AsosiyJinoyat

DOVONDA DOVLAShGAN “DOVYuRAK”LAR

  Qamchiq dovoni Farg`ona vodiysini malmkatimizning qolgan hududlari bilan bog`lab turuvchi asosiy ko`prik sanaladi. Ayni paytda bu hududda harakat xavfsizligini ta`minlash, yo`lovchi va haydovchilar uchun barcha sharoitlarni yaratish borasida keng qamrovli ishlar olib borilyapti.

                            Sholi bahona suv ichgan “kurmaklar”

Har yil bu hududdagi yo`llarni ta`mirlash, mavjud sharoitlarni yanada yaxshilash maqsadida davlatimiz xazinasidan juda katta miqdorda mablag` ajratiladi. Shuning uchun bo`lsa kerak, bu hududddagi yo`llarda qurilish va ta`mirlash ishlari muntazam davom etadi. Maqsad bitta: yo`lovchilar tez, xavfsiz va eson-omon o`z manziliga etib olsin.

         Bu borada amalga oshirilayotgan ishlarda yo`l qurilishi tashkilotlari zimmasiga ham katta mas`uliyat yuklatiladi. Yo`lsozlar, mutasaddi tashkilotlar bu boradagi vazifalarini vijdonan ado etishi lozim. Aks holda...

         Hikoyamiz qahramonlari ham aslida vijdondan jig`ildon ustun qo`yib, o`z nafsini rozi qilish uchun davlatning, xalqning millionlarini o`rmarishdan qaytmagan kimsalar toifasidan.

         Qirq beshni qoralagan Murodilloxon Abdullaxaev   qurilish borasida ancha-muncha tajribaga ega. Shu sababli 2007 yildayoq  “Shoh Jaloliddin Somoniy”  nomli mas`uliyati cheklangan jamiyatga asos solib,  shu yo`nalishda faoliyat yurita boshladi. Ancha-muncha ob`ektlarni foydalanishga topshirach, uning xizmatiga talab ham, qiziqish ham orta boshladi.

         Keyin esa, qurilish tizimida har xil nayranglar qo`llab, mo`may daromad orttirishi mumkinligini anglagach, Murodilloxonning  fikri buzildi. Rost, u to`g`ri yo`l bilan ham kam pul topmasdi. Ammo, nafs qurg`ur insonni ne kuylarga solmaydi.

         Murodilloxon  avval o`ziga o`xshagan, pul desa o`zini tomdan tashlaydigan kimsalarni qidirib topdi, ularninng  davrasiga qo`shildi. Ular bilan qanday, qaerdan, qay tarzda pul o`marish yo`llari haqida birgalashib bosh qotirishdi, turli hiyla-nayranglar o`ylab topishdi. Bu jinoiy to`daning boshida esa, “Qamchiqavtoyo`l” Ixtisoslashtirilgan yo`llardan foydalanish korxonasi (IYFK) direktori Nosirjon Jo`raev turardi. Shuningdek, bu to`daga mazkur korxona bosh muhandisi Akramjon Hamdamov, bo`lim boshliqlari Rahmatulla Pattaev va Sobirjon Abdixoliqov, bo`lim bosh mutaxassisi Asatilla Normirzaev ham jalb qilindi. Qo`ying-chi, ushbu korxonaning sobiq rahbariyu, mas`ul xodimlaridan tortib, O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo`l jamg`armasining ayrim  mansabdor shaxslari bu jinoiy davradan  joy olishgandi.

                                      Ishtaha osh ustida keladi

         Davra ahlining har biri qiladigan ishlarini oldindan belgilab olgandi. Odatda “Qamchiqavtoyo`l” IYFK hamda “Shoh Jaloliddin Somoniy” MChJ o`rtasida biror ob`ektning qurilishi yoki ta`mirilishi bo`yicha shartnoma imzolanar, ushbu shartnomaga muvofiq Moliya vazirligi huzuridagi Yo`l jamg`armasidan “Shoh Jaloliddin Somoniy” MChJ hisob-raqamiga tegishli midorda pul mablag`lari ko`chirilar, keyin esa, MChJ tomonidan bajarilgan har bir ishning hisob-kitobi aks etgan hujjatlar tegishli idoralarga “silliqqina” taqdim etilardi. Xo`sh, buning nimasi qonunbuzarlik deysizmi? Hammasi ana shunda-da! Qog`ozda ko`rsatilgan summa bilan haqiqiatdan sarflangan, ishlatilgan mablag` orasida er bilan osmoncha tafovut bo`lardi. Bu “tafovut” esa, biz hali aytganimiz – “davra ahli” o`rtasida taqsimlanardi. Zero, yo`l qurilishi va ta`mirlash ishlari uchun kerak bo`ladigan barcha hujjatlarni ishlab chiqadigan, tekshiradigan, tasdiqlaydiganlarning asosiy “qo`llar” shu davradan o`rin olgandi.

         “Davra”ning kattaligi va uning ichida “katta”larning ham borligi biz aytgan tafovut raqamlari ortida nechtadan nollar turishini taxminan bo`lsa-da, tasavvur etishingizga imkon bergandir?

