Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi huzurida tashkil etilgan shtabda Adliya vazirligi matbuot xizmati rahbari Sevara O`rinbaeva ishtirokida koronavirus bilan bog`liq huquqiy masalalarga bag`ishlangan brifing bo`lib o`tdi. Unda karantin rejimi vaqtida fuqarolar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan Adliya vazirligi faoliyatiga oid ko`tarilgan savol va murojaatlarga javob berildi.
1-SAVOL. Yoshim 53 da kollejni yotoqxonasida navbatchi vazifasida ishlayman. Karantin boshlangandan buyon ish haqimdan ushlab qolishadi. So`rasam ishga kelmaganim uchun ekan. Shu to`g`rimi?
Shuningdek, ish beruvchi kollej yopilishi munosabati bilan o`zingizga boshqa ish toping degan ogohlantirish xati berdi. Vaholanki, kollejni nomi o`zgardi xolos. Shu yoshimda nafaqaga bir yil kolgan. Qaerdan ish topaman shunga izoh bersangiz.
JAVOB: amaldagi mehnat qonunchiligiga ko`ra, xodimning aybisiz bekor turib qolgan vaqtda uning o`rtacha oylik ish haqi saqlanadi. Shuningdek, umumiy qoidaga ko`ra, xodimning yozma roziligi bilan, bunday rozilik bo`lmagan taqdirda esa, — sudning qaroriga asosan mehnat haqidan ushlab qolinishi mumkin. Tashkilot qayta tashkil etilganda xodimning roziligi bilan mehnat munosabatlari davom ettirilishi mumkin.
Ish topish maqsadida hududiy bandlik organlariga murojaat qilinishi lozim. Bunda ular tomonidan vakant lavozimlar taklif etiladi.
2-SAVOL.Assalomu alaykum! Pandemiya davrida ishdan bo`shatish qanchalik to`g`ri?
JAVOB: amaldagi qonunchilikka ko`ra, koronavirus infeksiyasi bilan zararlangan yoki karantinga joylashtirilgan, shuningdek, 14 yoshga to`lmagan bolaning ota-onasi (uning o`rnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar) bo`lgan xodimlar bilan mehnat shartnomalarini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish taqiqlanadi.
Shuningdek, yuqoridagi holatlardan tashqari, O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida belgilangan ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilinishi holatlari mavjud bo`lganda, pandemiya davrida ham ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli.
3-SAVOL: Ko`chada niqobni tushurib yurganligi uchun nechi so`m jarimaga tortilishi kerak? Va qancha muddat beriladi jarimani to`lash uchun?
JAVOB:Amaldagi qonunchilikka ko`ra karantinli va inson uchun xavfli bo`lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo`lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo`lish bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha (1 115 000 so`m) miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
Shuningdek, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga ko`ra jarima huquqbuzar tomonidan unga jarima solish to`g`risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab o`ttiz kundan kechiktirmay, bunday qaror xususida shikoyat berilgan yoki protest bildirilgan taqdirda — shikoyat yoki protest qanoatlantirilmaganligi to`g`risida xabar berilgan kundan boshlab o`n besh kundan kechiktirmay to`lanishi lozim.
O`n olti yoshdan o`n sakkiz yoshgacha bo`lgan shaxslarning mustaqil ish haqi bo`lmagan taqdirda, jarima ularning ota-onalari yoki ular o`rnini bosuvchi shaxslardan undirib olinadi.
Ma`muriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun solingan jarima huquqbuzar tomonidan tegishli bank muassasasiga to`lanadi, huquqbuzarlik sodir etilgan joyning o`zida undirib olinadigan jarima bundan mustasno.
4-SAVOL: Mening avtomobilimda maxsus ruxsatnoma (stiker) bor, ayolim sog`liqni saqlash tizimida hamshira, kechki payt shanba va yakshanba kunlari, ayolimni ishdan qaytayotganimda o`zim bilan olib kelishim mumkinmi? Misol uchun, maxsus komissiya qarori bilan shanba va yakshanba kunlari faqatgina stikeri bor moshinalar harakatlanishi mumkinligi belgilab qo`yilgan, medisina xodimlariga esa ishlash belgilandi, men ayolim bilan moshinamda ushlashsa muammo bo`lmaydimi?
