O`zbekistonda bugun bir kunda koronavirus yuqtirish bilan bog`liq 566 ta holat qayd etildi. Ketma-ket uchinchi kun koronavirusga chalinganlar soni 500 nafardan oshmoqda. Hozirgacha eng ko`p kasallanish holati 13 iyul kuni qayd etilgan bo`lib, 594 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan edi.

Yangi kasallanish holatlari
Yangi kasallanganlarning
- 110 nafari xorijdan kelib karantinga olinganlar orasida;
- 456 nafari tana harorati ko`tarilganligi tufayli profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo`lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida (Toshkent shahrida — 267 nafar, Andijon viloyatida — 65 nafar, Sirdaryo viloyatida — 41 nafar, Toshkent viloyatida — 31 nafar, Namangan viloyatida — 22 nafar, Buxoro viloyatida — 17 nafar, Samarqand viloyatida — 9 nafar, Surxondaryo viloyatida — 3 nafar, Jizzax viloyatida — 1 nafar) aniqlangan.
Kun davomida 9 ta hududda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Bir kun oldin 11 ta hududda kasallik qayd etilgandi.
O`lim holatlari va ahvoli og`ir bemorlar
Sog`liqni saqlash vazirligi Toshkent shahrida 3 nafar, Toshkent viloyatida 1 nafardan, jami 4 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etganini xabar qildi. Shuningdek, Toshkent shahri Olmazor tumani hokimligi 60 yoshli hamshiraning koronavirus asoratlaridan vafot etganini ma`lum qildi.
Birinchi o`lim. Toshkent viloyati Qibray tumanida yashovchi 67 yoshli U.A. ismli ayolda 10 iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Toshkent shahridagi 1-sonli klinik shifoxonaga olib kelinib, reanimasiya bo`limiga yotqizilgan. Sog`liqni saqlash vazirligidan xabar berishlaricha, 16 iyul kuni esa o`tkir nafas etishmovchiligi kuzatilgani sababli sun`iy o`pka ventilyasiyasi apparatiga olingan. Unga COVID-19 infeksiyasi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo`yilgan.
Xastalik o`tkir nafas va yurak qon-tomir etishmovchiligi, diabetik ensefalopatiya, diabetik nefropatiya asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, gipertoniya kabi homroh kasalliklar bilan ham og`rigan. O`tkazilgan reanimasion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og`irlashib, o`tkir yurak qon-tomir va nafas etishmovchiligidan vafot etgan.
Ikkinchi o`lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 47 yoshli M.K. ismli ayolda 5 iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va u Toshkent tibbiyot akademiyasi ko`p tarmoqli klinikasi reanimasiya bo`limiga yotqizilgan.
Unga COVID-19 infeksiyasi, yurak ishemik kasalligi tashxisi qo`yilgan. Xastalik o`tkir respirator distress sindrom, nafas va o`tkir yurak qon-tomir etishmovchiligi, poliorgan etishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemorda gipertoniya hamroh kasalligi bo`lgan.
Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o`tkazilgan reanimasion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og`irlashib, o`tkir nafas va yurak qon-tomir etishmovchiligidan vafot etgan.
Uchinchi o`lim. Toshkent shahrining Olmazor tumani «Mirzo G`olib» mahallasida joylashgan 18-oilaviy poliklinika katta hamshirasi Feruza Asqarovna To`xtaeva koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etdi. Bu haqda 19 iyul kuni Olmazor tumani hokimligi ma`lum qildi.
«COVID-19 kasalligi mehribon ona, fidoyi, jonkuyar, xalqparvar, bemorlar dardiga davo bo`lib kelgan shirinsuxan hamshira Feruza Asqarovnani oramizdan bevaqt olib ketdi. Bemorlarga yordam ko`rsatib charchamagan, ayniqsa hozirgi vaqtda fidoyilik ko`rsatgan Feruza opa so`nggi vaqtgacha o`z kasbiga sadoqat bilan yondashdi», — deyiladi tuman hokimligi ta`ziyanomasida.
Olmazor tumani hokimligi marhumaning oila a`zolariga chuqur ta`ziya va hamdardlik bildirgan. Feruza To`xtaeva 60 yoshda bo`lgan. Olmazordagi hamshiraning vafoti yuzasidan hozircha Sog`liqni saqlash vazirligi axborot berganicha yo`q.
To`rtinchi o`lim. Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 65 yoshli K.G. ismli erkakda 11 iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Toshkent tibbiyot akademiyasining ko`p tarmoqli klinikasiga yotqizilgan. Bemor doimiy ravishda yurak ishemik kasalligi, gipertoniya kasalligi, qandli diabet, surunkali o`pka obstruktiv kasalligi bilan davolanib yurgan.
Hamroh kasalliklar fonida kasallik asoratlari hisobiga ahvoli keskin og`irlashgan bemor, mutaxassislar tomonidan to`liq hajmda, standart asosida o`tkazilgan reanimasion choralarga qaramasdan, o`tkir nafas va yurak qon-tomir etishmovchiligidan vafot etgan.
Beshinchi o`lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 39 yoshli M.R ismli erkakda 6 iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va u Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o`ta og`ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo`yilgan.
Xastalik o`tkir miokard infarkti, o`tkir nafas va yurak qon-tomir etishmovchiligi, poliorgan etishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o`tkazilgan reanimasion muolajalarga qaramasdan, o`tkir nafas va yurak qon-tomir etishmovchiligidan vafot etgan.
Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 7386 nafar bemordan 81 nafari og`ir, 23 nafari esa o`ta og`ir ahvolda.
Kasallik qayd etilgan jami 16752 nafar bemordan 9279 nafari sog`ayib, davolanish ko`rsatkichi 55 foizni tashkil etmoqda.