         Deylik, 2012 yilning oktyabr  oyida “Shoh Jaloliddin Somoniy”MChJ va “Qamchiqavtoyo`l” IYFK o`rtasida Guliston-Bo`ka-Angren-Qo`qon-Angren-O`sh avtomobil yo`lida “Ergashsoy”, “Ohangaron”, “Qamchiqsoy” va “Rezaksoy” ko`priklarida qurilish ta`mirlash ishlarini bajarish uchun pudrat shartnomasi imzolandi. Ushbu shartnoma bo`yicha jami 443 mln so`mlikdan ortiq ish bajarilgani rasman qayd etiladi. Ammo, keyinchalik olib borilgan tekshiruvlar natijasida bu hududda  hammasi bo`lib, salkam 243 million so`mlik ish bajarilgan bo`lib chiqdi. Qolgan mablag`lar, aniqrog`i 200 million so`mdan ziyod mablag`  go`yoki ishchilarning ish haqi, texnika, qurilish materiallari, transport, soliq  va boshqa xarajatlar uchun sarflangan deya ko`rsatilsa-da, aslida hamtovoqlar o`rtasida taqsimlangan edi.

         Yana bir gap: Tegishli qonun hujjatlariga ko`ra mazkur MChJ davlatga qo`shilgan qiymat solig`ini to`lashdan ozod etilgan. Biroq, jinoiy guruh a`zolari tegishli idoralarga taqdim etgan hujjatlarda 64 million so`mlikdan ortiq mablag`ni go`yoki soliqqa to`langani haqidagi soxta ma`lumotlarni kiritishgan. Tabiiyki, ushbu soxta ma`lumotlar ostida “bir kemaga tushganlarning” jimjimador imzolari tovlanib turardi.  Aslida bu pulllar ham jinoiy sheriklarning jig`ildonidan “lo`q” etib o`tgan va  xazm bo`lib ketgandi.

         Ovqat ishtaha ustida keladi, deb to`g`ri aytasharkan. Mo`may daromadning xuddi soydek oqib kelishi hamtovoqlarning ishtahasini oshirgandan oshirib yubordi. 2013 yilning iyun oyida sheriklarning chekiga  Angren shahridagi yangi asfalt-beton zavodining qurilishi va joriy ta`mirlash ishlari tushadi. Bu “ish”dan kelayotgan had-hisobsiz daromad hidi “hamkasb”larning uyqusini harom qilgandi.

         Jinoiy guruh a`zolari tomonidan tegishli idoralarga taqdim etilgan hujjatlarda yuqorida nomi zikr etilgan shartnoma asosida hammasi bo`lib 1 mlrd 211 mln so`mlikdan ortiq ish bajarilgani ko`rsatib o`tilgan. Aslida esa, “pichoqqa ilinadigan” ishlarning haqiqiy qiymati 1 milliard so`mdan sal oshardi, xolos. Oradagi tafovut 206 million so`mdan oshadi. Qani o`sha pul? Buni faqat biz tilga olgan ana shu jinoiy to`da a`zolari bilardi.

                            Shahar bedarvoza emas!

         “Hamkorlar”ning qing`ir ishlari faqat ana shu kirdikorlar bilan bitsa koshkiydi. 2013 yilning sentyabrida ular “Guliston-Bo`ka-Angren-Qo`qon-Andijon-O`sh” avtomobil yo`li bo`ylab  qo`riqlash punktlari, ko`prik, voler singari inshootlar barpo etish bo`yicha pudrat shartnmasi imzolashadi. Dalolatnomada bajarilgan ishlar hajmi salkam 83 million so`m etib belgilanadi. Aslida qilingan qishlarning umumiy qiymati 37 million so`mdan sal oshardi xolos.

         Bajarilgan va bajarilmagan ishlar o`rtasidagi farq esa, 45 million so`mdan oshadi. Bu pul ham sizu bizga ma`lum “ssenariy” asosida “qulog`ini ushlab ketgan”ini anglab turibsiz.

Bunday misollardan Sizga yana qancha kerak? Har doim “o`z foydasiga adashishni” o`rgangan Abdullaxaev va uning sheriklari jig`ildonni to`ldirish yo`lida yangi-yangi nayranglarni, qonunbuzarliklarni o`ylab topaverishdi. Ularning asl kirdikorlarini fosh etishi mumkin bo`lgan hujjatlar esa, qasdan yo`qotildi.

Biroq, qing`ir ishning qiyig`i qirq yil o`tib ham yuzaga chiqishi asrlar davomida qayta-qayta o`z isbotini topib kelgan. Afsuskui, ana shu haqiqatni bu ka-atta “davra” ahli tushunmadi. Tushunganida esa, kech bo`lgandi.

Tegishli idoralar tomonidan o`tkazilgan haqqoniy tekshiruvlar “hamkorlar”ning asl qiyofasini fosh etdi-qo`ydi. Aniq fakt, raqam va dalillar qarshisida ularning bari mum tishladi.

Jinoyat ishlari bo`yicha Angren shahar sudining hukmiga asosan, Murodilloxon Abdullaxaev mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog`liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, uch yil muddatga axloq tuzatish ishlariga jalb qilindi. U tomondan davlat g`aznasiga etkazilgan moddiy zarar ham to`liq unlirib olindi. Abdullaxaevning “hamtovoqlari” ham qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortildilar.

         Ana shunaqa gaplar! Qahramonlarimizning qismati mansabni daromad manbai deb qaraydigan kimsalar uchun yaxshigina saboq bo`lsa ajab emas.

                            Sohib IXTIYoR

    Boshqa yangiliklar