JAVOB: respublika maxsus komissiya qaroriga ko`ra, avtotransport vositalari harakatlanishi uchun Adliya vazirligi Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ilgari berilgan maxsus ruxsatnoma (stiker)lar karantin cheklovlari amal qilish davrida qo`llaniladi.
Shuningdek, shanba va yakshanba kunlari (18-19 iyul va 25-26 iyul) respublika miqyosida avtotransport vositalari, shu jumladan, yo`nalishsiz taksilarning harakati to`liq to`xtatilishi belgilangan.
Respublika maxsus komissiyasi qaroriga binoan, shanba va yakshanba kunlari quyidagi 2 toifa avtomashinalarga harakatlanish uchun ruxsat beriladi:
▫️maxsus ruxsatnoma (stiker)lari bor mashinalar;
▫️maxsus ruxsatnoma (stiker)siz yurish huquqiga ega bo`lgan avtomashnalar.
Shuni alohida ta`kidlash lozimki, maxsus ruxsatnoma (stiker) olgan transport vositasi egasi stiker yo`nalishi va maqsadi bo`yicha foydalanilishi lozim. Agar belgilangan maqsad va yo`nalishda stikerdan foydalanilmaganda, uning bekor bo`lishiga olib keladi.
5-SAVOL: Men chet elda istiqomat qilaman. Hozirgi pandemiya sabab O`zbekistonga borib, voyaga etgan farzandimni nikohdan o`tkazish uchun olib borolmayapman. Sababi yoshlarni biri O`zbekistonda istiqomat qiladi. Shu sabab O`zbekistonda tashkil etilgan onlayn nikoh tizimi orqali rasmiylashtirishim mumkinmi?
JAVOB:Davlat xizmatlari agentligi tomonidan davlat xizmatlaridan masofadan turib foydalanish imkoniyati yaratilmoqda. Jumladan, nikohni qayd etish uchun FHDYoga elektron arizani my.gov.uz portali orqali yuborish imkoni yaratilgan.
Buning uchun ikkala tomon (kelin va kuyov) ham elektron raqamli imzo olishi shart. Ariza to`ldirilganidan so`ng ikkala tomon ham arizasini o`z elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlashi shart. So`ng ariza belgilangan FHDYo bo`limiga kelib tushadi. FHDYo bo`limi arizani 1 ish kunida qabul qilib oladi.
Hozirda mamlakatimizda karantin choralari qo`llanilayotgani bois, faqatgina arizalar qabul qilinmoqda. Karantin tadbirlari nihoyasiga etganidan so`ng, nikohlanuvchilar FHDYo bo`limiga chaqirtiriladi va ularga tibbiy ko`rikdan o`tish uchun yo`llanma topshiriladi.
Ya`ni joriy etilgan ushbu xizmat faqatgina elektron ariza topshirish imkonini beradi va endilikda nikohni FHDYo bo`limiga bormasdan turib ham rasmiylashtirish mumkin degani emas.
Oila kodeksining 13-moddasida nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuzilishi, shuningdek nikoh tuzish nikohlanuvchilarning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganlaridan keyin, shaxsan ularning ishtirokida amalga oshirilishi belgilab qo`yilgan.
6-SAVOL: Karantin vaqtida koronavirusga chalinganlar uchun ayrim dorilardan foydalanish bo`yicha tavsiyalar berishmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda esa ushbu dorilarning qalbakilari ham chiqayotganligi haqida xabarlar tarqalmoqda. Sifatsiz va qalbaki dori vositalarini sotganlik uchun javobgarlik belgilanganmi?
JAVOB: amaldagi qonunchilikka ko`ra, sifatsiz, qalbakilashtirilgan, O`zbekistonda ro`yxatdan o`tkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek O`zbekistonda ro`yxatdan o`tkazilgan dori vositalarining g`ayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizasiya qilish hamda ulardan foydalanish taqiqlanadi.
