Avval xabar berganimizek, 31 may kuni Kitob tumanida koronavirus aniqlangan bo`lishi shubhasi bilan hudud karantinga olinib, ikki kun avval esa "qizil" toifaga o`tkazilgan edi. Biroq, bir muddat koronavirus bilan kasallanganlar ma`lumoti qayd etilmagan bo`lsada, hudud karantinga olingani hammada ko`plab savollarni keltirib chiqardi. Ushbu holatni esa Kitob tumani hokimligi, kasallik bilan shubhaga olingan fuqarolarning tahlil natijalari biroz kech chiqqani bilan bog`lagan.
Biroq, ushbu shubha ostidagi fuqarolar soni qaerdan paydo bo`ldi? Kitob tumanida ushbu vaziyat birdan qanday yuzaga keldi?
Sal avval, aniqrog`i Kitob tumaniga kirish-chiqish taqiqlangan 31 may kuni tumanda bir bemor ushbu kasallikdan vafot etgani katta shov-shuv bo`lgan edi. O`sha bemorning koronavirusdan o`lgani haqidagi rasmiy qog`oz ijtimoiy tarmoqlarda ham tarqalib ulgurgandi. Biroq, Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan fuqaro koronavirusdan emas, boshqa kasallikdan vafot etgani e`lon qilindi. Kuni kecha esa, Kitob tumanida koronavirusga chalingan 20 nafar fuqaro aniqlangani ma`lum bo`lgan.
Ayni paytda Kitob tumani hokimligining ma`lum qilishicha, tumanda 73 nafar kishi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida karantinga olingan. Shulardan 5 nafar kishida avvalroq kasallik aniqlanib, tasdiqlangan. Karantinga olinganlar ichidan bugungi holatda yana 20 nafar kishida kasallik aniqlanib, tasdiqlandi. Ya`ni, hozirgi paytda jami kasallanganlar soni 25 nafarni tashkil etmoqda.
Shulardan 17 nafari tibbiyot xodimlari,qolgan 8 nafar fuqaro, Toshkentdan og`ir ahvolda Kitobga, ya`ni uyiga qaytib kelib, tez yordam mashinasi orqali shoshilinch ravishda tuman tibbiyot birlashmasiga keltirilgan,barcha tibbiy yordam choralari ko`rilishiga qaramay, kasallikning og`ir alomatlari tufayli vafot etgan bemor bilan muloqotda bo`lgan yaqinlaridir, deyiladi rasmiy xabarda.
Demak, quyida yana bir, kitoblik fuqaroning koronavuirsdan o`lgani rasman aytib o`tilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, mahalliy ma`lumotlar Sog`liqni saqlash vazirligi statistikasini inkor etayotgani yana bir bor yaqqol yuzaga chiqib qoldi.






