlik, qonuniylik, adolatlilik va demokratik tamoyillar asosida huquqlari himoya qilinishi fuqaroda mustaqil sud hokimiyatiga nisbatan bo`lgan ishonchni keskin oshiradi.

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida sud hokimiyati chiqargan hujjatlar barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiyligi nazarda tutilgan. Sud hujjatlarining buyruq tarzidagi o`ziga xos tabiati ularning shakl va mazmuniga alohida qat`iy talablarni qo`yadi. Shu sababli sud hujjatlarini to`g`ri tushunish va aniq ijrosini ta`minlash uchun sudlar tomonidan chiqarilayotgan sud hujjatini amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirish, prosessual norma va qoidalarga rioya qilish o`ta muhim sanaladi.

Shuhrat KAMOLOV,

Jinoyat ishlari bo`yicha Navoiy viloyat sudi raisining o`rinbosari:

— Sudlar zimmasiga yuklatilgan odil sudlovni amalga oshirish vakolati sudlar tomonidan chiqariladigan sud hujjatlarida namoyon bo`ladi. Odil sudlovni ta`minlash kafolati sanalgan ushbu qonun normasi amaldagi Jinoyat prosessual kodeksining 478-moddasida aniq belgilab qo`yilgan. Ushbu moddaga muvofiq, sud hukmi, ajrimi va qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi apellyasiya, kassasiya va nazorat tartibida tekshirilishi mumkin.

Jinoyat ishlari bo`yicha sudlar tomonidan mazmunan ko`rib chiqilgan ishlar yuzasidan chiqarilgan hukm, ajrim va qarorlarning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning umumiy shartlari O`zbekiston Respublikasi Jinoyat-prosessual kodeksining 55-bobida nazarda tutilgan bo`lib, unga ko`ra ishni yuqori instansiya sudi tomonidan ko`rish:

apellyasiya tartibida - mahkum, uning himoyachisi, qonuniy vakili, shuningdek jabrlanuvchi, uning vakilining sudning qonuniy kuchga kirmagan hukmi ustidan; fuqaroviy da`vogar, fuqaroviy javobgar va ular vakillarining hukmning fuqaroviy da`voga daxldor qismi ustidan; oqlangan shaxs, uning himoyachisi va qonuniy vakilining hukmning oqlash sabablari va asoslariga doir qismi ustidan hamda ishda taraf bo`lmagan shaxslarning sud hukmining o`z huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qismi ustidan bergan shikoyatlari, prokuror va uning o`rinbosarining protestiga binoan ;

kassasiya tartibida – sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi ustidan mahkum, uning himoyachisi, qonuniy vakili, shuningdek jabrlanuvchi, uning vakilining; fuqaroviy da`vogar, fuqaroviy javobgar va ular vakillarining hukmning fuqaroviy da`voga daxldor qismi ustidan; oqlangan shaxs, uning himoyachisi va qonuniy vakilining hukmning oqlash sabablari va asoslariga doir qismi ustidan hamda ishda taraf bo`lmagan shaxslarning sud hukmining o`z huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qismi ustidan bergan shikoyatlariga hamda O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, uning o`rinbosarlari, Qoraqalpog`iston Respublikasi prokurori, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari hamda ularga tenglashtirilgan prokurorlarning kassasiya tartibida keltirgan protestlariga binoan; 

nazorat tartibida - O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki ularning o`rinbosarlari protestlariga binoan, yangi ochilgan holatlar munosabati bilan esa O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o`rinbosari protesti, shuningdek yuqorida nazarda tutilgan shaxslarning shikoyatlari bo`yicha amalga oshiriladi.

Apellyasiya, kassasiya va nazorat instansiyasi sudi quyi instansiya sudi tomonidan ishning haqiqiy holatlari qanchalik to`g`ri aniqlanganligini, jinoyat va jinoyat-prosessual qonuni normalari qanchalik to`g`ri qo`llanilganligini tekshiradi.

Yuqori instansiya sudi, agar chiqarilgan sud qarori moddiy va prosessual qonun talablariga muvofiq ekanligini aniqlasa, uni o`zgarishsiz qoldirish haqida ajrim, qaror qabul qiladi. Sud qarori o`zgarishsiz qoldirilganida yuqori instansiya sudi JPK 533-moddasi birinchi qismi 3-bandida ko`rsatilgan asos mavjud bo`lganda – hukmning ijrosini kechiktirishga hamda amnistiya aktini qo`llashga haqli. 