Dorixonalar dori vositalarining qo`llanilishi chog`ida nojo`ya reaksiyalar aniqlangan barcha holatlar to`g`risida Sog`liqni saqlash vazirligini belgilangan tartibda yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o`tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o`tkazish, shuningdek dori vositalarini dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizasiya qilish uchun ma`muriy va jinoiy javobgarlik ko`zda tutilgan.
Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga ko`ra sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o`tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o`tkazish, shuningdek dori vositalarini dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizasiya qilganlik uchun ma`muriy javobgarlik belgilangan. Bunda mazkur huquqbuzarliklarni sodir etish qurollari va ashyolarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksiga ko`ra, ushbu jinoyat uchun jinoyatning og`irlik darajasiga qarab 22 mln 300 ming so`m jarimadan boshlab 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha bo`lgan jazo belgilanishi mumkin.
7-SAVOL: Karantin paytida iyul oyiga belgilangan oilaviy masalalardagi sudlar o`tkazilishiga qanday ta`sir qiladi? Ular aytilgan vaqtida o`tkaziladimi?
Javob:O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining 2020 yil 20 martdagi “O`zbekiston Respublikasi sudlarida COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish to`g`risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimiz sudlarida fuqarolarning shaxsiy qabuli, sud jarayonlari va sayyor sud majlislari vaqtincha to`xtatilgan edi.
Sudlar tomonidan faqat epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish, mayda bezorilik, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik, ichki ishlar organlari xodimlarining o`z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko`rsatish va boshqa ma`muriy huquqbuzarliklarga doir; qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo`llash; qamoqda saqlash muddatini uzaytirish, o`zgartirish yoki bekor qilish; shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish; ma`muriy qamoqqa olish; shaxsni g`ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya stasionariga yotqizish (stasionarda yotish muddatini uzaytirish); shaxsni sil kasalligiga qarshi kurashish muassasasiga g`ayriixtiyoriy tartibda yotqizish (muassasada yotish muddatini uzaytirish); fuqaroni muomala layoqatini cheklash yoki muomalaga layoqatsiz deb topish to`g`risida va boshqa kechiktirib bo`lmaydigan toifadagi ishlar ko`rilishi belgilangan. Sudlar sud buyrug`i tartibidagi ishlarni (aliment undirish va boshqalar) ham ko`rishi mumkin.
Barcha sudlarda:
- sudya va mutaxassislar tomonidan ijtimoiy masofani (2 metrni) saqlagan, tibbiy niqob va antiseptik vositalaridan foydalangan holda faoliyat yuritishini ta`minlash;
- barcha turdagi ommaviy tadbirlar (ma`rifat soatlari, seminarlar, konferensiyalar, davra suhbatlari, o`quv mashg`ulotlari va boshqa ommaviy tadbirlar) ni o`tkazmaslik (sudlar faoliyati bilan bog`liq videokonferensaloqa rejimida o`tkaziladigan yig`ilishlar bundan mustasno);
- sud binolariga kirish-chiqish joylarini pirometr va antiseptik vositalar bilan ta`minlash, sud muhokamasiga kelgan har bir fuqaroning tana haroratini o`lchab, niqobsiz va tana harorati 37 °C va undan yuqori bo`lgan holatda, sud binosiga kiritmaslik kabi majburiy talablarga qat`iy rioya etish belgilangan.
Bundan tashqari, ko`rib chiqilish uchun tayinlangan ishlar qoldirilganligi sababli, ularni ko`rilishga qayta tayinlangan vaqti bo`yicha sud majlisi ishtirokchilariga alohida xabar qilinadi.
Shuningdek, qarorda barcha sudlar ishlarni texnik imkoniyat mavjud bo`lganda videokonferensaloqa rejimida ko`rilishini tashkil etishi, sud majlisi ishtirokchilari bo`lmagan shaxslarning sud binolariga kirishi qat`iyan man etilishi ko`zda tutilgan.
