DXX va IIV xodimlari tomonidan mavjud jinoyat ishi doirasida Toshkent shahrining Olmazor va Shayxontohur tumanlarida o`tkazilgan hamkorlikdagi tezkor tadbirlar natijasida O`zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 26 sentyabrdagi qarori bilan mamlakatimizda taqiqlangan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilotining 11 nafar tarafdorlaridan iborat yashirin guruh faoliyatiga chek qo`yildi.
Aniqlanishicha, ushbu guruhni tashkil etgan shaxsning o`zi dastavval joriy yilning yanvar oyida diniy ekstremistik oqimlar va terroristik tashkilotlarning g`oyaviy rahnamolari bo`lmish, hozirda Suriya va Turkiya davlatlarida qo`nim topgan, asli qirg`izistonlik laqabi “Abu Saloh” bo`lgan Sirojiddin Muxtorov, shuningdek, O`zbekiston fuqarolari bo`lgan “Abdulloh Zufar” laqabli Zofir G`afforov va “Sodiq Samarqandiy” laqabli Sodiq Muhammadievlarning da`vatlarini tinglab, ularning ta`siriga tushib qolgan.
So`ngra o`z atrofidagi insonlarni ham bu yo`lga targ`ib qila boshlagan.
Joriy yilning mart oyiga kelib, u “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti safiga qo`shilish uchun Suriya davlatiga chiqib ketishni reja qilgan va buning uchun o`ziga xorijga chiqish pasporti rasmiylashtirib olgan.
Biroq, koronavirus pandemiyasi tufayli O`zbekiston va Turkiyada joriy etilgan karantin choralari uning rejasining ro`yobga chiqishiga xalaqit bergan.
Ta`kidlash lozimki, noqonuniy yig`ilishlar davomida guruh a`zolari internet tarmog`i orqali yuklab olingan ekstremistik mazmundagi materiallarni tinglab, muhokama qilishgan. Hatto, ularning bir nechtasi “hijrat” va “jihod” qilish uchun Suriya davlatiga borishga xayrixohlik bildirishgan.
O`tkazilgan tezkor tadbirlar davomida guruh a`zolarining yashash manzillarida taqiqlangan diniy adabiyotlar va varaqalar, kompyuter, noutbuk, planshet, mobil telefon hamda flesh-kartalar borligi aniqlanib, ularda saqlanayotgan ma`lumotlarni ekspertizadan o`tkazish uchun prosessual tarzda rasmiylashtirilib olindi.
Hozirda tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.