O`zbekiston Respublikasi JPK 484-moddasida hukm bekor qilinishi va o`zgartirilishi uchun umumiy asoslar belgilangan bo`lib, unga muvofiq:

1) sud tergovining to`liq emasligi yoki bir yoqlama olib borilganligi;

2) hukmda bayon qilingan sud xulosalari ishning haqiqiy holatlariga muvofiq emasligi;

3) ushbu Kodeks normalarining jiddiy buzilganligi;

4) Jinoyat kodeksi normalarining noto`g`ri qo`llanilganligi;

5) jazoning adolatsizligi sud qarorlarining apellyasiya, kassasiya yoxud nazorat tartibida bekor qilinishiga yoki o`zgartirilishiga asos bo`ladi.

Sud jinoyat ishini apellyasiya yoki kassasiya tartibida ko`rib chiqib:

- birinchi instansiya sudining hukmini o`zgarishsiz, shikoyatni yoki protestni esa qanoatlantirishsiz qoldirishga; 

- birinchi instansiya sudining ayblov hukmini bekor qilishga va oqlov hukmi chiqarishga; 

- birinchi instansiya sudining oqlov hukmini bekor qilishga va ayblov hukmi chiqarishga; 

- birinchi instansiya sudining ayblov hukmini bekor qilishga va ishni tugatishga; 

- birinchi instansiya sudining hukmini o`zgartirishga, shu jumladan ayblov hajmini, jinoyatning tavsiflanishini o`zgartirishga, jazoni engillashtirishga yoki kuchaytirishga, shuningdek og`irroq jinoyatga doir qonunni qo`llashga haqli.

O`zbekiston Respublikasi JPK 521-moddasiga muvofiq, nazorat instansiyasi sudi ishni nazorat tartibida ko`rib chiqib o`zining ajrimi, qarori bilan :

- hukmni, ajrimni, qarorni o`zgarishsiz, shikoyatni yoki protestni esa qanoatlantirishsiz qoldirishga; 

- ajrimni, qarorni bekor qilishga va ishni yangidan apellyasiya yoki kassasiya tartibida ko`rib chiqish uchun yuborishga; 

- hukmni, ajrimni, qarorni bekor qilishga va ishni tugatishga; 

- hukmni, ajrimni, qarorni o`zgartirishga haqlidir.

Qonun talabiga ko`ra, nazorat instansiyasi sudi jinoyat ishini nazorat tartibida ko`rib qisman sud tergovi o`tkazish yo`li bilan kamchiliklarni to`ldirish yoki aniqlangan kamchiliklarni yoxud prosessual qoidabuzarliklarni bartaraf etish imkoniyati bo`lmagan taqdirda, apellyasiya yoki kassasiya ajrimini, shuningdek keyinchalik sud ajrimlari, qarorlari chiqarilgan bo`lsa, ularni ham bekor qilgan holda ishni yangitdan apellyasiya yoki kassasiya tartibida ko`rib chiqishga o`tkazishi mumkin. 

Apellyasiya, kassasiya instansiyasi sudlari esa to`liq yoki qisman sud tergovi o`tkazishga, hukmni bekor qilishga va yangi hukm chiqarishga yoxud hukmga o`zgartirishlar kiritishga haqlidir. 

Nazorat instansiyasi sudi, agar birinchi instansiya, apellyasiya yoki kassasiya instansiyalari sudi tomonidan yo`l qo`yilgan kamchiliklarni to`ldirish va prosessual qoidabuzarliklarni bartaraf etish imkoniyati bo`lsa, qisman sud tergovi o`tkazish va hukmga o`zgartishlar kiritishga vakolatlidir. 

Yuqori instansiya sudi asoslar mavjud bo`lgan taqdirda, mahkumni o`ta xavfli residivist deb topishga, unga jazoni ijro etish koloniyasining qattiqroq turini belgilashga, jinoyat oqibatida etkazilgan zararni qoplash miqdorini ko`paytirishga, shu bilan birgalikda hukmning ayrim mahkumlarga qo`yilgan ayblov qismini yoki fuqaroviy da`vo qismini bekor qilishga yoki o`zgartirishga haqlidir. 

