1

Bekoboddagi bog`chada 59 nafar tarbiyalanuvchi va 2 nafar tarbiyachining ovqatdan zaharlanishiga sabab bo`lgan shaxslarga hukm o`qildi

Jinoyat 17.06.2020, 13:25
Bekoboddagi bog`chada  59 nafar tarbiyalanuvchi va 2 nafar tarbiyachining ovqatdan zaharlanishiga sabab bo`lgan shaxslarga hukm o`qildi

Har doim “Bolalar – bizning kelajagimiz” deb bong uramiz va shu yo`nalishda so`nggi yillarda keng ko`lamli islohotlar ham olib borilmoqda. Prezidentimiz va hukumatimizning izchil sa`y-harakatlari tufayli Maktabgacha ta`lim vazirligi tashkil etildi, bolalarning maktabgacha ta`lim muassasalariga to`la qamrab olinishi shartligi davlat siyosati darajasigacha ko`tarildi. Mana shunday  mas`uliyatli, dolzarb vaqtda Bekobod shahridagi maktabgacha ta`lim muassasalaridan birida mudiraning loqaydligi, hamshiraning mas`uliyatsizligi va amalda gripp kasalligi bilan og`riyotgan oshxona xodimining ishga chiqib, “stafilakok aureusi” infeksiyasi bilan ovqat tayyorlash va taqsimlash jarayonida ishtirok etganligi natijasida 59 nafar tarbiyalanuvchi va 2 nafar tarbiyachining ovqatdan zaharlanishiga sababchi bo`lganligini kechirib bo`ladimi? Yo`q, albatta.

Shu o`rinda “stafilakok aureusi” infeksiyasi nima? degan savolga javob topib olaylik. “Stafilakok aureus” bakteriyasi uglevodga boy bo`lgan oziq-ovqat mahsulotiga tushsa, yarim soat ichida o`zidan toksin moddasi chiqaradi, agarda shu stafilakok toksin moddasi iste`mol orqali insonni ichki organizmiga tushsa, o`ta xavfli hisoblanadi. Boshqacha aytganda, inson organizmini zaharlaydi. Ushbu maktabgacha tarbiya muassasasida esa 2 kun davomida ertalabki nonushtaga sutli vermishel, tushlikka esa yogurt tarqatilib, bular uglevodga boy mahsulot hisoblanib, stafilakok toksinining ko`payishiga qulay muhit hisoblanadi.

Xo`sh, oshxona ishchisi, ya`ni xizmat vazifasiga oshxonaning idish-tovoqlarini yuvish bo`lgan E.R.dan nima uchun bog`cha tarbiyalanuvchilari va tarbiyachilariga yuqoridagi xavfli yuqumli kasallik yuqdi? Gap shundaki, E.R. dam olish kunlari o`z xohishi bilan 2 kun paxta yig`im-terimiga chiqqan va o`sha erdan gripp kasalligini yuqtirib kelgan edi. Garchand E.R.ning gripp kasalligiga chalinganini mudira bilan bosh hamshira bilgan bo`lishsada, faqat juma kuni davolanishi zarurligini aytib, ishdan jo`natib yuborishdi. Dushanba kuni esa E.R. yana ishga qaytib keldi. Mudiraning “Doktorga uchrab, davolandingmi?” degan savoliga E.R. uyida ukol olib, dori ichib davolanganini, doktorga bormaganini, yaxshi bo`lib qolganini aytib qo`ya qoldi. Vaholanki, nafaqat mudira, balki hamshira ham E.R.dan doktorning rasmiy ma`lumotnomasini talab qilishlari, amalda kasal bo`lganligi sababli uni ishga mutlaqo qo`ymasliklari shart edi. Biroq loqayd mudira va mas`uliyatsiz hamshira qoidadagidek ish tutishmadi. Natijada E.R. ishga 2 kun davomida tong saharlab kelib, tarbiyalanuvchilarga ovqat tayyorlash uchun mo`ljallangan oshxonada sanitariya-gigiena va epidemologiya qoidalariga rioya qilmasdan, o`zida mavjud bo`lgan “stafilakok aureusi” infeksiyasi bilan ovqat tayyorlash va taqsimlash jarayonida ishtirok etdi. Ya`ni, u o`z vazifasiga kirmasada qizilcha salatini qirg`ichdan o`tkazib tayyorlashga qarashgan, qizilchani qirg`ichdan o`tkazib bergan, bu salatni bolalarga ovqat tarqatilishidan chamasi bir soat oldin tayyorlagan. E.R. sanitariya qoidalariga rioya qilmasdan ishlagan, maskasini ertalabdan kechgacha taqib, almashtirmagan. U o`z ishidan tashqari oshpazlar bajarishi kerak bo`lgan boshqa ishlarni ham bajargan. Oqibatda tayyor holdagi oziq-ovqat mahsulotida “stafilakok aureus” infeksiyasi o`zidan toksin ishlab chiqarishiga qulay sharoit yaratib bergan.

