Qoraqalpog`istonning Beruniy tumanida aholi ekinlarini sug`orish uchun suv kelmagani sababli Nukus-Toshkent magistral yo`lini yopib qo`ydi. Tuman hokimi va boshqa mutasaddilar voqea joyiga kelib, masala qisqa vaqtda ijobiy hal etildi.
Qoraqalpog`iston Respublikasi Beruniy tumani hokimligi tumanning Abay OFY hududidagi Qurolpa aholi manzilida katta yo`l bo`yida sodir bo`lgan tartibsizlik bo`yicha rasmiy ma`lumot berdi, deya xabar qildi «Qaraqalpaq 24» Telegram-kanali.
20 iyul kuni YouTube videoxostingida aholi magistral yo`lni to`sib qo`ygani aks etgan videoyozuv e`lon qilingan edi. Unda yuk tashuvchi va engil avtomobillardan iborat katta tirbandlik hosil bo`lganini ko`rish mumkin.
Tuman hokimligi axborot xizmatining qayd etilishicha, tomorqalarga suv etib bormayotganligi va 10 kun davomida Nayman kanaliga suv kelmagani aholi noroziligiga sabab bo`lgan. Tartibsizliklar joyiga Beruniy tumani hokimi va mutasaddi rahbarlar etib borishdi va qisqa vaqt ichida Nayman kanaliga suv etkazib berildi.
«Beruniy tumani qishloq ho`jaligi bo`yicha 13 ta hududga bo`lingan bo`lib, ularda navbatma-navbat sug`orish tizimi joriy qilingan. Hozirgi kunda haroratning yuqoriligi ekinlarning tez suvsizlanishini keltirib chiqarmoqda», — deyiladi xabarda.