Ishni apellyasiya, kassasiya yoki nazorat tartibida ko`rib chiqish chog`ida Jinoyat kodeksi noto`g`ri qo`llanilganligi yoxud jinoyatning og`irlik darajasiga va mahkumning shaxsiga muvofiq kelmaydigan jazo belgilanganligi haqida xulosaga kelinsa, sud ishni yangidan ko`rib chiqishga yubormasdan Jinoyat-prosessual kodeksi 494-moddasi talablariga rioya etgan holda hukmga, ajrimga, qarorga zarur o`zgartirishlar kiritishi mumkin. 

Qonunda ishni apellyasiya, kassasiya yoki nazorat tartibida ko`rib chiqish jarayonida Jinoyat prosessual kodeksi 83-moddasi va 
84-moddasining birinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan asoslar mavjudligi aniqlangan taqdirda, shuningdek birinchi instansiya sudida ko`rib chiqilgan dalillar sudlanuvchini aybli deb topish uchun etarli bo`lmay qo`shimcha dalillar to`plash imkoniyati qolmagan bo`lsa, ayblov hukmi bekor qilinib, jinoyat ishi tugatilishi nazarda tutilgan. 

Shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod etishni nazarda tutuvchi amnistiya aktiga zid ravishda yoki jinoiy javobgarlikka tortish muddati o`tgandan so`ng jinoyat ishi qo`zg`atilgan hollarda, sud qarorlari, garchi ularda mahkum jazodan ozod qilingan bo`lsa ham, bekor qilinib, ish tugatilishi kerak.

O`zbekiston Respublikasining 2018 yil 29 yanvardagi №O`RQ-463-sonli qonuni bilan O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga kiritilgan o`zgartirishlarga muvofiq, apellyasiya va kassasiya instansiyasi sudlarining ishni ko`rib chiqish chog`ida jazoni kuchaytirishga, xuddi shuningdek og`irroq jinoyatga doir qonunni qo`llashga faqatgina ana shu asoslar bo`yicha jabrlanuvchi tomonidan shikoyat berilgan yoki prokuror tomonidan protest bildirilgan hollarda haqliligi belgilandi. 

Ayni vaqtda, sud jinoyat ishini nazorat tartibida qo`rib chiqish chog`ida jazoni kuchaytirishga, xuddi shuningdek og`irroq jinoyatga doir qonunni qo`llashga haqli emas. 

Oqlov hukmi yuqori sud tomonidan faqat prokurorning apellyasiya yoki kassasiya protesti, jabrlanuvchining yoki uning vakilining shikoyati yoxud oqlangan shaxsning, uning himoyachisining yoki qonuniy vakilining apellyasiya yoki kassasiya shikoyati, shuningdek jabrlanuvchining yoxud uning vakilining, oqlangan shaxsning shikoyati yoki nazorat tartibida berilgan protest bo`yicha bekor qilinishi mumkin. 

Oliy sud Plenumining 2018 yil 24 avgustdagi “Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini apellyasiya va kassasiya tartibida ko`rish amaliyoti to`g`risida”gi qarorining 25-bandida berilgan rahbariy tushuntirishlarga muvofiq, apellyasiya, kassasiya instansiyasi sudi hukmni o`zgartirish uchun asoslar mavjud bo`lganda quyidagilarga haqli:

  • qilmishni JK boshqa moddasiga (bir necha moddalariga) qayta kvalifikasiya qilishga;
  • hukmdan ayblovning bir qismini (ayrim epizodlarini) yoki mahkumning javobgarligini og`irlashtiruvchi belgilarni chiqarishga;
  • ayblovning birinchi instansiya sudi tomonidan chiqarilgan bir qismini (ayrim epizodlarini) ayblovga qo`shishga;
  • hukmdan jinoyatlarning ideal majmui tariqasida qilmishni noto`g`ri baholash tufayli ortiqcha e`lon qilingan JK moddasini chiqarishga;
  • JK 70-72-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo`lganda - mahkumni jazodan ozod qilishga;
  • jazo miqdorini o`zgartirib, JK Maxsus qismi moddasi sanksiyasi doirasida engilroq yoki og`irroq jazo (asosiy va qo`shimcha) tayinlashga yoxud JK 57-moddasini qo`llagan holda boshqa jazo tayinlashga;
  • JK 59 yoki 60-moddasini qo`llab, jazo miqdorini o`zgartirishga;
  • jinoyat natijasida etkazilgan zararni qoplash miqdorini ko`paytirish yoki kamaytirishga, shuningdek ushbu masala birinchi instansiya sudi tomonidan hal etilmagan hollarda - bunday zararni qoplash to`g`risida qaror qabul qilishga;
  • mahkumni o`ta xavfli residivist deb topishga yoki hukmdan uni o`ta xavfli residivist deb topish haqidagi qarorni chiqarishga;
  • mahkumga nisbatan jazoni ijro etish koloniyasining boshqa, shu jumladan qattiqroq turini belgilashga.
  • Apellyasiya, kassasiya instansiyasi sudi agar ishni ko`rish vaqtida sudlanuvchi tomonidan ayb e`lon qilinmagan boshqa jinoyat sodir etilganligini ko`rsatuvchi holatlar aniqlansa, JPK 416-moddasi birinchi qismi qoidalariga muvofiq;
  • javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligini ko`rsatuvchi holatlar aniqlansa, JPK 417-moddasi birinchi qismi qoidalariga muvofiq qaror qabul qiladi.

