Ijtimoiy tarmoqlarda “Koronavirus vabosining yo`qolishi menga bog`liq, Xitoydagi o`lim maskaniga borib kelishim kerak”, degan iddao bilan chiqqan fuqaroning videosi keng muhokamalarga sabab bo`ldi.
Samarqand shahar IIO FMB xodimlari mazkur video yuzasidan surishtiruv ishlarini olib bordi. Aniqlanishicha, videodagi fuqaro 1962 yilda Samarqand tumanida tug`ilgan X.U. bo`lib, u 1980-1982 yillarda Afg`onistonda fuqarolik urushida harbiy xizmatni o`tagan, harbiy xizmat davomida bosh qismidan jarohat olib, bosh miya kontuziyasi kasalligi bilan davolangan.
Hozirda X.U.ning psixologik holatini tekshirish uchun Samarqand viloyat Ruhiy kasalliklar dispanseri mutaxassisi ko`rigidan o`tkazish choralari ko`rilmoqda. Bu haqda Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati rahbari Jahongir Sagdullaev "Darakchi"ga xabar qildi.
Qayd etish joiz, ushbu holat yuzasidan Din ishlari bo`yicha qo`mita ham munosabat bildirdi:
"Ta`kidlash joizki, O`zbekiston aholisining 90 foizidan ortig`i Islom diniga e`tiqod qiladi. Shu nuqtai-nazardan o`zini "Payg`ambar" deb e`lon qilgan shaxsning da`vosi keng jamoatchilik orasida salbiy ruhdagi, keskin bahs va munozaralarga sabab bo`ldi, o`z navbatida, musulmonlarga nisbatan noo`rin gap-so`zlar paydo bo`lishiga ham zamin yaratdi.
Din ishlari bo`yicha qo`mita bugungi murakkab davrda odamlarni diniy e`tiqodlariga taalluqli bo`lgan bu kabi nojoiz holatni qoralaydi hamda ijtimoiy tarmoqlarda mazkur masala yuzasidan fikr-mulohaza bildirish asnosida ehtiroslarga berilmasdan, donishmandlarcha vazmin va og`ir-bosiq bo`lib, bu kabi soxta Payg`ambarlar har zamonda uchrab turishi nuqtai-nazaridan unga ortiqcha e`tibor bermaslikni so`raydi".