Misol uchun, o`sha kuni tarbiyachi yordamchisi Z.R. ertalab bolalarni qabul qilib olganida, hamma bolalar yaxshi holatda bo`lgan. Ertalabki nonushta soat 8:40da berilgan, nonushtaga sup vermishel, sariyog`li non, konfet va choy tarqatilgan. Tushlikda 1-taomga ugrali suyuq ovqat, 2-taomga go`shtli palov, kiloli yogurt va non berilgan. Keyin bolalarning hammasi uxlash uchun yotishgan. Uyqudan turgandan so`ng tarbiyalanuvchi E`zozaning issig`i chiqqan, hamshira chaqirilgan. Hamshira esa qizchaga “parasetamol” dormisini berib, issig`ini tushirgan. Bolalar ketadigan vaqtda yana bir tarbiyalanuvchi Diyora qayt qila boshlagan.

Xullas, bir qancha bolalarning issig`i ko`tarilib, qayt qilayotgani aniq bo`lib qolgan bir vaqtda maktabgacha ta`lim muassasasi mudirasi Z.T. mansabdor shaxs bo`la turib, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 iyul kunidagi “Maktabgacha ta`lim muassasalarining faoliyatini takomillashtirish to`g`risida”gi 528-sonli qarori, 2017 yil 4 oktyabrdagi 795-son “Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini yanada takomillashtirish to`g`risida”gi qaroriga asosan O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirligining 2017 yil 30 dekabr kunidagi “Maktabgacha ta`lim vazirligi va uning tizimidagi xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflari” to`g`risidagi 56-sonli buyrug`iga ko`ra, MTM rahbari muassasada umumiy faoliyatga rahbarlik qilish, tarbiyalanuvchilar hayoti, sog`lig`ini muhofaza qilish, tibbiy xodimlarning ishlashi uchun zarur sharoit yaratish va yo`nalish bo`yicha ishlarini nazorat qilish, sanitariya-gigiena talablariga rioya qilgan holda ishni tashkil etish va nazoratini olib borish, sog`lom va xavfsiz rasional ovqatlantirish ishlarini tashkil etish, MTMda sifatli tibbiy xizmatni tashkil etish, hududiy sog`liqni saqlash muassasalari bilan hamkorlikda ishlashi, muassasa xodimlari va tarbiyalanuvchilarning tibbiy ko`rikdan o`tkazilishini nazorat qilishi, muassasada sanitariya va gigiena normalari qoidalariga qat`iy rioya qilishni ta`minlashi shart bo`lsada, o`z xizmat vazifalariga loqaydlik bilan qarab, zimmasidagi vazifalarini unutdi. 

Vaholanki, 3 tadan ortiq bolada bir xil kasallik alomatlari aniqlangan taqdirda, hamshira va mudira o`ziga biriktirilgan bolalar shifokoriga xabar berishi va MTMga infeksionist shifokorni chaqirishi zarur bo`lib, shifokor bolalarni ko`rikdan o`tkazishi va ularga malakali tibbiy yordam ko`rsatilishi tashkil etishi kerak edi. Hech bo`lmaganda, tez tibbiy yordam chaqirilishi lozim edi, agar shunday qilinganida, bolalarning oshqozoni tezroq yuvilishi va ertaroq davolanishi boshlanishiga, toksin moddasi inson organizmiga to`liq singib ketmasdan, qonga ham o`tmasdan oldinroq davolanish choralari ko`rilgan bo`lardi.

Maktabgacha tarbiya muassasasida bir guruh bolalarning ovqatdan zaharlanishshi yuz berganidan xabar topgan shifokorlar zudlik bilan muassasaga etib borib, tibbiy tekshiruvni tezroq amalga oshirib, natijasini olish maqsadida birinchi navbatda hamshiradan bir kunlik ovqat probasini berishini so`raganida, hamshira kunlik probani olib qo`yishga vaqti bo`lmaganini aytib, kunlik ovqat probasini taqdim qila olmadi. Shu bugun kungi kunlik probani taqdim qilishini so`raganida esa hamshira ushbu kunlik probani to`kib tashlashganini aytdi. Aslida kunlik ovqat probasi olingandan so`ng 24 soat mobaynida saqlanishi, kunlik ovqat probasini olib qo`yilmagani sanitarik tekshiruvlarni o`tkazilishini cho`zilishiga olib keldi. Keyin esa bosh shifokor tomonidan bolalarni uyma-uy yurib, ularni ham ovqatdan kasallangan yoki kasallanmaganligini aniqlash maqsadida surishtiruv ishlarini amalga oshirish, patronaj ishlarini tashkillashtirishga majbur bo`lindi. Shu tariqa patronajlar bolalarni markaziy kasalxonaga yotqizishdi. MTMda shu kuni sanitarik gigiena va epidemiologik umumiy tekshiruv o`tkazilib, bu bo`yicha kechikbroq xulosa berildi. MTMdagi bolalarning guruhlari va oshxona jihozlaridan kimyoviy, toksikologik va bakteriologik tekshiruvlar uchun namunalar olindi.