Nazorat instansiyasi sudi esa, JPK 494-moddasiga muvofiq og`irroq jinoyatga doir qonunni qo`llash yoki jazoni kuchaytirishga zarurat bo`lganida, apellyasiya yoki kassasiya instansiyasi ajrimini bekor qilib, ishni apellyasiya yoki kassasiya tartibida yangidan ko`rish uchun yuborishga faqat shu asoslar bo`yicha jabrlanuvchi tomonidan shikoyat berilgan yoki prokuror tomonidan protest bildirilgan holda haqli. 

Oliy sud Plenumining 2015 yil 18 sentyabrdagi “Sudlanganlik holati tugallanishi va olib tashlanishiga oid qonunchilikni qo`llash bo`yicha sud amaliyoti to`g`risida”gi qarorining 2-bandida, jazo tayinlanmagan holda ayblov hukmi chiqarilgan (JKning 70, 71,76-moddalari) yoxud shaxs bir vaqtning o`zida asosiy va qo`shimcha jazodan birinchi, apellyasiya, kassasiya yoki nazorat instansiyasi sudi tomonidan ozod qilingan (JKning 69,75,76-moddalari) bo`lsa, shaxs sudlanmagan hisoblanishi haqida tushuntirish berilgan.

Shu o`rinda sud amaliyotidan misol keltiradigan bo`lsak, birinchi bosqich sudining 2019 yil 11 fevraldagi hukmiga ko`ra, A.Mamatov (ism- familiyalar o`zgartirildi) Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan Jinoyat kodeksining 841-moddasiga asosan bir yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga sudlangan.

Ish hujjatlariga qaraganda, A.Mamatov muqaddam jinoyat ishlari bo`yicha Navbahor tuman sudining 2018 yil 11 dekabrdagi hukmiga ko`ra, Jinoyat kodeksi 169-moddasi 2-qismining “v,g” bandlari bilan aybli topilib, Jinoyat kodeksining 71-moddasiga asosan jazodan ozod qilingan.

Biroq, sud tomonidan qonunning yuqoridagi talablari hamda Oliy sud Plenumi qarori tushuntirishlariga rioya etilmagan. A.Mamatov muqaddam sud hukmi bilan jazodan ozod qilingan (sudlanmagan) bo`lsa-da, mazkur jinoyat ishi bo`yicha u Jinoyat kodeksi 169-moddasi 3-qismining 
“a” bandi (xavfli residivist) bilan aybli topilib, xatoga yo`l qo`yilgan.

Jinoyat ishlari bo`yicha Navoiy viloyat sudi kassasiya instansiyasining 2019 yil 18 iyundagi ajrimi bilan hukmning voyaga etmagan A.Mamatovga oid qismi o`zgartirildi. Uning harakatlari Jinoyat kodeksi 169-moddasi 3-qismining “a” bandidan, Jinoyat kodeksi 
169-moddasi 2-qismining “v” bandiga qayta malakalandi. A.Mamatovga Jinoyat kodeksining 841-moddasiga asoslangan holda sanksiya doirasida ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Jinoyat qonunchiligi me`yorlarida jazoni o`tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish, shuningdek jazoni engilroq jazo bilan almashtirish mezonlari mavjud. Jinoyat kodeksining 73-moddasi 
3-qismining “a” bandida, jazoni o`tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish mahkum uncha og`ir bo`lmagan jinoyati uchun sud tayinlagan jazo muddatining kamida uchdan bir qismini haqiqatda o`tab bo`lganidan keyin qo`llanilishi mumkinligi qayd etilgan. Yoki Jinoyat kodeksining 74-moddasi 6-qismida, jazosi engilroq jazo bilan almashtirilgan shaxslar engilroq jazoning tegishli qismini o`tab bo`lganlaridan keyin Jinoyat kodeksining 73-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga binoan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilinishlari mumkinligi belgilangan.