Fuqarolar "E-XSUD" tizimi orqali murojaat qilishlari mumkin. Mazkur tizim respublika sudlariga murojaatlarni "E-XSUD" axborot tizimi orqali taqdim etish, mazkur murojaatlar yuzasidan olib borilgan prosessual harakatlar va ularning natijalari yuzasidan xabardor qilish imkonini beradi.
8-SAVOL: Respublika maxsus komissiyasining tuzilishi va uning cheklovchi choralarini kiritish bo`yicha qarorlar qabul qilishga vakolatliligi haqida ma`lumot bersangiz.
JAVOB:Koronavirusga qarshi olib borilayotgan kurash mustahkam huquqiy asosga ega, Konstitusiyamizga, qonunchiligimizga va O`zbekistonning xalqaro majburiyatlariga to`la mos keladi, inson huquqlarini buzmaydi.
Maxsus komissiya bo`yicha quyidagilarni qayd etish lozim.
Birinchidan, “Vazirlar Mahkamasi to`g`risida”gi Qonunning 3-moddasiga ko`ra, Hukumat ijro etuvchi hokimiyatning oliy organi bo`lib, iqtisodiyot, ijtimoiy va ma`naviy sohalarning samarali faoliyat ko`rsatishiga rahbarlik qilishni, O`zbekiston Respublikasi qonunlari, Parlament qarorlari, Prezident hujjatlari ijrosini ta`minlaydi.
Ikkinchidan, ushbu qonunning 11-moddasiga ko`ra, Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy sohadagi vakolatlari sirasiga, jumladan, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta`minlash bo`yicha choralarni amalga oshirish kiradi.
Uchinchidan, 25-moddaga binoan, davlat va xo`jalik boshqaruvining ayrim masalalari bo`yicha takliflar tayyorlash, Hukumat qarorlari loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek uning ayrim topshiriqlarini bajarish uchun muvaqqatkomissiyalari tashkil etilishi mumkin.
To`rtinchidan, Hukumat Reglamentiga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi vakolatlarining amalga oshirilishi komissiyalar, kengashlar va boshqa idoralararo kollegial organlar faoliyati bilan ham ta`minlanadi.
Beshinchidan, Vazirlar Mahkamasida uning vakolatlariga kiradigan masalalarni ko`rib chiqish Hukumat tashkil etadigan komissiyalarning hamda boshqa idoralararo kollegial organlarning majlislarida manfaatdor davlat organlari va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirokida amalga oshiriladi.
Oltinchidan, “Aholining sanitar-epidemiologik osoyishtaligi to`g`risida”gi qonunning 31-moddasiga muvofiq, yuqumli va parazitar kasalliklarning paydo bo`lish yoki tarqalish xavfi yuzaga kelgan taqdirda Vazirlar Mahkamasi yoki viloyat hokimliklari ham o`rnatilagag tartibda tegishli hududlarda yoki ob`ektlarda belgilangan tartibda cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etishi mumkin.
Shu tariqa, bir vaqtning o`zida Fuqaro muhofazasi boshlig`i bo`lgan O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri boshchiligidagi Maxsus komissiya Vazirlar Mahkamasi vakolatlarini amalga oshirishni ta`minlashning usullaridan biridir.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus farmoyishiga muvofiq, koronavirus bo`yicha epidemiologik vaziyatning yomonlashishi ehtimoli belgilarini o`z vaqtida aniqlash va kasallanish xavfini kamaytirish hamda bemorlarga malakali tibbiy yordam ko`rsatishga qaratilgan profilaktik va epidemiologiyaga qarshi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish Maxsus komissiyaning asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan.
Hukumatning 2020 yil 23 martdagi 176-son qarori bilan Komissiya tomonidan o`z vakolati doirasida qabul qilinayotgan qarorlarning majburiy ijro qilinishi ko`rsatib o`tilgan.
“Vazirlar Mahkamasi to`g`risida”gi Qonunning 35-moddasiga ko`ra esa, Hukumatning qabul qilgan qarorlari va farmoyishlari O`zbekiston Respublikasining butun hududida barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar hamda fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.