Eng muhimi, Bekobod shahar DSENMning xulosasiga ko`ra, tekshiruv dalolatnomasiga binoan 2012 yilda tug`ilgan Hakimova Muxlisa, 2015 yilda tug`ilgan Xan Artyom, 2012 yilda tug`ilgan Ortiqboev Uyg`unbek, 2013 yilda tug`ilgan Mahmudjonova Muslima, 2014 yilda tug`ilgan  Allanazarov Sardor, 2015 yilda tug`ilgan Eminjonov Imronbek, 2015 yilda tug`ilgan Kadirjonov Islom, 2013 yilda tug`ilgan Aliboeva Hilola, 2014 yilda tug`ilgan Mahmudjonova Kumush, 2015 yilda tug`ilgan Allanazarov Muhammad, 2015 yilda tug`ilgan Meliqulova Azima, 2014 yilda tug`ilgan Yusupov Akbarjon, 1990 yilda tug`ilgan Allaberdieva Lobar, 2014 yilda tug`ilgan Jamoliddinova Zilola, 2016 yilda tug`ilgan Aminjonov Husan, 2012 yilda tug`ilgan Qo`chqorova Nigoraxonlarning qusuq massasida “stafilakok aureus” infeksiyasi aniqlandi, stafilakok tashuvchanlikni tekshiruv natijalari bo`yicha 1996 yilda tug`ilgan G.Azimova, 1970 yilda tug`ilgan A.Hasanova, 1981 yilda tug`ilgan N.Karimova, 2000 yilda tug`ilgan M.Holiqulova, 1995 yilda tug`ilgan N.Jumaeva, 1980 yilda tug`ilgan M.Mamatov, 1991 yilda tug`ilgan D.Begimov, oshxona xodimi E.R.dan “stafilakok aureusi” kasalligi aniqlan. MTMdan bakteriologik labaratoriyaga olingan surtmalar tekshiruv natijalari bo`yicha 7-guruh ovqat stoli ustidan, 8-guruh shashka taxtasi va plastmassa o`yinchoqlaridan, 2-guruh piyola, qalamdonlar polkasidan, 3-guruh idish shkafi ichki polkasi, plastmassa o`yinchoq piramida, o`yinchoqlar shkafi polkasi, mehmonxona so`risi ushlagichi, plastmassa shaxmat doskasi, 6-guruh o`yinchoqlar shkafi polkasi, 1-guruh kutubxona polkasi, o`quv qurollari shkafi, oshxona ishchisining burni va qo`lidan “stafilakok aureusi” aniqlandi. Barcha bemorlar Bekobod shahar markaziy shifoxonasining yuqumli kasalliklar bo`limi tomonidan “Stafilakok etiologiyali ovqat toksikoinfeksiyasining gastrit turi” yakuniy tashhisi qo`yildi.

Albatta, kasallangan bolalar va tarbiyachilar 6 kundan ko`p bo`lmagan davolash muolajalaridan so`ng batamom sog`aytirildi.

Sud dastlabki tergov organi tomonidan mudira Z.T.ning mansabga sovuqqonlik bilan qarash, ya`ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organi mansabdor shaxsining o`z vazifalariga loqaydlik yoki vijdonsizlarcha munosabatda bo`lishi oqibatida ularni bajarmasligi yoki lozim darajada bajarmasligi fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko`p miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon etkazilishiga sabab bo`lishda ifodalangan qilmishi O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 207-moddasi 1-qismi bilan, hamshira va ishxona ishchisining sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelishda ifodalangan qilmishlari O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 2571-moddasi 1-qismi bilan to`g`ri kvalifikasiya qilingan, deb hisobladi.

Albatta, davlatimizning qonunlari adolatlidir, sudlanuvchilarga jazo tayinlashda birinchi galda insonparvarlik tamoyillaridan kelib chiqqqan holda jazo tayinlaydi. Bu gal ham xuddi shunday bo`ldi. Mudiraga amaldagi qonunlarga binoan har oylik ish haqidan 20 foiz davlat daromadi hisobiga ushlab qolish sharti bilan 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Hamshira va oshxona ishchisining har biriga esa 2 yildan ozodlikni cheklash jazo turlari qo`llanildi.

Alisher GAPPAROV, jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyati, Bekobod shahar sudining sudyasi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1