Toshkentning Olmazor tumani «Mirzo G`olib» mahallasida joylashgan 18-oilaviy poliklinika katta hamshirasi Feruza Asqarovna To`xtaeva koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etdi. Bu haqda 19 iyul kuni Olmazor tumani hokimligi ma`lum qildi.
«COVID-19 kasalligi mehribon ona, fidoyi, jonkuyar, xalqparvar, bemorlar dardiga davo bo`lib kelgan shirinsuxan hamshira Feruza Asqarovnani oramizdan bevaqt olib ketdi. Bemorlarga yordam ko`rsatib charchamagan, ayniqsa hozirgi vaqtda fidoyilik ko`rsatgan Feruza opa so`nggi vaqtgacha o`z kasbiga sadoqat bilan yondashdi», — deyiladi tuman hokimligi ta`ziyanomasida.
Olmazor tumani hokimligi marhumaning oila a`zolariga chuqur ta`ziya va hamdardlik bildirgan. Ma`lumotlarga ko`ra, Feruza To`xtaeva 1960 yilda tug`ilgan edi. Olmazordagi hamshiraning vafoti yuzasidan hozircha Sog`liqni saqlash vazirligi axborot berganicha yo`q.
Shunday qilib, bu O`zbekistonda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan ma`lum qilingan va koronavirus oqibatida yuz bergan 88-o`lim holatidir.
Daryo nashri malum qilishicha Sog`liqni saqlash vazirligi hozirgacha ushbu holatlarining faqat 85 tasini tasdiqlagan.
Davlat xizmatlari agentligi 15 iyul kuni Navoiy viloyatidagi xodimi Adhamjon Dehqonov,
Madaniyat vazirligi esa 18 iyul kuni 32 yoshli xodimi —Akmal Irisov koronavirusdan vafot etganini e`lon qilgan, biroq hozircha ushbu holatlar SSV tomonidan tasdiqlangani yo`q.
Ayni vaqtda, bu O`zbekistonda tibbiyot xodimlarining koronavirusdan vafot etishi bilan bog`liq jamoatchilikka ma`lum qilingan ikkinchi holatdir. Avvalroq Yakkasaroy tumani tibbiyot birlashmasining O`rtasaroydagi karantin markazidagi xizmat ko`rsatishga safarbar etilgan shifokori Alisher Uralov koronavirusga chalinib, 26 iyun kuni vafot etgandi,uning vafoti 28 iyun kuni e`lon qilingan edi.
Shifokor Uralovning vafotidan so`ng uning qizi Shahnoza Hasanova OAV orqali chiqish qilgan. Shundan keyin 1 iyul kuni O`zbekiston sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov shifokorning oilasidan xabar olgani borgan va shu kuniyoq oilaga Prezident qarorida belgilangan 250 million so`mlik kompensasiya puli o`tkazib berilgan.
Ma`lumot uchun, O`zbekistonda koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan ob`ektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlariga har 14 kunlik faoliyat davri uchun maxsus qo`shimcha to`lov to`lanadi.
Shuningdek, bemorlar bilan ishlash davomida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga 100 million so`mdan to`lanadi.
Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasini yuqtirish natijasida og`ir ahvolga tushgan va sog`lig`i tiklanmagan taqdirda tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga yoki ularning oila a`zolariga esa 250 mln so`m bir martalik to`lovlar to`lanadi.






