Sal avval Rossiya Federasiyasi Amur viloyati Svobodny tumanidagi «Renaissance Heavy Industries» kompaniyasiga tegishli vaqtinchalik vaxta shaharchasida O`zbekiston fuqarolari ishtirokida katta mojaro yuzaga kelgani va ushbu holat nazoratga olingani xabar qilingan edi.
Ayni paytda ma`lum qilinishicha, Rossiyaning Amur viloyati gurbernatori Vasiliy Orlov Renaissance Heavy Industries pudratchi kompaniyasi vakillari hamda Amur gazni qayta ishlash zavodi quruvchilari o`rtasidagi to`qnashuvdan keyin ishchilarga turli shakldagi yordamlar taklif qilinganini bildirdi. Bu haqda «RIA Novosti» xabar qilgan, deya yozdi Daryo.
«Rossiya 24» telekanalida efirga berilgan videoda zavod hududidagi ishchilar isyon ko`targani, zavod oshxonasi va hovlisidagi boshqa binolarga zarar etkazgani, huquq-tartibot idoralari xodimlariga faol qarshilik ko`rsatgani hamda mashinalarni ag`darib tashlagani aks etgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Amur viloyati prokuraturasi tomonidan Rossiya qonunchiligiga muvofiq «Bezorilik» hamda «Ommaviy tartibsizliklar» moddalari bo`yicha jinoiy ishlar ochilgani xabar qilingandi. Pudratchi kompaniya hamda o`zbekistonlik quruvchilar o`rtasidagi ixtilofga mehnat patentini to`lash masalasining hal etilmagani sabab bo`lgan. «Rossiya 24» telekanalining xabar berishicha, quruvchilar uch oylik karantin davri uchun maosh to`lanishini talab qilgan.
Orlov 13 iyul kuni zavodga borgan va ishchilar bilan uchrashgan, zavod hududida kompaniya rahbarlari, quruvchilar etakchilari, huquq tartibot va nazorat organlari xodimlari ishtirokida uchrashuv o`tkazilgan.
«Ishchilarga iqtisodiy tomondan ko`mak taklif qilindi. Ushbu mablag` ichiga karantin davridagi kompensasiya puli va vaxtada olti oy va undan ko`proq bo`lganlarga bir martalik maosh miqdoridagi to`lov ham kiritilgan. Renaissance Heavy Industries kompaniyasi ushbu choralar ko`rilishiga kafil bo`lgan. Pandemiya davrida ishchilarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash masalasi o`tkir muammo va quruvchilarda charchoq mavjud. Biz mazkur muammoga yaqin orada barham berilishiga umid qilamiz», — deya Orlov so`zlarini keltirgan «RIA Novosti».
Qayd etilishicha, qurilish maydonchasidagi asosiy ishlar tegishli tartibda davom etmoqda va loyihaga, taxminan, 29 ming nafar ishchi jalb qilingan.
«Qurilish maydonlarida huquq-tartibot idoralarining xodimlari ham ish faoliyatini davom ettirmoqda», — deyiladi viloyat ma`muriyatining bayonotida.






