Britaniyalik tadqiqotchilar tomonidan olib borilgan yangi izlanishlar natijasiga ko`ra, koronavirusning yo`talish, isitma va hid bilish qobiliyatini yo`qotish kabi alomatlari qatoriga teriga toshma toshishini ham qo`shish kerak.
Olimlar o`z tadiqotlarida Buyuk Britaniyada yaratilgan “COVID simptomlarini o`rganish” deb nomlangan mobil ilovadan foydalanishgan bo`lib, bu ilovada odamlar o`zlaridagi koronavirus alomatlarini yozib borishlari mumkin. Ushbu ilova orqali 336 ming kishidan koronavirus simptomlari haqida ma`lumot olingan. Ajablanarlisi shundaki, ularning ko`pchiligida teri toshmalari kuzatilgan.
Unga ko`ra, koronavirusni yuqtirib olganlarning 8.8 foizining terisida kasallik alomati sifatida toshmalar ham paydo bo`lgan. Bu esa toshmalar COVID-19 bilan bog`liq bo`lishi mumkinligini ko`rsatmoqda.
“Ko`plab virusli infeksiyalar odam terisiga ta`sir qilishi mumkin. Shuning uchun koronavirusga chalingan bemorlarning terisida toshmalar paydo bo`lishi g`ayrioddiy hodisa emas. Lekin, odamlar shuni bilishlari muhimki, ba`zi hollarda teridagi toshmalar koronavirusning birinchi yoki yagona alomati bo`lishi mumkin. Shuning uchun siz teringizda yangi toshma paydo bo`lganini ko`rsangiz, buni jiddiy qabul qilishingiz va o`zingizni izolyasiyaga olib, imkon boricha tezroq koronavirusga test topshiringiz kerak” deydi ushbu tadqiqot muallifi dermatolog Veronika Batayle.
Koronavirus bilan bog`liq toshmalar uch turga bo`linadi. Birinchi turga kiruvchi toshmalar asalari uyasi shaklida bo`lib, u kutilmaganda teri ustida shish paydo qiladi. Bunday toshmalar tezlik bilan bir necha soat ichida yo`qolib ketadi va ular qitishqoq bo`ladi. Ular ko`p hollarda birinchi bo`lib qo`l panjasi va oyoqning tag qismida yuzaga keladi hamda lablar va qovoqlarning shishishiga sabab bo`ladi.
Ikkinchi guruhdagi toshmalar suvchechakka o`xshab kichik, qizil va qichishqoq bo`ladi. Bunday toshmalar tananing barcha qismida hosil bo`lishi mumkin bo`lsada, asosan tirsaklar, tizzalar va qo`l-oyoq panjalarining orqa tomonida hosil bo`ladi. Bu toshmalar bir necha kun yoki haftalab davom etishi mumkin.
Tadqiqotdagi uchinchi turga kiritilgan toshmalar “COVID barmoqlari” deb ataladi. Ular qo`l va oyoq barmoqlarida yuzaga kelib, qizil yoki siyohrang bo`ladi. Odatda, ular qichishqoq emas. Tadqiqotchilarning ta`kidlashlaricha, ushbu turdagi toshmalar koronavirusga chalingan yoshroq odamlardagina uchraydi va u kasallikning boshida emas, balki keyinroq hosil bo`ladi.
“Bu tadqiqotdan olingan ma`lumotlar shuni ko`rsatadiki, odamlar o`zlarining terilaridagi shish, toshma kabi har qanday o`zgarishlarga jiddiy e`tibor berishlari kerak. Aholining koronavirus bilan bog`liq bo`lgan toshmalar haqida ertaroq ma`lum qilishi ushbu infeksiyaning aniqlanishi va uning tarqalishini to`xtatishga yordam berishi mumkin” deydi Britaniya dermatologlari assosasiyasi prezidenti Tanya Bleyker.