Shuningdek, Oliy sud Plenumining 2016 yil 27 dekabrdagi “Jazoni o`tashdan muddatidan ilgari ozod qilish va jazoni engilrog`i bilan almashtirish bo`yicha sud amaliyoti to`g`risida”gi qarorining 6-bandida, jazoni o`tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish instituti Jinoyat kodeksining 74-moddasiga muvofiq jazosi engilroq jazo turi bilan almashtirilgan shaxslarga nisbatan ham qo`llanishi mumkinligi, bunda mahkum tomonidan engilroq jazoning Jinoyat kodeksining 73-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan qoidalarga binoan, mazkur jazo ijrosi boshlangan kundan hisoblanadigan muayyan muddati amalda o`taganidan so`ng u jazoni o`tashdan muddatidan ilgari ozod qilinishi mumkinligi haqida sudlarga rahbariy tushuntirish berilgan. 

Birinchi bosqich sudining 2019 yil 17 maydagi ajrimiga ko`ra, tuman IIO probasiya guruhining taqdimnomasi qanoatlantirilgan. Mahkum F.Karimov o`talmay qolgan 1 yil 11 oy 26 kun axloq tuzatish ishlari jazosidan Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilingan. 

Biroq, ish bo`yicha qayd etilgan qonun va Oliy sud Plenumi qarori talablari buzilgan. Ish hujjatlariga qaraganda, F.Karimov tuman sudining 2018 yil 9 apreldagi hukmi bilan Jinoyat kodeksi 169-moddasi 
2-qismining “b,v,g” bandlari bilan 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga sudlangan.

Sudning 2018 yil 16 oktyabrdagi ajrimiga ko`ra, Jinoyat kodeksining 481-moddasi 6-qismi tartibida F.Karimovga o`talmagan 2 yil 6 oy 9 kun ozodlikni cheklash jazosi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilgan. 

Sudning 2019 yil 4 apreldagi ajrimi bilan mahkum F.Karimovning o`talmay qolgan 2 yil 2 oy 20 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi shu muddatga oylik ish haqining 15 foizi miqdorini davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan.

Birinchi bosqich sudi mahkum F.Karimovni Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan o`talmay qolgan axloq tuzatish ishlari jazosidan muddatidan ilgari shartli ozod qilishda mazkur jazoning amalda uchdan bir qismini o`tamaganligini e`tibordan chetda qoldirib, xatolikka yo`l qo`ygan. Sudlov hay`ati tuman sudining 2019 yil 17 maydagi F.Karimovga nisbatan chiqarilgan ushbu ajrimini bekor qilib, tuman IIO probasiya guruhining taqdimnomasini qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topdi.

Xulosa qilib aytganda, jahon sud-huquq sohasida eng sharafli, obro`li va ayni paytda mas`uliyatli, odil sudlov yo`li bilan adolat va qonun ustivorligini ta`minlovchi, fuqarolarning sud himoyasida bo`lishdek xalqaro huquq bilan kafolatlangan huquqlarini himoya qiluvchi, oddiy til bilan aytganda, adolat tarozisi oldida haqni haq, nohaqni nohaq ekanligi haqida davlat nomidan xolis yakuniy so`zni aytuvchi mashaqqatli kasblardan biri sudyalikdir.

Prezidentimiz ta`biri bilan aytganda, “biz barpo etayotgan huquqiy demokratik davlatda inson, jamiyat uchun eng muqaddas qadriyat bo`lgan adolat faqat va faqat qonun asosida sud hukmi bilan ta`minlanadi. Ona tilimizdagi “odil sudlov” degan iborada juda katta ma`no bor. Ya`ni har qanday masalani faqat sud odil va adolatli hal qilishi mumkin. Adolat, haqiqat esa bahslarda, tomonlarning qarash va yondashuvlarini taqqoslab, xolis hukm chiqarish orqali namoyon bo`ladi”.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1