Shu munosabat bilan, ishonch bilan aytish mumkinki, Maxsus komissiyaning tuzilishi va uning vakolatliligi borasida ikkilanishga o`rin yo`q, bu boradagi barcha shubha-gumonlar biror bir yuridik asosga ega emas.
Qolaversa, mamlakatimizda shakllangan huquq ijodkorligi amaliyoti shu kabi boshqa komissiyalarni tuzishning zarurati va samaradorligini ko`rsatib bergan. Misol uchun, uzoq 2000 yildayoq Vazirlar Mahkamasining 142-son qarori bilan odamlar o`rtasida yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida korxonalar, tashkilotlar, muassasalarda, alohida aholi punktlari va hududlarda karantin-cheklash chora-tadbirlari hamda karantin joriy etish to`g`risida qaror qabul qilish vakolati berilgan Respublika epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasi tuzilgan edi.
Mavjud ijobiy tajribani inobatga olgan holda hamda joriy epidemiologik xavfning ko`lamini inobatga olib, hozirgi sharoitda Respublika maxsus komissiyasi tashkil etildi va u epidemiologik vaziyatning tezlik bilan o`zgarishiga zudlik bilan munosabat bildirib, mazkur o`zgarishlarning bartaraf qilish bo`yicha tezkor qarorlar qabul qilib kelmoqda.
9-SAVOL: Men o`rtoqlarim va tanishlarim bilan birgalikda qurilish va ustachilik qilib pul topib ro`zg`or tebratamiz. Lekin karantin bo`lganligi sababli bunday ishlar topa olmay qoldik. Karantin boshlanganidan so`ng ishsizlik nafaqasini olish uchun bandlik organiga murojaat qildim. Ishsizlik nafaqasi tayinlandi va 2 oy to`landi. Shundan so`ng qurilish tashkilotiga ishga kirdim. Keyin nafaqa to`lashmadi. Sizlardan so`ramoqchi bo`lganim, ishsizlik nafaqasi qancha muddat beriladi?
JAVOB: amaldagi qonunchilikka ko`ra, ishsizlik nafaqasi ko`pi bilan:
ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo`lgan yoki uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxsga o`n ikki oylik davr mobaynida yigirma olti kalendar hafta;
ilgari ishlamagan va birinchi marta ish qidirayotgan shaxsga esa o`n uch kalendar hafta mobaynida to`lanadi.
Shuningdek, ishsiz shaxs ishga joylashganda hollarda ishsizlik nafaqasini to`lash bekor qilinadi.
10-SAVOL: Karantin davrining boshida menga zavoddan respublika bo`ylab harakatlanish uchun Spark rusumli transport vositalari uchun veterinariya dori vositalarini ishlab chiqarish uchun stiker berildi. 14-iyun kuni men ushbu mashinani sotib, Kobalt rusumli transport vositalarini sotib olish bo`yicha shartnoma imzoladim, ammo Spark raqamini saqlab qololmadim. Men u erda 2013 yildan beri ishlayman. Iltimos, eski stiker yordamida harakat qila olamanmi? Agar yo`q bo`lsa, yangisini qayerdan olsam bo`ladi?
JAVOB: Maxsus komissiya bayoniga ko`ra, joriy yilning 9 aprelidan boshlab Davlat xizmatlari markazlari orqali harakatlanish uchun ruxsatnomalar berilishi to`xtatilgan. Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 9 iyuldagi Axborotiga ko`ra, avtotransport vositalari harakatlanishi uchun Adliya vazirligi Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ilgari berilgan maxsus ruxsatnoma (stiker)lar karantin cheklovlari amal qilish davrida qo`llanilishi belgilandi.
Shuningdek, joriy yilning 11 iyuldagi Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko`ra maxsus ruxsatnoma (stiker)lar asosida harakatlanadigan avtotransport vositalariga hamda Respublika maxsus komissiyasining joriy yil 8 iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan Avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlarga nisbatan harakatlanishga cheklovlar tatbiq etilmasligi belgilangan.
Bundan tashqari, maxsus ruxsatnomalar faqat belgilangan transport vositalarining harakatlanishiga nisbatan foydalanilishi mumkin.






