2024 yilda reja bo‘yicha 29,1 milliard kVt.soat elektr energiyasi o‘rniga, amalda 31,9 milliard kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bunda ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari 110 foizga bajarilishiga erishildi. Bu haqda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Shuningdek, 2024 yilda korxonalar tomonidan 11,1 million Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarilib, tarmoqqa uzatilgan.
Yoqilg‘ini iqtisod qilish bo‘yicha esa rejadagi
700,5 million kubmetr tabiiy gaz o‘rnida, amalda 1 mlrd. kubmetr tabiiy gaz iqtisod qilindi yoki reja ko‘rsatkichi 147,9 foizga bajarildi.
Elektr energiyasi iqtisodi bo‘yicha rejadagi 117,8 million kVt.soat o‘rniga, amalda 163,5 million kVt.soat elektr energiyasi iqtisod qilinishiga erishildi yoki reja ko‘rsatkichi 138,8 foizga bajarildi.
Mahalliylashtirish dasturi doirasida 26 ta loyiha asosida qiymati 58,9 milliard so‘m bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda ushbu ko‘rsatkich 61,3 milliard so‘mga yoki 104,0 foizga bajarilishi ta’minlandi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan 2024 yilda barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan investitsiya loyihalari doirasida reja bo‘yicha 616,94 million AQSH dollari o‘zlashtirilishi lozim edi. Amalda 646,14 million AQSH dollari o‘zlashtirilishi ta’minlandi. Bunda ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari 104,7 foizga bajarilishiga erishildi.
2024 yil may oyida “Toshkent IEMda quvvati 32 MVtga teng bo‘lgan 2 ta gaz turbina qurilmasini qurish” investitsiya loyihasi ishga tushirildi.
Shu bilan birga, 2024 yil 13 dekabrda “Toshkent shahrining issiqlik ta’minoti so‘nggi nuqtalarida joylashgan 6 mahallalarida kogeneratsiya loyihalarini amalga oshirish” investitsiya loyihasi doirasida Olmazor tumanida kogeneratsiya loyihasi muvaffaqiyatli ishga tushirildi.
Ayni paytda Tolimarjon IESda umumiy quvvati 1065 MVT va Navoiy IES da umumiy quvvati 650 MVt bo‘lgan zamonaviy bug‘ gaz qurilmalari bunyod etish ishlari davom ettirilmoqda.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ oldida turgan muhim vazifalardan biri - bu mahsulot tannarxini pasaytirish hisoblanadi, shu maqsadda olib borilgan chora-tadbirlar natijasida 2024 yilda mahsulot tannarxi 1,6 trillion so‘mga pasaytirish rejalashtirilgan edi, amalda esa 1,95 trillion so‘mga pasaytirildi, bunda reja 118 foizga bajarildi.