Majburiy ijro byurosining Uchtepa tuman bo`limi ish yurituvida Fuqarolik ishlari bo`ycha Uchtepa tumanlararo sudining 2006 yil 25 dekabrdagi, qarzdor N.S.dan undiruvchi X.S. foydasiga uch nafar voyaga etmagan farzandlari ta`minoti uchun 1/2 qism miqdorida aliment undirish to`g`risidagi ijro hujjati bo`lim ijro ish yurituviga 2020 yil 27 aprel kuni kelib tushgan va O`zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to`g`risida”gi Qonunning 23-moddasiga muvofiq shu kuni ijro ish yuritishni ko`zg`atish xaqida qaror qabul qilingan. Bu haqda MIB yozmoqda.
Alimentchi ota N.S. 2017 yil aprel oyidan 2020 yilning aprel oyiga qadar bo`lgan davrda ya`ni 36 oy davomida voyaga etmagan 3 nafar farzandlari uchun aliment pullarini to`lamasdan kelgan. Sobiq turmush o`rtog`ining bu e`tiborsizligidan norozi bo`lgan undiruvchi X.S. Byuroning Uchtepa tuman bo`limiga murojaat qilgan.
Karantin sharoitida ham, 3 nafar voyaga etmagan farzandlar taqdiriga e`tiborsiz bo`lmagan MIBning Uchtepa tuman bo`limi davlat ijrochilari darhol qarzdor otaga nisbatan majburiy ijro harakatlarini amalga oshirdi. Shuningdek, alimentchi otaga nisbatan olib borilgan to`g`ri tushuntiruv va targ`ibot suhbatlari yordam berdi.
Natijada 2020 yil 18 may kuni qarzdor N.S.dan 40 mln. 400 ming so`m aliment pullari undiruvchi X.S.ga to`liq undirib berildi. Undiruvchi karantin vaziyatida 3 nafar farzandi uchun 3 yillik aliment pullari tezkorlik bilan undirib berilganidan mamnun bo`lib, MIB xodimlariga minnatdorchiligini bildirdi.






