Rossiyada koronavirusga qarshi vaksinani ko`ngillilarda sinab ko`rish jarayoni yakunlandi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligining 48-Markaziy ilmiy-tadqiqot instituti rahbari, Rossiya Fanlar akademiyasi muxbir a`zosi, biologiya fanlari doktori, tibbiy xizmat polkovnigi Sergey Borisevich «Krasnaya zvezda» gazetasiga bergan intervyusida ma`lum qilgan.
Uning so`zlariga ko`ra, bugun, 20 iyul kuni 20 kishidan iborat ikkinchi, so`nggi ko`ngillilar guruhi Burdenko kasalxonasidan chiqariladi.
Borisevichning ta`kidlashicha, olimlar oldida hali juda katta tahliliy ishlar turibdi. Xususan, olimlar yakuniy hisobotni tayyorlash, natijalarni taqdim etish, shuningdek, vaksinani davlat ro`yxatidan o`tkazishga hozirlik ko`rish bilan shug`ullanadilar.
Professorning aytishicha, sinovdan o`tgan fuqarolarda koronavirusga qarshi antitanachalar paydo bo`lgan, vaksina xavfsiz va odamda yaxshi qabul qilingan.
Ma`lumot uchun: koronavirusga qarshi vaksina joriy yil avgust oyi o`rtalarida sotuvga chiqishi mumkin.






