Toshkent viloyatida 37 tup daraxt, jumladan, 26 tup ko`p yillik chinorlar noqonuniy ravishda kesib tashlandi. Etkazilgan zarar miqdori 1,1 mlrd so`mni tashkil etmoqda.
6 iyul kuni Nurafshonda o`tkazilgan tezkor reyd davomida Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari 37 tup qimmatbaho daraxt kesilganlik holati aniqladi. Bu haqda Ekologiya qo`mitasi matbuot xizmati xabar qildi.
Noqonuniy kesish natijasida «Qorasuv» mahallasid Toshkent yo`li va 4R-2 yo`li yoqasidagi daraxtlar zarar ko`rgan. Jami 37 tup daraxt kesilgan bo`lib, ularning 26 tupi — ko`p yillik chinor, 9 tupi — shumtol va 2 tupi — tikandaraxt (gledichiya).
Tabiat va o`simlik dunyosiga etkazilgan zarar miqdori 1,102 mlrd so`mni tashkil etmoqda. Bu — yil boshidan buyon eng yirik summa hisoblanadi, deya aniqlik kiritdi Ekologiya qo`mitasi vakili.
Mazkur holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan qonuniy chora ko`rish hamda etkazilgan zararni undirish maqsadida to`plangan hujjatlar prokuratura organlariga yuborildi.
Eslatib o`tamiz, davlat o`rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrgacha moratoriy joriy etilgan.






